22.02.2021
Bugun O‘zbekiston
Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida ushbu uchrashuvda birinchi
martaishtirok etmoqda.
Biz so‘nggi yillar
davomida Kengashga a’zo bo‘lish uchun butun mas’uliyatni anglagan holda intilib
kelganimizni ta’kidlamoqchiman.
Demokratik
islohotlarimiz yangi O‘zbekistonni bunyod etishga qaratilgan bo‘lib, bu
o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.
Biz Birlashgan
Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari
yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini ilgari surish uchun
Kengash a’zolari, barcha sheriklarimiz bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz.
Hurmatli anjuman
ishtirokchilari!
O‘zbekistonda
demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va Kengash doirasidagi
faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat.
Birinchidan, insonning asosiy
huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda
turadi.
2030 yilgacha
mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning
huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda
qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Bu o‘rinda so‘z Inson
huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi ekspertlarining faol ishtirokida
ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish
to‘g‘risida bormoqda.
Ikkinchidan, biz gender siyosati
masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va
ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan
ishlarni qat’iy davom ettiramiz.
Joriy yilda
O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va
xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Uchinchidan, alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini
ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratiladi.
Yaqinda Nogironligi
bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirdi.
O‘zbekiston Parlamenti Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani
ratifikatsiya qilishi kutilmoqda.
Biz imkoniyati
cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari
bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etamiz.
To‘rtinchidan, aholimizning
yarmidan ko‘pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo
e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.
Joriy yil
O‘zbekistonda “Yoshlarni
qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon
qilindi.
Bu borada biz:
- Birlashgan
Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon
konferensiyasini o‘tkazish;
- BMT Iqtisodiy
va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi
konvensiya loyihasini taqdim etish;
shuningdek, Yoshlar
huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi institutini ta’sis etish masalasini
kiritishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.
Beshinchidan, biz Xalqaro mehnat tashkiloti
va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy
mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta ishlarni amalga
oshirdik. Bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan
biri bo‘ldi.
2021 yilda, ya’ni
Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi
qonunni qabul qilamiz.
Oltinchidan, “Inson huquqlari
sohasida ta’lim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab biz Oliy komissar
boshqarmasi bilan birgalikda global forum o‘tkazishni taklif etamiz.
O‘qitish tizimini
rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar
jamg‘armasiga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz.
Yettinchidan, Bosh kotib Antoniu
Guterrish Janobi Oliylarining fuqaroligi
bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish
to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Birgina o‘tgan
yilning o‘zida 50 ming nafar vatandoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul
qilindi, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo‘ladi.
Xonimlar va janoblar!
Biz erishgan
natijalarimiz bilan kifoyalanib qolmasdan, bundan buyon ham fuqarolik
jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda so‘z erkinligini
har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni qat’iy maqsad qilganmiz.
Shu asnoda nodavlat
notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida kodekslar
ishlab chiqilmoqda.
Birlashgan Millatlar
Tashkilotining din yoki e’tiqod erkinligi, sudyalar va advokatlar mustaqilligi
masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilarining tavsiyalarini alohida e’tiborga
olganmiz.
Inson huquqlari
bo‘yicha kengashga Sudyalar
kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish
masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Qiynoqlarning oldini olish
bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning
qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning
har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday
jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir.
Qiynoqlarga qarshi
konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilamiz.
Mazkur masalalar
yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus
ma’ruzachini O‘zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Hurmatli yig‘ilish
ishtirokchilari!
O‘zbekiston inson huquqlari
sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiq qoladi.
Shu bilan birga, biz
inson huquqlari borasida hali ulkan yo‘lning boshida turganimizni yaxshi
tushunamiz va xalqaro hamkorlarimizning qo‘llab-quvvatlashiga umid
qilamiz. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Mishel
Bachelet xonimlarining yurtimizga tashrifini kutib qolamiz.
Bu borada mandatga
ega bo‘lgan barcha vakillarning O‘zbekistonga tashrif buyurishlari uchun doimiy
taklifnoma yuborish haqida qarorni qabul qilamiz.
Shuningdek, Osiyo
qit’asining inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizmini muntazam faoliyat
ko‘rsatadigan platforma – Samarqand forumi negizida yaratish borasida ko‘mak
berishga tayyormiz.
Hurmatli do‘stlar!
Birlashgan Millatlar
Tashkilotining 75 yillik tarixi inson huquqlari universal qadriyat ekanini
yaqqol isbotladi. Bu ustuvor tamoyilsiz yer yuzida tinchlik, xavfsizlik va
barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.
Nutqimning yakunida
shuni yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: O‘zbekiston
Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida xalqaro huquqning inson
huquqlariga oid umum e’tirof etilgan prinsip va normalarini qat’iy himoya
qiladi va faol ilgari suradi.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
22 02 2021 / 14:53