Prezident
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston paxta yig‘im-terimi rejasini 101 foizga bajarganini
ma’lum qildi. Shu bilan birga, u raqam bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni
bajarishni birdan-bir maqsad deb hisoblamasligini ta’kidladi. Paxta
yetishtirishga davlat buyurtmasi 2020-yilda bekor qilingan, biroq sohada
rejaviy ko‘rsatkichlar hanuz qo‘llanmoqda.
Prezident bu haqda
21-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida tadbirkorlar
va investorlar bilan uchrashuvda aytdi. Uning
nutqi “O‘zbekiston 24” telekanali dasturida namoyish etildi.
“Qashqadaryo
deganimizda bir paytlari faqat paxtadan boshqa najot yo‘q edi desak, u ham
to‘g‘ri bo‘ladi. Bitta narsani bilinglar, O‘zbekistonda biz bugun ertalab 101%
paxta planini bajardik. Men biror marta raqamni maqsad qilib qo‘ymayman.
Manfaat raqam bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident avvallari
O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi dekabr oxirigacha davom etganini eslatdi.
“O‘zi bir paytlari 1-oktabrda
paxta terim boshlanardi, lekin 20-dekabrda ham u tugamasdi. Xuddi kechasi
birov paxta terganday, kechasi shtab bo‘lardi, ertalabga reja
aytilardi”, — dedi u so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida yuz bergan
o‘zgarishlar haqida gapirar ekan.
Davlat rahbariga ko‘ra, bugun
paxtachilik sohasi yangi sharoitlarda rivojlanmoqda. Jumladan, hududlarda
xomashyoni chuqur qayta ishlash korxonalari tashkil etilmoqda, ishlab
chiqarilgan mahsulotlar esa xorijga eksport qilinmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra,
12-oktabr holatiga O‘zbekistonda 3,4 mln tonna paxta xomashyosi terib olingan.
Bu paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari uchun joriy
mavsumda belgilangan 4,5 mln tonnali shartnomaviy ko‘rsatkichning 76 foiziga
teng edi.
22-oktabr holatiga kelib,
terib olingan paxta hajmi 4,63 mln tonnaga yoki rejaning 103 foiziga yetdi,
deb xabar berdi Qishloq
xo‘jaligi vazirligi.
Hosilning qariyb 3,52 mln
tonnasi yoki 76 foizi 3000 ga yaqin paxta terish mashinasi yordamida
yig‘ib olingan. Shu bilan birga, yig‘im-terim hali yakunlanmagan: 49 ming
gektardan ortiq maydonda hosilning birinchi terimi davom etmoqda.
2020-yil mart oyida prezident
shu yilgi hosildan boshlab paxta xomashyosini yetishtirishda davlat
buyurtmasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Qaror fermer
xo‘jaliklari va qayta ishlash korxonalari o‘rtasida bozor munosabatlariga
o‘tishni nazarda tutgan.
Avvalgi davlat xaridlari
tizimi o‘rniga paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan shartnomaviy munosabatlar
joriy etildi. Ishlab chiqaruvchilarga paxtani birja mexanizmlari orqali sotish
imkoniyati ham berildi.
Shu bilan birga, sohada ishlab
chiqarish bo‘yicha prognoz va shartnomaviy ko‘rsatkichlar saqlanib qoldi.
2026-yilda bu ko‘rsatkich 4,5 mln tonna paxta xomashyosini tashkil etadi.
2026-yil fevral oyida Human
Rights Watch xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti va O‘zbekiston Inson
huquqlari forumi tadqiqot e’lon qildi. Unda davlat
buyurtmasi bekor qilinganiga qaramay, fermerlar ekiladigan ekinlarni tanlash
va ishlab chiqarish hajmini belgilashda hanuz cheklovlarga duch kelayotgani qayd etilgan.
Tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy
hokimliklar yerlarning prognoz qilinayotgan hosildorligidan kelib chiqib,
fermerlar uchun paxta va bug‘doy yetishtirish ko‘rsatkichlarini
belgilashda davom etmoqda. Huquqni himoya qiluvchilar belgilangan
ko‘rsatkichlarni bajarmagan fermerlarga nisbatan bosim o‘tkazish, jumladan,
yerni olib qo‘yish bilan tahdid qilish holatlari haqida ham xabar bergan.
Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarga yo‘llagan
javobida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi fermerlar huquqlarining
qonunchilikda belgilangan kafolatlari va mansabdor shaxslarning
g‘ayriqonuniy harakatlari uchun javobgarligini nazarda tutuvchi normalar
mavjudligini ta’kidlagan.
Avgust oyida prezident o‘tmishda siyosiy iroda
yetishmagani sababli “hamma paxtaga qul bo‘lganini” aytgan edi. Yigirma to‘rt soat, o‘n ikki
oy shudgor, chekanka, defoliatsiya, terim bilan shug‘ullanardik. Boshqa
hech narsa bilan shug‘ullanmasdik", — degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Maktab o‘quvchilari esa, Sirdaryo viloyati hokimining so‘zlariga ko‘ra,
“daladan chiqmasdi”.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
27 10 2026 / 12:30