Oliy
Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining
Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonun yuzasidan Sud-huquq
masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari
Shuhrat Cho‘lliyev maruza qildi.
Ta’kidlanganidek, 1995 yilda
qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksida ko‘plab havolaki normalar mavjudligi,
barcha zarur masalalar aniq tartibga solinmagani, uni amaliyotda qo‘llashda bir
qator muammolar yuzaga kelayotgani kabi asoslarga ko‘ra mehnat qonunchiligini
takomillashtirishga zarurat tug‘ilgan.
Yangi tahrirdagi Mehnat
kodeksi bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash,
qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar
mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya
qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi normalardan iborat.
Mazkur qonunning hayotga
tatbiq etilishi natijasida bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda
xodimlar va ish beruvchilari manfaatlarining muvozanati ta’minlanadi, ularning
ijtimoiy hamkorlikka jalb qilinishi ortadi va tomonlarning mehnatning
natijadorligiga qiziqishi rag‘batlantiriladi.
Bundan tashqari, kichik biznes
va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq qilish
yengillashadi. Shuningdek, shu sohalarda yollanib ishlovchilar mehnatini
huquqiy tartibga solish xususiyatlarini hisobga olish mumkin bo‘ladi.
Fuqarolarning mehnat
faoliyatiga jalb qilinishining yangi shakllarini faol rivojlantirishni tartibga
solish, egiluvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun, jumladan ish
beruvchilar tomonidan xodimlarni mehnat jarayoniga jalb qilishning soddaroq,
oddiyroq shakllarini tanlashga zamin yaratadi.
Qonun yuzasidan muhokamalar
davomida senatorlar tomonidan berilgan savollarga Bandlik va mehnat munosabatlari
vaziri Nozim Husanov javob berdi.
Shuningdek, Senat Raisi
T.Norboyeva “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash
to‘g‘risida”gi qonun yuzasidan quyidagilarni alohida qayd etib o‘tdi:
— Mehnat qonunchiligi
jamiyatning har bir a’zosi uchun dolzarb hayotiy ahamiyatga ega. Shu ma’noda
yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi juda muhim hujjat. Unda zamonaviy mehnat
munosabatlari bilan bog‘liq barcha muhim jihatlar inobatga olingan.
Mehnat erkinligi va majburiy
mehnat tushunchalari xalqaro me’yorlar va tavsiyalarga (XMT) mos tarzda
batafsil yoritilgan. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p bolali yoki
nogiron bolalari bo‘lgan ota-onalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga,
bitiruvchilarga, harbiy xizmatdan bo‘shatilganlarga, jazodan ozod qilinganlarga,
odam savdosidan jabrlanganlarga ishga joylashishda qo‘shimcha kafolatlar
belgilangani e’tiborga molik.
Qizg‘in muhokama va
savol-javoblardan so‘ng Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
Sarlavxa :
Qonunlar
18 03 2022 / 16:15