O‘zbekiston hukumati Toshkent shahri
va unga tutash beshta tumandagi issiqxonalar uchun maxsus ekologik rejim
joriy etdi. Ularga faqat gaz, elektr, geotermal, quyosh va ikkilamchi
issiqlik energiyasidan foydalangan holda ishlashga ruxsat berildi. Ko‘mir issiqxonalari
dekabrga qadar modernizatsiya qilinishi kerak.
Hukumat 586-sonli qarori bilan
Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxona xo‘jaliklarining
ekologik xavfsiz faoliyatini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni
tasdiqladi.
Hujjat bilan poytaxt hududida,
shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota
va Toshkent tumanlarida (maxsus hudud) issiqxona xo‘jaliklari faoliyati
uchun maxsus ekologik rejim joriy etildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi
milliy qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi. Ushbu takliflar 13-oktabr
kuni prezidentga taqdimot qilingani haqida xabar berilgan edi.
Issiqxonalar
qanday ishlaydi?
Maxsus hududda isitish tizimi bilan
jihozlangan issiqxona xo‘jaliklari o‘z faoliyatini faqat tabiiy gaz
(shu jumladan, suyultirilgan), elektr, geotermal va quyosh energiyasi,
shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan ikkilamchi
issiqlik energiyasidan foydalangan holda amalga oshirishlari mumkin. Bunda davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lishi
shart.
Qattiq yoqilg‘idan (ko‘mir, biomassadan tayyorlangan briket
va pelletlar) foydalanadigan issiqxona xo‘jaliklari 1-dekabrgacha isitish tizimlarini yuqorida ko‘rsatilgan energiya
turlariga o‘tkazishlari va o‘z faoliyatlarini davom ettirishi kerak.
Issiqxona
xo‘jaliklariga qattiq yoqilg‘idan faqatgina quyidagi talablarning
barchasini bir vaqtning o‘zida bajargan holda foydalanishga ruxsat etiladi:
·
qozon qurilmalarini yoqilg‘i
uzatish va yonish jarayonini avtomatik boshqarish tizimi hamda belgilangan
samaradorlik ko‘rsatkichiga ega chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlash;
·
milliy standartga muvofiq
qozon qurilmalarining atmosferaga tashlamalari miqdorini o‘lchaydigan uzluksiz
avtomatik monitoring tizimini (CEMS) o‘rnatish, uni Ekologiya qo‘mitasining
axborot tizimlariga integratsiya qilish hamda ma’lumotlarni real vaqt rejimida
uzluksiz uzatib borish;
·
qozon qurilmalari, chang-gaz
tozalash uskunalari va avtomatik monitoring tizimlarining muvofiqlik
sertifikatiga ega bo‘lishi;
·
qozon qurilmalari
va tutun chiqarish mo‘risidagi jarayonlarni uzluksiz kuzatish imkonini
beruvchi onlayn kameralar o‘rnatish va Ekologiya qo‘mitasining axborot
tizimlariga integratsiya qilish;
·
uzluksiz avtomatik monitoring
tizimi, chang-gaz tozalash uskunasi va kameralar faoliyatini uzluksiz
elektr energiyasi bilan ta’minlashda quvvat manbai va zaxira generatori
bilan jihozlash;
·
hosil bo‘lgan chiqindilarni
(kul, og‘ir metall, quyqa, shlam va boshqa zaharli moddalar) belgilangan
tartibda to‘plash, tashish va utilizatsiya qilish;
·
uskunalarning texnik
hujjatlarida nazarda tutilmagan va ularning ishlash tizimiga ta’sir
qiladigan o‘zgartirishlar kiritishni taqiqlash.
Maxsus
hududda faoliyat yurituvchi issiqxona xo‘jaliklarida shinalar, bitum, mazut,
plastmassa va polimer plyonkalar, sintetik karton, rezina, jun tolasi,
ishlatilgan moylar, maishiy va ishlab chiqarish chiqindilari hamda shunga
o‘xshash tarkibli materiallarni yoqilg‘i sifatida yoqish qat’iyan
taqiqlanadi.
Issiqxonalarga imtiyozlar
Qarorga
ko‘ra, maxsus hududdagi issiqxona xo‘jaliklariga ularni ekologik
modernizatsiya qilish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatiladi.
Xususan,
2028-yil 1-yanvarga qadar chang-gaz tozalash uskunalari, qozonxona qurilmalari,
energiya tejovchi ekranlar, energiya samarador texnologiyalar, shuningdek,
elektr, geotermal va quyosh energiyasida hamda kogeneratsiya asosida
ishlaydigan isitish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizi
miqdorida subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan. Subsidiya miqdori issiqxona
xo‘jaligining har bir gektari uchun 50 mln so‘mdan oshmasligi kerak.
2026−2027-yillarda
elektr, geotermal va quyosh energiyasidan, shuningdek, kogeneratsiyadan
foydalanadigan isitish tizimlariga o‘tish loyihalarini moliyalashtirish uchun
tijorat banklari orqali milliy valyutada 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga
olgan holda 7 yil muddatga yillik 14 foizlik stavkada (shundan 4 foizi bank
marjasi) kreditlar ajratiladi. Kredit miqdori loyiha qiymatining 50 foizigacha,
lekin har bir gektar uchun 3 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorni tashkil
etadi.
Bundan tashqari, avtomatik monitoring stansiyalarini (CEMS) xarid qilishni
xohlagan issiqxona xo‘jaliklariga bitta stansiya uchun 350 mln so‘mgacha
bo‘lgan miqdorda mablag‘ ajratiladi.
Moliyalashtirish
Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik sertifikatlashtirish
va standartlashtirish markazi tomonidan tasdiqlangan texnik talablarga
rioya qilish sharti bilan, foizlar hisoblanmagan holda 5 yilga bo‘lib to‘lash
sharti bilan uch tomonlama shartnoma asosida amalga oshiriladi. Bunda
mablag‘ oluvchilar stansiyalarni o‘rnatish, ularni qo‘mitaning axborot tizimiga
integratsiya qilish va ma’lumotlarning uzluksiz uzatilishini ta’minlash
majburiyatini oladi.
Stansiyalarni
o‘rnatish, ularni Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimi bilan integratsiya
qilish, monitoring ma’lumotlarini uzluksiz uzatishni ta’minlash yoki
to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha shartnoma majburiyatlari
bajarilmagan taqdirda, yozma ogohlantirishdan so‘ng stansiyalarni demontaj
qilish va shartnomada nazarda tutilgan tartibda qaytarib olish choralari
ko‘riladi. To‘lov muddati kelgan qarzdorlik bezaksept tartibda undiriladi.
Atmosfera
havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan yoqilg‘idan foydalangan holda issiqlik
ishlab chiqaradigan boshqa tarmoqlardagi qozonxona qurilmalari uchun
ham ekologik normativlar belgilanadi. Atrof-muhitga ta’sir
ko‘rsatuvchi korxonalar o‘z faoliyatining ekologik xavfsizlik darajasiga qarab
“qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga bo‘linadi. Tegishli talablar
qonunchilikda mustahkamlab qo‘yiladi.
Shu bilan
birga, 2030-yil 1-yanvarga qadar issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish
va modernizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan hamda O‘zbekistonda ishlab
chiqarilmaydigan uskunalarni olib kirishda bojxona bojidan ozod etish imtiyozi
beriladi. Imtiyoz chang-gaz tozalash uskunalari, energiya samarador qozonlar,
kogeneratsiya qurilmalari, geotermal va quyosh energiyasidan foydalanish uchun
mo‘ljallangan uskunalar, chiqarindilarni avtomatik monitoring qilish tizimlari,
shuningdek, ularning butlovchi qismlariga tatbiq etiladi.
Texnik suvdan qayta foydalanish
Qarorga
ko‘ra, issiqxonalarning isitish tizimlari filtrlarida hosil bo‘ladigan xavfli
suyuq chiqindilar, shuningdek, gidroponika oqova suvlari (filtratlar)
tozalanib, texnik suv sifatida qayta foydalanishga yo‘naltiriladi.
Buning uchun 2027-yil 1-yanvarga qadar Ohangaron tumanidagi ekosanoat hududida
filtratlarni vaqtincha saqlash suv ombori quriladi va foydalanishga
topshiriladi.
2027-yil
1-iyunga qadar tanlov asosida filtratlarni qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan
korxona aniqlanadi. Toshkent viloyati hokimligi joriy yilning 1-noyabriga qadar
ekosanoat hududidan yer maydoni ajratishi kerak.
Filtratlarni
vaqtincha saqlash rezervuarini qurish shaharsozlik normalari va qoidalariga
rioya qilgan holda, loyiha hujjatlari asosida bosqichma-bosqich amalga
oshirilishiga ruxsat beriladi. Issiqxona xo‘jaliklari mulkchilik shaklidan
qat’i nazar, o‘zlarida hosil bo‘ladigan filtratlarni belgilangan tariflar
bo‘yicha ushbu operatorga topshirishlari shart.
Biznesni rivojlantirish va toza havo o‘rtasidagi muvozanat
“Issiqxona
xo‘jaliklarini ekologik modernizatsiya qilish Toshkent shahri va unga
tutash hududlarda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan kompleks
chora-tadbirlarning muhim bosqichidir. Zamonaviy tozalash tizimlari, avtomatik
monitoring vositalari va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish
ekologik yuklamani kamaytirish hamda issiqxona xo‘jaligini rivojlantirishning
yanada barqaror modelini shakllantirish uchun sharoit yaratadi”, — deya
qayd etdi Ekologiya qo‘mitasi.
“Asosiy
vazifa — tadbirkorlikni rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish
va fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi o‘rtasida muvozanatni
ta’minlash”, deya ta’kidladi idora.
Shu oy boshida Ekologiya
qo‘mitasi issiqxonalar vakillari havoni tozalash uchun maxsus filtrlar
o‘rnatish sharti bilan o‘z faoliyatlarini saqlab qolishni taklif
qilishganini xabar qilgan edi. Qo‘mitaga shunday filtrning namunasi taqdim etilgan, biroq
u tekshiruvdan o‘tmagan.
2025-yilning
noyabr oyida Toshkentda havo sifati yomonlashgani fonida poytaxt va unga
tutash hududlardagi barcha issiqxonalarni zudlik bilan gaz isitish tizimiga
o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul
qilingan edi. Mart oyida joriy yilning
1-oktabridan poytaxt va yon-atrofdagi tumanlarda yangi issiqxonalar
tashkil etishga cheklovlar joriy etilishi ma’lum qilingandi.
2026-yilning
iyun oyida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya Toshkent
viloyatida issiqxonalarni demontaj qilish va ularni sun’iy isitish
tizimlaridan uzishga kirishdi. Tadbirkorlarga xo‘jaliklarini Surxondaryo viloyatidagi “Surxon-Agro”
erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chirish taklif etildi.
Yoz oxirida
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov Gazeta`ga bergan intervyusida poytaxt
mintaqasida ishini davom ettirishni xohlagan issiqxona xo‘jaliklari uchun
chiqarindilarni tozalagan holda ruxsat berilgan yoqilg‘i turlaridan foydalanish
va filtrlar o‘rnatish imkoniyati ko‘rib chiqilayotganini aytgan edi. U, shuningdek, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari haqida ham
xabar bergandi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
27 10 2026 / 11:56