Mamlakatimiz rahbari SH.Mirziyoevning olib borayotgan ochiqlik siyosati tadbirkorlar
va ishbilarmonlarga xalqaro hamkorlik uchun keng yo‘l ochib berdi. Shu bois O‘zbekiston
bugun jadal taraqqiyot sari yo‘lda ildamlab borayotir.
Biroq bu yo‘lda hali ko‘plab ochilmagan imkoniyatlar mavjud. Xususan, xorijiy
mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini egallashda hududlarning salohiyatini o‘rganish
va mamlakatimizga jalb etish katta axamiyat kasb etadi. SHu bois O‘zbekiston Tadbirkorlik
va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorlikning samarali mexanizmi sifatida
xududlar bilan o‘zaro foydali aloqalarni o‘rnatishni o‘ziga amaliy vazifa etib belgilab
oldi.
Markazning taklifiga binoan 2026 yil 19–23 oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining
Perm o‘lkasidan «Edinaya Rossiya» partiyasi vakillari hamda «Delovaya Rossiya» umumrossiya
jamoat tashkilotining Perm o‘lkasi mintaqaviy bo‘linmasi vakillarining O‘zbekistonga
tashrifi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tashrif ikki
mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlar
o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli iqtisodiy
hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochishga xizmat qilishi shubhasiz.
Hamkorlikning amaliy imkoniyatlari
Aytib o‘tish joizki, Perm o‘lkasi Rossiyaning sanoat salohiyati yuqori bo‘lgan
hududlaridan biri hisoblanadi. Mintaqa iqtisodiyotida kimyo va neft-kimyo sanoati,
mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika tarmog‘i, yog‘ochni qayta ishlash,
sellyuloza-qog‘oz va oziq-ovqat sanoati muhim o‘rin tutadi. SHuningdek, hududda
neft-gaz tarmog‘i uchun uskunalar, gazni uzatish tizimlari, navigatsiya va optik
tolali texnologiyalar kabi yo‘nalishlarda ixtisoslashgan ishlab chiqarish korxonalari
mavjud. Ushbu sanoat salohiyati O‘zbekiston bilan hamkorlikni bir nechta muhim yo‘nalishda
rivojlantirish imkonini beradi.
Birinchidan, mashinasozlik va sanoat uskunalari sohasida korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani
yo‘lga qo‘yish, texnologik echimlar va ishlab chiqarish tajribasini almashish, O‘zbekistonda
ayrim mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish
mumkin. Bu, ayniqsa, neft-gaz sanoati, energetika va qayta ishlash korxonalari uchun
zarur bo‘lgan uskuna hamda texnik echimlar yo‘nalishida ahamiyatlidir.
Ikkinchidan, kimyo va neft-kimyo sohasida tajriba almashish, xomashyoni chuqur qayta ishlash,
sanoat uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarish va texnologik hamkorlikni rivojlantirish
istiqbollari mavjud. Bunda tomonlar korxonalarning aniq ehtiyojlari, bozor talabi
va investitsiyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘zaro manfaatli loyihalarni tanlashlari
mumkin.
Uchinchidan,
Perm o‘lkasining yog‘ochni qayta
ishlash va sellyuloza-qog‘oz sanoatidagi tajribasi O‘zbekistonda qurilish materiallari,
qadoqlash mahsulotlari va boshqa qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishlarida
hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga zamin yaratadi. Oziq-ovqat sanoati va qishloq
xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida esa texnologiyalar almashinuvi,
saqlash va qadoqlash tizimlarini takomillashtirish, mahsulotlarni yangi bozorlarga
olib chiqish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etadi.
To‘rtinchidan, Perm o‘lkasining ilmiy-texnik tajribasi hamda innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar
O‘zbekistonda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnoparklar faoliyatini
rivojlantirish bilan bir qatorda mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishda
o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Beshinchidan, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi
va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasini rivojlantirishdan manfaatdordir.
Rossiyaning meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish, ularni qayta ishlash, saqlash
va eksport qilish tajribasiga qiziqish katta. Zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish ehtiyoji
ushbu sohada hamkorlik uchun keng sharoit yaratadi.
Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash
infratuzilmasini takomillashtirish, logistika zanjirlarini rivojlantirish va yangi
bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish mumkin. Bu esa tadbirkorlar uchun
yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish bilan birga, ishlab chiqarish samaradorligi
va mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Perm o‘lkasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi rasmiy uchrashuvlar, ishbilarmonlik
muloqotlari va iqtisodiy ob’ektlar bilan tanishuvlarni o‘zaro uyg‘unlashtirgani
bilan ahamiyatlidir. Savdo-sanoat palatasidagi muloqotlar, Yashnobod tumanidagi
«Texnopark» va Samarqanddagi tashriflar tomonlarga hamkorlikning turli yo‘nalishlarini
o‘rganish imkonini berdi.
O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi ushbu jarayonda
ishonchli hamkorlarni topish, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, investitsiyaviy
imkoniyatlar haqida axborot almashish va qo‘shma loyihalarni tayyorlashga ko‘maklashishga
tayyor.
Imzolangan Hamkorlik memorandumi esa o‘zaro muloqotni izchil davom ettirish,
tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish va amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash
uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Eng muhimi, bunday tashriflar O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralari o‘rtasida
o‘zaro ishonchni mustahkamlash, yangi sheriklik aloqalarini shakllantirish va ikki
tomon uchun manfaatli iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Bu
esa hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va uni aniq natijalar bilan boyitish
yo‘lidagi muhim qadamdir.
Amaliy natijalar, xulosalar
Perm o‘lkasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi
ikki tomonlama ishbilarmonlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi
muhim qadam bo‘ldi. Tashrif davomida o‘tkazilgan rasmiy uchrashuvlar, tadbirkorlik
muhiti va ishlab chiqarish ob’ektlari bilan tanishuvlar O‘zbekiston hamda Perm o‘lkasi
ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilish
va istiqbolli tashabbuslarni belgilash imkonini berdi.
Eng muhim amaliy natijalardan biri 20 oktyabr kuni O‘zbekiston
Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda «Delovaya Rossiya»
umumrossiya jamoat tashkilotining Perm o‘lkasi mintaqaviy bo‘limi o‘rtasida Hamkorlik
memorandumining imzolanganidir. Mazkur hujjat tadbirkorlar o‘rtasida muntazam muloqotni
yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish, biznes sheriklarni topish va qo‘shma loyihalarni
ishlab chiqish uchun tashkiliy asos yaratadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Yashnobod
tumanidagi «Texnopark» hamda Samarqanddagi tadbirkorlik muassasalarga tashriflar
tomonlarga mamlakatimizdagi tadbirkorlik, sanoat va hududiy iqtisodiy salohiyat
bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Ushbu muloqotlar va tashriflar natijasida
shakllangan aloqalarni keyingi bosqichda aniq biznes takliflari, investitsiyaviy
tashabbuslar va o‘zaro manfaatli loyihalar bilan mustahkamlash muhim ahamiyat kasb
etadi.
Hamkorlik kelajakda sanoat kooperatsiyasi, zamonaviy texnologiyalarni
joriy etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini
qayta ishlash, logistika, tadbirkorlik tajribasini almashish va yangi bozorlarga
chiqish kabi yo‘nalishlarda rivojlantirish uchun imkoniyatlarni kengaytiradi. Bunda
qo‘shma biznes-forumlar, sohaviy uchrashuvlar va tadbirkorlar delegatsiyalari almashinuvini
muntazam tashkil etish, shuningdek, istiqbolli loyihalar bo‘yicha axborot almashish
alohida axamiyatga ega.
Hamkorlik memorandumida belgilangan vazifalarning izchil
amalga oshirilishi ikki tomon tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash,
yangi sheriklik munosabatlarini shakllantirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga
xizmat qilishi mumkin. Bu jarayonda O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash
markazi tomonlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, ishonchli hamkorlarni topish
va amaliy tashabbuslarni ilgari surishda muhim ko‘makchi bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Perm o‘lkasi delegatsiyasining
tashrifi va imzolangan Hamkorlik memorandumi O‘zbekiston–Rossiya ishbilarmonlik
aloqalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Endilikda asosiy vazifa erishilgan kelishuvlarni izchil
davom ettirish, ularni aniq loyihalar bilan boyitish va o‘zaro manfaatli iqtisodiy
natijalarga erishishdir. Zero, barqaror hamkorlikning haqiqiy samarasi faqat imzolangan
hujjatlar bilan emas, balki ular asosida amalga oshirilgan tashabbuslar, yaratilgan
biznes aloqalari va qo‘lga kiritilgan amaliy natijalar bilan belgilanadi.
Kelgusida ushbu imkoniyatlarni amaliy natijalarga aylantirish uchun sohalar
kesimida biznes uchrashuvlarini tashkil etish, hamkorlikka tayyor korxonalar ro‘yxatini
shakllantirish, investitsiyaviy takliflar va texnik talablarni o‘zaro taqdim etish,
shuningdek, aniq loyihalar bo‘yicha ishchi muloqotlarni yo‘lga qo‘yish maqsadga
muvofiq.
O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda «Delovaya
Rossiya» tashkilotining Perm o‘lkasi mintaqaviy bo‘limi o‘rtasida imzolangan Hamkorlik
memorandumi ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun muhim tashkiliy asos bo‘lib
xizmat qilishi mumkin.
Shu tariqa, Perm o‘lkasining sanoat va texnologik tajribasini O‘zbekistonning
ishlab chiqarish, tadbirkorlik va mintaqaviy bozor imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirish
ikki tomonlama hamkorlikni yangi yo‘nalishlar bilan boyitish imkonini beradi.
Asosiy vazifa mavjud salohiyatni o‘zaro manfaatli biznes tashabbuslari, qo‘shma
investitsiya loyihalari va barqaror ishbilarmonlik aloqalariga aylantirishdan iborat.
Akrom Alimov,
O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
27 10 2026 / 9:35