AQShning Wosune International kompaniyasi Qashqadaryoda meva-sabzavotni
qayta ishlashga investitsiyalarni $50 mlngacha oshirmoqchi. Korxona
kengaytirilgach, yiliga 100 ming tonna mahsulotni qayta ishlab, tayyor
ingrediyentlarni AQSh, Yevropa va Osiyo hamda Nestlé, Mars kompaniyalariga
yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
Amerikaning Wosune International kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida
meva-sabzavotni qayta ishlashga investitsiyalar hajmini 50 mln dollarga
yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vakili 21-oktabr kuni
prezident Shavkat Mirziyoyevning “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi
Wosune Food Ingredients Karshi korxonasiga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi. Investitsiya rejalari tafsilotlari “Axborot 24”
dasturida ham yoritildi.
Oziq-ovqat sanoati uchun
ingrediyentlar ishlab chiqaruvchi korxonaga dastlab 8,5 mln dollar investitsiya
kiritilgan. Investorning so‘zlariga ko‘ra, loyiha ikki bosqichdan iborat bo‘lib, umumiy
investitsiyalar hajmi 50 mln dollarni tashkil etadi.
“Sabzavotlarni suvsizlantirish
orqali xalqaro bozor talablariga javob beradigan yuqori sifatli mahsulotlar
ishlab chiqaramiz. Mahsulotlarimiz AQSh, Indoneziya va Yevropa
mamlakatlariga, jumladan, Nestlé va Mars kabi yirik xalqaro kompaniyalarga
yetkazib berishga mo‘ljallangan”, — dedi u.
Zavodda sabzi, bulg‘or qalampiri, oshqovoq, olma, ko‘k piyoz, ismaloq
va turli xil ko‘katlar qayta ishlanadi. Olingan ingrediyentlar tez
tayyorlanadigan lag‘mon va sho‘rvalar, ziravorlar, konserva hamda
kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.
Buning uchun mahsulotlarning tabiiy ta’mi va ozuqaviy xususiyatlarini
saqlab qolish imkonini beruvchi konveksion uskunalardan foydalaniladi. Ishlab
chiqarish jarayonlarining qariyb 30 foizi robotlashtirilgan. Korxonada 150 ta doimiy
ish o‘rni yaratilgan.
Ishlab chiqarish quvvatlari to‘liq ishga tushgach, zavod bir sutkada 310
tonnagacha xomashyoni qayta ishlashi mumkin. Investor bahosiga ko‘ra, yillik aylanma 40 mln
dollarga yetadi.
Prezident
matbuot xizmati xabarida esa
bu summa rejalashtirilgan yillik eksport hajmi sifatida ko‘rsatilgan.
Kutilayotgan xaridorlar qatorida Nestlé va Purina xalqaro brendlari ham
qayd etilgan. Tuzilgan shartnomalar va kelishilgan yetkazib berish hajmlari haqida
ma’lumot berilmagan.
Telelavhada korxonaning dastlabki eksport maqsadi 20 mln dollar ekani,
2029-yilga borib xorijga yetkazib berish hajmini 45 mln dollargacha oshirish
rejalashtirilayotgani ham aytildi.
Eksport va logistika
Amerika kompaniyasi vakili loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston
tanlanganining uchta sababini keltirdi: iqtisodiy islohotlar, mamlakatning
geografik joylashuvi va Qashqadaryo viloyatining qishloq xo‘jaligi
salohiyati.
“O‘zbekistonning geografik
joylashuvi xalqaro bozorlarga chiqishda muhim ustunlik beradi.
Mahsulotlarimizni ikki haftadan kam vaqt ichida Gamburg portiga yetkazish,
Istanbul orqali esa boshqa bozorlarga chiqish imkoniyati mavjud”, — dedi
u.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, korxona hozirning o‘zida
Rossiya, Yevropa va MDH mamlakatlariga mahsulot eksport qilmoqda.
Fermerlar bilan hamkorlik
va ekin maydonlarini kengaytirish
Zavodga tashrif chog‘ida korxonani mahalliy xomashyo bilan ta’minlash va fermer
xo‘jaliklari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek O‘runovning
ta’kidlashicha, qayta ishlash korxonasi qishloq xo‘jaligi ishlab
chiqaruvchilariga, jumladan, odatiy bozorda sotilmay qolgan mahsulotlardan ham
qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi.
“Uchta asosiy manfaatlilik
tomoni bor bu loyihaning. Birinchisi, bu fermerlarimiz uchun,
dehqonlarimiz uchun qo‘shimcha daromad. Chunki bozorga chiqmaydigan mahsulotini
bu yerga sotganidan keyin qo‘shimcha daromad oladi. Ikkinchisi,
bu yerda qayta ishlash o‘zi tashkil qilinib, mahalliy aholimiz ish bilan
ta’minlanadi. Va eng yana bir muhim tarafi, shu mahsulotlarni qayta
ishlangandan chiqadigan tayyor mahsulotni, sabzini qayta ishlash orqali,
piyozni qayta ishlash orqali, bulg‘or qalampirini qayta ishlash orqali, bizga
ularni Amerika bozoriga, Yevropa bozoriga, Janubi-Sharqiy Osiyo bozoriga,
bu Singapur, Indoneziya, Vetnamga eksport qilish imkoniyatini beradi”, —
dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati qariyb 130 mln dollarlik
meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiladi.
Taqdim etilgan hisob-kitobga ko‘ra, mamlakat miqyosida shunga o‘xshash qayta
ishlash loyihalarini amalga oshirish hisobiga 200 mln dollarlik qo‘shimcha
eksport yaratish mumkin.
Muhokama davomida Mirziyoyev 30 ming gektar maydonda eksportbop qishloq
xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni tashkil etish vazifasini belgiladi.
Viloyat va tuman hokimliklari mavjud yer imkoniyatlarini o‘rganib,
istiqbolli yer maydonlarini aniqlash, ularni qayta ishlash korxonalari bilan
hamkorlikda ishga solish bo‘yicha takliflar tayyorlashi kerak.
Prezident fermerlar bilan
to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, ularni avans to‘lovlari orqali
qo‘llab-quvvatlash va yiliga ikki-uch marta hosil olish uchun sharoit
yaratish zarurligini ham ta’kidladi.
Shuningdek, suv ta’minotini yaxshilash, nasos uskunalarini o‘rnatish
va muqobil energiya manbalaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mirziyoyevning aytishicha, tegishli qaror bir oy ichida tayyorlanishi
kerak. U ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyatlarini ham ko‘rib
chiqishni topshirdi.
Prezident matbuot xizmatining rasmiy xabarida zavodni xomashyo bilan
ta’minlash uchun 3500 gektar maydonda meva-sabzavot yetishtirish nazarda
tutilgani aytilgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
28 10 2026 / 10:50