MB 2027-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7−7,5% ga o‘sishi, inflyatsiya
5% gacha pasayishini kutmoqda. Regulyator 4 ta muqobil ssenariyni ko‘rib
chiqdi: savdo hamkorlari valyutalari qadrsizlanishi, neft va oziq-ovqat
qimmatlashishi, kreditlash sur’atlari jadallashishi. Bu xatarlar
iqtisodiyotga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
O‘zbekiston Markaziy banki pul-kredit siyosatining 2027-yil
va 2028−2029-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasini tayyorladi.
Hujjat iqtisodiy rivojlanishning bazaviy prognozi, tashqi iqtisodiy
vaziyat, inflyatsiya dinamikasi, investitsiyalar, iste’mol, eksport, import
va kreditlash ko‘rsatkichlari bahosini, shuningdek, qo‘shimcha iqtisodiy
xatarlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlar uchun muqobil ssenariylarni o‘z
ichiga oladi.
2027−2029-yillarga mo‘ljallangan asosiy prognozlar
Markaziy bank kutilmalariga ko‘ra, 2026-yildagi yuqori o‘sish sur’atlaridan
so‘ng iqtisodiy faollik asta-sekin mamlakatning potensial imkoniyatlari
darajasiga yaqinlasha boshlaydi.
Bu ishlab chiqarish,
investitsiyalar va iste’mol hajmi oshishda davom etishini, biroq talabning
kengayish sur’atlari birmuncha muvozanatlashishi kerakligini anglatadi.
MBning asosiy makroiqtisodiy
prognozi:
|
Ko‘rsatkich |
2026-yil, kutilma |
2027-yil |
2028-yil |
2029-yil |
|
Yil oxiridagi inflyatsiya |
7% |
5% |
5% |
5% |
|
YaIMning real o‘sishi |
8% |
7−7,5% |
6,5−7,5% |
6,5−7,5% |
|
Investitsiyalar o‘sishi |
14−16% |
12−14% |
10−12% |
10−12% |
|
Uy xo‘jaliklari iste’molining o‘sishi |
7% |
6,5−7,5% |
6−7% |
6−7% |
|
Oltinni hisobga olmaganda eksport o‘sishi |
20−25% |
10−14% |
10−12% |
10−12% |
|
Import o‘sishi |
15−20% |
10−12% |
10−12% |
10−12% |
|
Pul o‘tkazmalari o‘sishi |
8−10% |
8−10% |
8−10% |
8−10% |
|
Kredit portfeli o‘sishi |
14−16% |
12−14% |
10−12% |
10−12% |
|
Umumiy fiskal balans, YaIMga nisbatan foizda |
−3% |
−3% |
−3% |
−3% |
Manba: Markaziy bank.
Markaziy bank 2027-yil uchun
iqtisodiy o‘sish prognozini avvalgi baholashlarga nisbatan yaxshiladi. Ikkinchi
chorakdagi pul-kredit siyosati sharhida o‘sish 6−7 foiz darajasida kutilgan
bo‘lsa, endilikda 7−7,5 foizni tashkil etmoqda.
Investitsion faollik bo‘yicha
prognozlar ham oshirildi: 2027-yil uchun 7−10 foizdan 12−14 foizgacha, 2028-yil
uchun esa 7−10 foizdan 10−12 foizgacha ko‘tarildi.
Shu bilan birga, regulyator kredit portfeli, pul o‘tkazmalaridan
olinadigan daromadlar va ichki talabning o‘sishi birmuncha
mo‘’tadillashishini kutmoqda.
Nima uchun 2026-yilda inflyatsiya kutilganidan yuqori bo‘ladi?
Eng sezilarli o‘zgarishlardan biri — 2026-yil oxiri uchun inflyatsiya
prognozining 6,5 foizdan 7 foizgacha oshirilishi bo‘ldi.
Sentabr oyida yillik inflyatsiya 6,4 foizni tashkil etdi. Mavsumiy hamda
narxlari tartibga solinadigan ayrim tovar va xizmatlarni istisno qiluvchi
bazaviy inflyatsiya mart oyidan buyon 5,5−5,7 foiz oralig‘ida saqlanib,
sentabrda 5,5 foiz darajasida kuzatildi.
MB umumiy inflyatsiyaning pasayishiga tovar va xizmatlarning keng
doirasida narxlar o‘sishining xuddi shunday barqaror sekinlashishi hamrohlik
qilmayotganiga e’tibor qaratmoqda.
Jumladan, tartibga solinadigan narxlar inflyatsiyasi yil boshidagi 17,7
foizdan sentabrda 12,5 foizgacha pasaydi. Sentabr oyida ishlab chiqaruvchilar
narxlari indeksi 7,6 foizni tashkil qildi.
Aholi daromadlari, pul o‘tkazmalari va iste’mol faolligi inflyatsiyaga
qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. Regulyator bahosiga ko‘ra, yanvar-sentabr
oylarida aholining real daromadlari 8,1 foizga, o‘rtacha real ish haqi esa 10,7
foizga oshdi. Shu bilan birga, sentabr oyida budjet tashkilotlari
xodimlarining maoshlari 7 foizga indeksatsiya qilindi.
Prognoz qayta ko‘rib
chiqilishining eng sezilarli bevosita omili tartibga solinadigan narxlar
bo‘ldi. Hujjatda qayd etilishicha, 2026-yil oxirigacha aholi uchun
suyultirilgan gaz, issiq suv ta’minoti va markazlashgan issiqlik ta’minoti
tariflarining rejalashtirilgan o‘sishi inflyatsiyaga taxminan 0,8 foiz
band miqdorida qo‘shimcha to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi.
Shunday qilib, Markaziy bank prognozning qayta ko‘rib chiqilishini nafaqat
erkin bozor narxlari dinamikasi, balki ma’muriy tartibga solinadigan tariflar
bilan ham bog‘laydi.
Shu bilan birga, tariflarning ta’siri faqat ular oshirilgan paytning
o‘zi bilan cheklanib qolmaydi. Energiya resurslari va kommunal
xizmatlarning qimmatlashishi korxonalarning ishlab chiqarish, tashish
va xizmat ko‘rsatish xarajatlarini oshirishi mumkin.
Shu sababli regulyator
ikkilamchi ta’sirlarni — ya’ni dastlabki narx oshishining boshqa
tovar va xizmatlarga ham tarqalishini jilovlash maqsadida qat’iy
pul-kredit siyosatini davom ettirish niyatida.
2027-yilda inflyatsiya nimaning hisobiga pasayishi kerak?
Markaziy bank 5 foizlik inflyatsiyaga erishishning bir nechta asosiy
shartlarini keltirib o‘tadi.
Birinchidan, 12 oy vaqt o‘tganidan keyin
2026-yildagi tariflar oshishining bir qismi yillik inflyatsiya ko‘rsatkichida
to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobga olinmay qoladi. Regulyator hisob-kitoblariga ko‘ra,
birgina tartibga solinadigan narxlar ta’sirining kamayishi yillik inflyatsiyaning 0,8−0,9
foiz bandga pasayishiga xizmat qilishi mumkin.
Ikkinchidan, kredit resurslarining yuqori qiymati
iste’mol va investitsiya talabining haddan tashqari kengayishini jilovlab
turishi kerak.
Uchinchidan, aholi va biznesning inflyatsion
kutilmalari bosqichma-bosqich pasayishi kutilmoqda.
Nihoyat, Markaziy bank tashqi narx
bosimining susayishi hamda mamlakat ichida tovar va xizmatlar taklifi
kengayishiga umid qilmoqda.
Mazkur shartlar bajarilgan
taqdirda, bazaviy inflyatsiya 2027-yilda 4−5 foizgacha pasayishi, umumiy
inflyatsiya esa yilning ikkinchi yarmida 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga
yetishi lozim.
Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirishga nega shoshilmayapti?
2026-yil davomida Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida
saqlab qoldi.
Nominal stavka o‘zgarmagan holda inflyatsiyaning pasayishi pul-kredit
siyosatining real qat’iyligi oshishiga olib keldi. Regulyator hisob-kitoblariga
ko‘ra, sentabrga kelib real asosiy stavka bilan uning baholangan neytral
darajasi o‘rtasidagi tafovut 3,1 foiz bandga yetdi.
Neytral daraja deganda iqtisodiy faollikni rag‘batlantirmaydigan
va uni jilovlamaydigan real foiz stavkasi tushuniladi. Hujjatda uning
o‘rtacha bahosi 4−5 foizni tashkil etadi.
Bazaviy ssenariyda Markaziy
bank 2026−2027-yillarda pul-kredit sharoitlari qat’iy saqlanib
qolishini taxmin qilmoqda. “Pul-kredit sharoitlarini yumshatishga doir
qarorlar inflyatsiya dinamikasi va makroiqtisodiy vaziyatga bog‘liq
bo‘ladi”, — deyiladi loyihada.
Agar inflyatsion bosim kutilganidan yuqori bo‘lib chiqsa, qat’iy sharoitlar
uzoqroq saqlanib qolishi mumkin.
Bu omonat va kreditlarda qanday aks etadi?
Yuqori foiz stavkalari milliy valyutada jamg‘arish uchun rag‘bat yaratadi,
ammo bir vaqtning o‘zida qarz mablag‘larining narxini oshiradi.
Markaziy bank ma’lumotlariga
ko‘ra, avgust oyida aholining so‘mdagi muddatli depozitlari bo‘yicha real foiz
stavkalari 7,9 foizni, yuridik shaxslarniki esa 5,3 foizni tashkil etgan.
Kreditlar bo‘yicha real stavkalar aholi uchun 10,4 foizga, yuridik shaxslar
uchun esa 11,6 foizga yetgan.
1-oktabr holatiga ko‘ra, milliy valyutadagi muddatli va jamg‘arma
depozitlar hajmi 207,4 trln so‘mni tashkil qildi. Shundan 147 trln so‘mi aholi
omonatlariga to‘g‘ri keldi. Yanvar-sentabr oylarida so‘mdagi muddatli va jamg‘arma
omonatlarning o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 49,5 foiz bo‘ldi.
Shu bilan birga, kreditlash sur’ati sekinlashmoqda. Sentabr
oyi oxirida milliy valyutadagi kredit qoldig‘ining yillik o‘sishi 17,1 foizni
tashkil etdi, bu esa yil boshidagiga nisbatan 5,2 foiz bandga kam.
Yanvar-sentabr oylarida aholiga ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning
mos davriga nisbatan 4,5 foizga qisqarib, 112,9 trln so‘mga yetdi.
Markaziy bank omonatlar
jozibadorligi va kreditlashning mo‘’tadillashuvi ichki talabning narxlarga
bosimini pasaytirishga yordam beradi, deb hisoblamoqda.
Daromadlar, uy-joy va pul o‘tkazmalarining o‘sishi talabni
qo‘llab-quvvatlaydi
Markaziy bank investitsiyalar bilan bir qatorda yuqori iste’mol faolligini
ham alohida qayd etmoqda.
Yanvar-sentabr oylarida aholining real daromadlari 8,1 foizga oshib, uy
xo‘jaliklari xarajatlariga turtki bo‘ldi. To‘qqiz oy davomida
O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 15,2 mlrd
dollarni tashkil etib, o‘tgan yilgiga nisbatan 8,9 foizga o‘sdi.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, pul o‘tkazmalari aholining xarid
qobiliyatini yuksaltirib, ichki bozorda xorijiy valyuta taklifini oshiradi.
Ko‘chmas mulk bozorida ham qo‘shimcha talab kuzatildi. To‘qqiz
oy ichida uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 17 foizga oshdi. Ikkilamchi
bozorda narxlar so‘mda hisoblaganda taxminan 7 foizga, dollarda esa 11,1 foizga
qimmatlashdi.
Markaziy bank prognoziga
ko‘ra, kelgusida iste’mol talabining o‘sishi birmuncha mo‘’tadillashadi.
Xususan, uy xo‘jaliklarining real iste’moli 2027-yilda 6,5−7,5 foizga,
2028−2029-yillarda esa 6−7 foizga oshadi.
Shu bilan birga, aholining real daromadlari yiliga o‘rtacha 7,5−8
foizga o‘sishi kutilmoqda. Regulyatorning taxminiga ko‘ra, qo‘shimcha
daromadlarning ma’lum bir qismi jamg‘arishga yo‘naltiriladi.
Markaziy bank, shuningdek, real ish haqining o‘sish sur’ati uzoq vaqt
davomida mehnat unumdorligidan ilgarilab ketishi korxonalar xarajatlarini
oshirishi va narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkinligidan
ogohlantiradi.
Budjet siyosatining rag‘batlantiruvchi ta’siri kamayishi kerak
Markaziy bank inflyatsiyaning pasayishini nafaqat foiz stavkalari, balki
budjet siyosati bilan ham bog‘lamoqda.
Loyihaga ko‘ra, 2027−2029-yillarda umumiy fiskal taqchillik YAIMning qariyb
3 foizi darajasida saqlanishi kerak.
Shu bilan birga,
konsolidatsiyalashgan budjet xarajatlarining YAIMdagi ulushi 2026-yildagi 29
foizdan 2028-yilda 26 foizgacha qisqarishi prognoz qilinmoqda. Bu esa
davlat xarajatlarining ichki talabni rag‘batlantirishdagi ta’sirini kamaytirishi
lozim.
2026-yilning yanvar-sentabr oylarida davlat budjeti daromadlari,
keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 37 foizga oshib, 337 trln so‘mni tashkil etdi.
Xarajatlar esa 19,7 foizga ko‘payib, 310 trln so‘mga yetdi.
Natijada davlat budjetining to‘qqiz oylik ijrosi 27 trln so‘mlik profitsit
bilan bajarildi.
Mazkur ko‘rsatkich davlat budjetiga taalluqli bo‘lib, davlat sektori
operatsiyalarining yanada kengroq qamrovini hisobga oluvchi umumiy fiskal
balans bilan teng emas.
Markaziy bank inflyatsiya uchun nafaqat budjet xarajatlarining miqdori,
balki ularning tarkibi ham muhim ahamiyatga ega ekaniga e’tibor qaratmoqda.
Infratuzilmaga yo‘naltirilgan kapital qo‘yilmalar qisqa muddatli istiqbolda
talabni oshiradi. Biroq loyihalar yakunlangach, yangi energetika
va transport quvvatlari taklif hajmini kengaytirish hamda korxonalar
xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
Markaziy bank jahon narxlari, oltin va tashqi savdodan nimalar
kutmoqda?
Bazaviy ssenariy geosiyosiy noaniqlik saqlanib qolishini nazarda tutadi,
ammo uzoq muddatli keng ko‘lamli tashqi shoklarni istisno qiladi.
Hujjatda keltirilgan xalqaro prognozlarga ko‘ra, global iqtisodiyot
2027-yilda 3,4 foizga, 2028-yilda 3,3 foizga, 2029-yilda esa 3,2 foizga o‘sadi.
O‘zbekiston uchun tashqi sharoitlar savdo hamkorlarining iqtisodiy
faolligi, energiya resurslari, oziq-ovqat, oltin hamda xalqaro moliyalashtirish
qiymatiga bog‘liq bo‘ladi.
Bazaviy ssenariyda neft bo‘yicha jahon narxlarining
bosqichma-bosqich pasayishi taxmin qilinmoqda. AQSh Energetika axboroti
boshqarmasining (EIA) keltirilgan prognoziga muvofiq, Brent markali neftning
o‘rtacha narxi 2026-yilda bir barreli uchun qariyb 96 dollarni, 2027-yilda esa
84 dollarni tashkil etishi kerak.
Bu taxmin Yaqin Sharqdagi keskinlikning yumshashi va neft
taklifining ortishi bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, regulyator vaziyatning qayta keskinlashuvi hamda
ta’minotning uzilishini inflyatsiya uchun asosiy xatarlardan biri sifatida
ko‘rmoqda.
Oltin
Markaziy bank, shuningdek, jahon bozorida oltin narxi nisbatan yuqori
darajada saqlanib qolsa-da, uning o‘sish sur’ati birmuncha mo‘’tadilroq
bo‘lishini kutmoqda.
Asosiy ssenariyga kiritilgan oltinning o‘rtacha yillik narxlari:
|
Yil |
Bir troya unsiyasi uchun narx |
|
2026 |
$4440 |
|
2027 |
$4510 |
|
2028 |
$4580 |
|
2029 |
$4650 |
Markaziy banklar tomonidan
bo‘layotgan talab va saqlanib qolayotgan geosiyosiy xatarlar narxlarni
qo‘llab-quvvatlab turishi mumkin.
Boshqa
tomondan, keskinlikning yumshashi hamda jahonda foiz stavkalarining uzoq vaqt
yuqori darajada saqlanib qolishi oltinning yanada qimmatlashishini cheklab
qo‘yishi mumkin.
Oltin bozoridagi qulay vaziyat
O‘zbekiston uchun eksport tushumlari va xorijiy valyuta taklifi nuqtai
nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Tashqi savdo
Markaziy
bank oltinni hisobga olmaganda tovarlar va xizmatlar eksporti 2027-yilda
10−14 foizga, 2028−2029-yillarda esa har yili 10−12 foizga oshishini kutmoqda. Importning o‘sishi esa yiliga 10−12 foiz atrofida bo‘lishi prognoz
qilinmoqda.
Investitsion faollik import uskunalari, mashinalar va oraliq
tovarlarga bo‘lgan talabni quvvatlab turadi.
Hujjatda, shuningdek, prognoz davrida O‘zbekistonning Jahon savdo
tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Bu esa
savdoni kengaytirish va to‘siqlarni kamaytirish omillaridan biri sifatida
baholanmoqda.
2026-yil uchun joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YAIMning 3−3,5 foizi
darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Inflyatsiya prognozini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan to‘rtta xatar
Markaziy bank alohida bo‘limda iqtisodiy rivojlanishning muqobil
ssenariylarini taqdim etdi.
Regulyator to‘rtta ehtimoliy
shokni ko‘rib chiqdi: asosiy savdo hamkorlari valyutalarining sezilarli
qadrsizlanishi, jahon bozorida neft narxining keskin oshishi, oziq-ovqat
mahsulotlarining qimmatlashishi hamda mamlakat ichida kreditlash sur’atlarining
tezlashishi.
Grafikda inflyatsiya va iqtisodiy o‘sishning bazaviy ssenariydan
kutilayotgan og‘ishlari keltirilgan. Xatarlarning iqtisodiyotga ehtimoliy ta’siri:
|
Ssenariy |
Inflyatsiyaning og‘ishi |
YAIM o‘sishining og‘ishi |
|
Savdo hamkorlari valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi |
+0,8−1 f. b. |
−0,1−0,2 f. b. |
|
Jahon bozorida neft narxining oshishi |
+0,3−0,5 f. b. |
−0,3−0,4 f. b. |
|
Oziq-ovqat mahsulotlarining
qimmatlashishi |
+0,2−0,4 f. b. |
−0,05−0,15 f. b. |
|
Kreditlash sur’atlarining
tezlashishi |
+0,6−0,9 f. b. |
+0,25−0,35 f. b. |
Birinchi ssenariy: savdo hamkorlarining valyutalari keskin qadrsizlansa
Birinchi ssenariy O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari valyutalarining
sezilarli darajada qadrsizlanishini ko‘zda tutadi.
Markaziy bankning qayd etishicha, voqealar bunday tus olsa, pul
o‘tkazmalarining valyutadagi qiymati, binobarin, ichki bozorga kirib kelayotgan
xorijiy valyuta hajmi qisqarishi mumkin.
Valyuta taklifining qisqarishi
esa so‘m kursiga bosim o‘tkazishi mumkin. Bunday sharoitda import tovarlari
va butlovchi qismlar qimmatlashib, inflyatsion bosimni kuchaytiradi.
Regulyator bahosiga ko‘ra, inflyatsiya bazaviy prognozdan 0,8−1 foiz bandga
yuqori, YAIM o‘sishi esa 0,1−0,2 bandga past bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, pul o‘tkazmalarining kamayishi iste’mol talabini
jilovlab, milliy valyuta qadrsizlanishining inflyatsion ta’sirini qisman muvozanatlashtirishi
ham mumkin.
Ikkinchi ssenariy: neft 25−30 foizga qimmatlashsa
Ikkinchi muqobil ssenariy jahon bozorida neft narxi bazaviy prognozdan
25−30 foizga yuqori bo‘lishini nazarda tutadi.
Bunga Yaqin Sharqdagi vaziyatning yana keskinlashishi, jumladan, Hurmuz
bo‘g‘ozi orqali kema qatnovining cheklanishi hamda transport va sug‘urta
xarajatlarining ortishi sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston uchun
bu asosan import qilinadigan neft mahsulotlarining qimmatlashishi orqali
ta’sir ko‘rsatadi. Yoqilg‘i narxining ko‘tarilishi transport kompaniyalari
va ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini oshiradi, bu esa o‘z
navbatida iste’mol narxlarida aks etishi mumkin.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday ssenariyda inflyatsiya
bazaviy ko‘rsatkichdan 0,3−0,5 foiz bandga yuqori, iqtisodiy o‘sish esa 0,3−0,4
bandga past bo‘ladi.
Regulyatorning alohida ta’kidlashicha, tashqi taklif shoki foiz stavkasini
darhol oshirishni talab qilmaydi. Bo‘lg‘usi qarorlar, eng avvalo, yoqilg‘ining
dastlabki qimmatlashuvi boshqa narxlar va inflyatsion kutilmalarga yoyila
boshlaydimi yoki yo‘qmi, shunga bog‘liq bo‘ladi.
Uchinchi ssenariy: El-Nino tufayli oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashsa
Uchinchi ssenariy El-Nino iqlim hodisasi hamda dunyoning bir qator
mintaqalarida hosildorlikning ehtimoliy pasayishi bilan bog‘liq.
Markaziy bank 2027-yilda FAOʼning jahon oziq-ovqat narxlari indeksi bazaviy
ssenariydan 8−10 foizga yuqori bo‘lishi mumkin bo‘lgan variantni ko‘rib
chiqmoqda.
Guruch, bug‘doy, o‘simlik
moylari, shakar va go‘sht bozorlari eng ta’sirchan bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston
uchun iste’molda importning salmoqli ulushiga ega tovarlar, xususan, o‘simlik
yog‘i va shakar ayniqsa muhim.
Ozuqa narxining oshishi go‘sht va parrandachilik mahsulotlari
tannarxini ham oshirishi mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday shok inflyatsiyani 0,2−0,4 foiz bandga
oshirishi va YAIM o‘sishini 0,05−0,15 bandga pasaytirishi mumkin.
Hisobotda alohida qayd etilishicha, 2026-yilning ikkinchi choragida
O‘zbekistonga oziq-ovqat importi yillik hisobda 48,3 foizga oshgan. Bu esa
ichki bozorning jahon narxlari o‘zgarishiga ta’sirchanligini oshiradi.
To‘rtinchi ssenariy: banklar o‘rtasidagi raqobat kreditlash
va inflyatsiyani tezlashtiradi
To‘rtinchi ssenariy boshqalaridan shunisi bilan farqlanadiki, u bir
vaqtning o‘zida ham iqtisodiy o‘sishni, ham inflyatsiyani tezlashtirishi
mumkin.
Unda yangi xorijiy banklarning kirib kelishi va davlat banklarini
xususiylashtirishning jadallashuvi ko‘zda tutilgan. Raqobatning kuchayishi
aholi va korxonalarga kredit taklifini kengaytirish imkonini beradi.
Markaziy bank 2027−2028-yillarda yangi ajratiladigan kreditlarning YAIMga
nisbati bazaviy ssenariyga qaraganda 0,7−0,9 foiz bandga yuqori bo‘lishi mumkin
bo‘lgan variantni ko‘rib chiqmoqda.
2027-yilda kredit portfelining o‘sish sur’ati bazaviy prognozdan 5−6 foiz
bandga oshishi mumkin. Bu iqtisodiy o‘sishni 0,25−0,35 foiz bandga
tezlashtirishi, biroq bir vaqtning o‘zida inflyatsiyani ham 0,6−0,9 foiz bandga
oshirishi mumkin.
Regulyator buni qo‘shimcha
kreditlar dastlab aholi va korxonalar xarajatlarini oshirishi, ishlab
chiqarish quvvatlari esa ma’lum bir kechikish bilan kengayishi mumkinligi bilan
izohlamoqda.
Shu sababli, hatto bank bozori uchun ijobiy o‘zgarishlar ham qat’iy
pul-kredit siyosatini uzoqroq muddat saqlab turishni talab qilishi mumkin.
5 foizli inflyatsiyaga erishishga nima to‘sqinlik qilishi mumkin?
Umuman olganda, Markaziy bankning bazaviy ssenariysi iqtisodiy o‘sish yuqori
darajada saqlanib qolishini, inflyatsiya esa ortiqcha talab pasayib, taklif
kengayib borgani sayin sekinlashishini nazarda tutadi.
Biroq prognozning amalga
oshishi bir vaqtning o‘zida bir qancha shartlarga bog‘liq: yirik tashqi narx
tebranishlarining yuz bermasligi, kreditlashning mo‘’tadil o‘sishi, budjet
taqchilligi parametrlariga rioya qilinishi, tarif islohotlarining asosiy
bosqichlari yakunlanishi hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga
tushirilishi.
Regulyator, shuningdek, raqobat, xususiy sektor va moliya
bozorlarining yanada rivojlanishiga umid bildirmoqda.
Loyihada ta’kidlanishicha, pul-kredit siyosatining imkoniyatlari
cheklangani sababli inflyatsiyani pasaytirish o‘zaro muvofiqlashtirilgan
choralarni talab etadi.
“Pul-kredit
siyosati iqtisodiy o‘sish barqarorligiga xizmat qiladi, biroq uning o‘zi
iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini oshira olmaydi”, — deyiladi
hujjatda.
Shu tariqa, Markaziy bank
asosiy stavkaning kelgusida pasaytirilishini muayyan sana bilan emas, balki
inflyatsiyaning barqaror sekinlashishi, inflyatsion kutilmalarning pasayishi
hamda talab o‘sishi sur’atlarining mamlakat ishlab chiqarish imkoniyatlariga
yaqinlashishi bilan bog‘lamoqda.
Agar ushbu shartlar
bajarilmasa, yuqori real foiz stavkalari davri bazaviy ssenariyda
ko‘zda tutilganidan uzoqroq davom etishi mumkin.
2027−2029-yillarga mo‘ljallangan pul-kredit siyosatining asosiy
yo‘nalishlari konseptual loyihasi muhokamaga qo‘yilgan. Taklif
va mulohazalar 2026-yil 16-noyabrgacha qabul qilinadi.
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
16 11 2026 / 15:07