Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov O‘zbekiston
iqtisodiy bloki yuritayotgan iqtisodiy siyosatda ko‘zga tashlanayotgan ayrim
kamchilik va muammolar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Iqtisodiy tadqiqotchi Abdulla Abduqodirov
Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston iqtisodiyotidagi bugungi jarayon,
xususan, iqtisodiy o‘sishga salbiy ta'sir qilayotgan ayrim omillar haqida
gapirdi.
Inflatsiya 11 foiz
deb aytilyapti, unda nega bank stavkalari 25 foiz?
Mutaxassisning
aytishicha, tashqaridan qaraganda respublika iqtisodiy bloki o‘rtasidagi
hamkorlik yuqori darajada emasligi ko‘rinadi. Chunki ular oldinga surayotgan
iqtisodiy siyosat qarama-qarshi yo‘nalishlarga ega va bu teskari natijalarga
olib kelishi mumkin.
«Markaziy bank
bugungi kunda inflatsiya darajasini tushirish biz uchun eng muhim masaladir,
deb aytyapti. Kechirasiz, unda iqtisodni rivojlantirish kimning masalasi?
Agar Markaziy bank
kredit darajasini belgilaydigan asosiy organ bo‘lsa, tadbirkor kredit olaman
deb bankka borsa-yu, u yerda stavkani 25–28 foiz deb tursa, qaysi tadbirkor
qarz olib, uni 2 yoki 5 yil ishlatib, yana 2–3 barobar qilib qaytib beradi.
Bunday biznesning o‘zi yo‘q. Bunda samaradorlik bo‘lmaydi. Chunki inflatsiya 11
foiz deb aytilyapti, unda nega bank stavkalari 25 foiz? Nega Markaziy bank
tijorat banklariga ko‘p yillarga mo‘ljallangan «uzun so‘mlar»ni bermaydi? Nega
bizning banklar ana shu «uzun pullar»ni topish uchun chet el kapital bozori va
banklardan kreditlar olishi kerak? Bu pullar baribir iqtisodiyotga kiryapti
qarz sifatida. Nega u pullardan Markaziy bank qo‘rqmaydi-yu, o‘zi berishi
mumkin bo‘lgan uzoq muddatli kreditlardan qo‘rqadi?
Men aytmoqchi
bo‘lgan fikr, bugungi kunda bizning iqtisodiyotimizni asosiy ushlab turgan
narsa, iqtisodiy blok (Markaziy bank, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari)
o‘rtasida iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikni ko‘rmayapmiz.
Bittasi
inflatsiyani pasaytiraman desa, boshqasi qurilishga kredit beraylik deyapti.
Qurilishga katta-katta miqdorda pul berish, ipotekani rivojlantirish – bu
qo‘shimcha emissiya yoki qarz olish bilan barobar. Demak, buning baribir
inflatsiyaga ta'siri bor.
Inflatsiyani kamaytirish, bu faqatgina umumiy pul
massasini kamaytirish degani emas. Umumiy talab bilan taklif o‘rtasidagi
muvozanat ushlab turilsagina inflatsiya kamayadi», – dedi moliyachi.
Bugungi eng muhim
masala – mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish
Abdulla Abduqodirov
bugungi kunda mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish eng muhim masala ekanini
ta'kidlab o‘tdi.
«Ayrim
yo‘nalishlarga qarz evaziga mablag‘ yo‘naltirish, dunyo kapital bozoridan va
chet el moliyaviy institutlaridan katta miqdorlarda qarzlar olib, ularni iqtisodiyotga
yo‘naltirish inflatsiyaga o‘z ta'sirini o‘tkazishi tabiiy.
Bir hisobdan
qarzlar olyapmiz, ikkinchi hisobdan tijorat banklari ixtiyoridagi mahalliy
valutadagi jamg‘armalarni turli yo‘llar bilan tortib olyapmiz (qisqa muddatli
depozitlar, davlat va Markaziy bank obligatsiyalari orqali).
Iqtisodiyotda
talab bilan taklif o‘rtasidagi munosiblik to‘g‘ri belgilangan holda, inflatsiya
bizga qattiq xalal bermagan. Inflatsiya 15 foizmi, 16 foiz bo‘ladimi,
iqtisodiyotga o‘lim darajasidagi xavf emas. Inflatsiya bizning eng qo‘rqadigan
joyimiz bo‘lishi kerak emas. Iqtisodiy stagnatsiya, ichki investitsiyalar
to‘xtashi – mana bu o‘lim bilan barobar.
To‘g‘ri,
inflatsiyaga ham e'tibor berish kerak, tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Lekin nimaning
hisobiga inflatsiya bo‘lyapti – buni yaxshi anglashimiz kerak.
Aslida, inflatsiya
o‘sishi asosan iste'mol mollari, oziq-ovqat va qurilish materiallari bozoridagi
narx-navo o‘sishi bilan bog‘liq.
Oziq-ovqat va
qurilish materiallari bozorlarida taqchillik bor. Bu taqchillik ana shu
mollarning tannarxida soliqlar va bank krediti xarajatlarining haddan tashqari
yuqoriligi hisobiga. Demak, bugun oziq-ovqat va qurilish materiallari
tannarxini shakllantiruvchi omillarni ko‘rib, tannarxni tushirish masalasini
ko‘rishimiz kerak. Shunda inflatsiyani kamaytiramiz.
Biz nima qilyapmiz, Markaziy bank siyosati bilan
umumiy pul massasini kamaytiryapmiz. Banklarning kredit berish qobiliyatini
cheklayapmiz. Ikkinchi tomondan esa korxonalarga bo‘lgan umumiy soliqlar yukini
2019 yildan boshlab keskin oshirdik. Bu – iqtisodiy samaradorlikka butunlay
teskari qaratilgan siyosat. Men buni iqtisodchi sifatida tushunmayman va qabul
ham qilmayman», – deydi mutaxassis.
Iqtisodiy blok
o‘zaro hamkorlikda forumlar tashkil qilishi kerakligi, biror muhim masalani
forumda tahlil qilib, umumiy qarorga kelishi zarurligi ta'kidlandi.
«Muammolarni
muhokama qilish forumi tashkil qilinmaydi. Biri osmonga torsa, biri ko‘lmakka,
yana boshqasi quruqlikka tortadi. Iqtisodiy blok bitta yoqadan bosh chiqarishi
kerak. Axir, mamlakat bitta-ku!
Yana bir muhim
muammo bor: ajratilgan mablag‘larning maqsadga muvofiq va samarali ishlatilishi
ustidan davlat nazorati masalasi. Nima uchun Moliya vazirligiga budjetdan
ajratilgan mablag‘ni ishlatishni nazorat qilish funksiyasi berilgan? Nega bu
ish bilan alohida tashkilot shug‘ullanmaydi? O‘zi bersa, o‘zi taqsimlasa, yana
o‘zi ishlatilishini nazorat qilsa, shuning o‘zida mantiqiy konflikt bor
emasmi?!
Alohida, butunlay iqtisodiy nazorat qiladigan bir
agentlik yoki tashkilot tuzish kerak. Ularga katta-katta vakolat berish
kerakki, hamma berilgan iqtisodiy mablag‘larni ishlatish nazorati ustidan o‘zi
mustaqil siyosat olib borsin», deydi suhbatdosh.
O‘zbekiston
kapitalizmning qaysi bosqichida?
Abdulla
Abduqodirov O‘zbekistonda kapitalizmning eng yomon ko‘rinishi kuzatilayotganini
qayd etib o‘tgan.
«Kapitalizmning
qaysi modeliga o‘tishimiz bizga hali noma'lum. Bugungi kunda O‘zbekistondagi
model davlat-xususiy monopolistik kapitalizmi. Bu – kapitalizmning eng yomon
ko‘rinishi. Davlat bilan xususiy kapital birlashib ketgan. Uning ustiga
monopollashtirilgan. Bu kapitalizmning juda yomon ko‘rinishi. Buni bolalik
kasalligi deb qarash mumkin, lekin tuzatsa bo‘ladi. Vaqti bilan.
Ijtimoiy
rivojlanish jihatdan har bir davlat o‘ziga xos. Kapitalizm bo‘yicha Rossiya,
Qozog‘istonda qanday bo‘lsa, biz ham o‘shalarni ko‘chiryapmiz. Yomon tomondan
ko‘chiryapmiz. Eng avvalo, butun jamiyat kelishib olishimiz kerak. Biz o‘zi
qanday jamiyat qurmoqchimiz?!
Bu jamiyatda
iqtisodiy-siyosiy boyliklarning asosiy manfaatdori, benefitsiari kim? Bu
benefitsiarni, manfaatlarni qaysi yo‘llar bilan olishi kerak, degan fundamental
savollarga bizda hali javob yo‘q.
Qanday jamiyat quramiz, bu jamiyatning asosiy kuchlari
kim, asosiy manfaatdori kim degan savollarga javoblarimiz yo‘q», deydi ekspert.
«Elita hali
kelishib olgani yo‘q»
Moliyachi elita
degani davlatning baland minbarlarida o‘tirgan odamlar emas, balki har bitta
sohada o‘zining juda katta bir mas'uliyatini tushunib, davlatning 50–100 yillik
kelajagi haqida o‘ylaydigan insonlar hisoblanishini ta'kidlaydi.
«5–10 yillik emas,
50–100 yillik kelajak haqida o‘ylaydigan shaxslar. Ana o‘shalar elita bo‘lishi
kerak. Hozircha biz bu gorizontda fikr yuritadigan insonlarni kam ko‘ryapmiz.
50–100 yildan
keyin O‘zbekiston xalqi qanday bo‘ladi, degan savolga javob bersagina, shu
haqda o‘ylasagina uni elita deb gapirishimiz mumkin.
Milliardlab puli bo‘lib, chet ellarda yaxtasi bor yoki
maza qilib yashab yurganlarni elita deb ayta olmaymiz», – dedi Abdulla
Abduqodirov.
·
Ma'lumot uchun,
2020 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 580,2 trillion so‘mni tashkil qildi. Hozirda yillik inflatsiya o‘sish sur'ati
10,9 foiz, davlat qarzi 2021 yil 1 yanvar
holatiga YaIMning 40 foizidan oshgan.
Islombek Umaraliyev suhbatlashdi
kun.uz dan olindi
Sarlavxa :
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
13 04 2021 / 16:42