Qonunchilik
palatasi xalqaro sanksiya, to‘lov tizimiga qo‘yilgan cheklov, mablag‘ning
kamida yarmi qaytarilgani kabi yengillashtiruvchi holat mavjud bo‘lganda,
sudlarga tashqi savdo aktivlarini vaqtida qaytarmaganlik uchun jarimani 50%
kamaytirish imkonini beruvchi tuzatishlarni ma’qulladi. Qonun Senatga
yuborildi.
Oliy
Majlis Qonunchilik palatasi yengillashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lganda tashqi
savdo aktivlarini qaytarish muddatini buzganlik uchun jarimalarni ikki
baravarga kamaytirishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni ma’qulladi.
Deputatlar “Valyutani tartibga
solish to‘g‘risida”gi qonunning 11−1-moddasiga kiritilgan tegishli
o‘zgartirishlarni 20-oktabr kuni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat ko‘rib chiqish uchun
Senatga yuborildi.
Qonun loyihasi xorijiy
kontragentlarning xatti-harakatlari, xalqaro to‘lov tizimlari cheklovlari va
o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar tufayli mablag‘larni yoki boshqa
aktivlarni o‘z vaqtida qaytara olmayotgan tadbirkorlarni himoya qilishga
qaratilgan.k
Tashabbusni
ko‘rib chiqish chog‘ida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda iqtisodiy
sudlar 3500 nafar tadbirkorga jami 752 mlrd so‘mlik jarima solgan. 2025-yilda bunday holatlar soni 9100 taga, jarimalar miqdori esa 3,3 trln
so‘mga yetgan.
Qonun loyihasi mualliflarining fikricha, amaldagi qonunchilik tadbirkor
majburiyatlarni vijdonan bajarishga urinayotgan, biroq o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan
sabablarga ko‘ra aktivlarni qaytarishga erisha olmayotgan vaziyatlarni yetarli
darajada inobatga olmaydi.
Jarima qanday holatlarda ikki baravarga kamaytiriladi?
Qonun loyihasiga ko‘ra, quyidagi holatlardan hech bo‘lmaganda bittasi
mavjud bo‘lganda, sud jarimani 50 foizga kamaytirishi nazarda tutilgan:
·
Kompaniya tashqi savdo
aktivlarini qaytarish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha choralarni vijdonan
ko‘rgan, jumladan, sudga, arbitrajga murojaat qilgan yoki qarzni majburiy
undirishning boshqa qonuniy mexanizmlaridan foydalangan.
·
Tashqi savdo operatsiyasi
bo‘yicha aktivlarning kamida 50 foizini qaytarishga erishilgan.
·
Mablag‘larni qaytarish xalqaro
sanksiyalar, bank yoki to‘lov tizimlari cheklovlari yoxud xorijiy kontragent
mamlakatida yoki to‘lov amalga oshirilayotgan davlatda valyuta operatsiyalariga
qo‘yilgan taqiqlar tufayli cheklanib qolgan.
Mazkur holatlar moliyaviy
sanksiya qo‘llash to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda sud tomonidan inobatga
olinishi lozim. Bunda jarimaning kamaytirilishi tashqi savdo bo‘yicha qolgan
qarzdorlikning so‘ndirilishini yoki kompaniyaning uni qaytarish choralarini
ko‘rish majburiyatidan ozod etilishini anglatmaydi.
Ikkinchi o‘qishga kelib nimalar o‘zgardi?
Majlisda parlamentning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq
masalalari qo‘mitasi a’zosi Ulug‘bek Qobulov qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga
tayyorlash jarayonida deputatlar uchta qoidaga aniqlik kiritganini ma’lum
qildi.
Birinchisi tadbirkorning vijdonan harakat qilganini tasdiqlashga taalluqli.
“Fraksiyalar yig‘ilishlarida
ushbu normaga aniqlik kiritish taklif etildi. Natijada, rezident o‘z
huquqlarini himoya qilish uchun sudga, arbitrajga murojaat qilgan yoki majburiy
undirishning boshqa choralarini qo‘llagan holatlar yengillashtiruvchi holatlar
qatoriga kiritildi”, — dedi deputat.
Shu bilan birga, yengib bo‘lmaydigan kuch — fors-major holatlari
belgilangan tartibda tasdiqlangan vaziyatlar uchun alohida shart nazarda
tutilgan.
Ikkinchi o‘zgarish qaytarilgan aktivlar ulushiga taalluqli.
“Birinchi o‘qishda
aktivlarning 50 foizdan ortig‘ini qaytarish nazarda tutilgan bo‘lsa, ikkinchi
o‘qishda bu ko‘rsatkich 50 foiz va undan yuqori etib belgilandi. Buning
natijasida aktivlarning teng yarmi qaytarilgan holatlar ham hech ikkilanmay
tegishli imtiyozni qo‘llash doirasiga kiritiladi”, — deya tushuntirdi
Qobulov.
Uchinchi tuzatish xalqaro cheklovlar bilan bog‘liq. Dastlabki tahrirda
“hammaga ma’lum bo‘lgan xalqaro sanksiyalar” iborasi ishlatilgan edi. Ikkinchi
o‘qishga tayyorlash jarayonida “hammaga ma’lum bo‘lgan” so‘zlari chiqarib
tashlandi.
“Valyutani tartibga solish
to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, tashqi savdo operatsiyalari
bo‘yicha aktivlarni qaytarishning umumiy muddati to‘lov yoki eksport sanasidan
boshlab 180 kunni tashkil etadi. Agar ushbu muddat tugagach, kechikish yana 45
kundan (kichik biznes uchun — 90 kundan) oshib ketsa, quyidagi jarimalar
qo‘llanilishi mumkin: 360 kungacha kechiktirilganda — qaytarilmagan
aktivlar summasining 5 foizi, 360 kundan 545 kungacha — qo‘shimcha 10
foizi va 545 kundan oshganda — yana 35 foizi. Umumiy hisobda
sanksiyalar 50 foizga yetishi mumkin.
Prezidentning 2026-yil 27-avgustdagi
farmonida 2027-yil 1-yanvardan boshlab kamida bitta yengillashtiruvchi holat
mavjud bo‘lgan taqdirda jarimalarni ikki baravarga kamaytirish nazarda
tutilgan. Qonun loyihasi ushbu mexanizmni mustahkamlaydi va uni qo‘llash
shartlariga aniqlik kiritadi. Mazkur imtiyoz davlat ulushi 50 foiz va undan
ortiq bo‘lgan kompaniyalarga, shuningdek, kapitalining kamida 50 foizi bunday
kompaniyalarga tegishli bo‘lgan tashkilotlarga tatbiq etilmaydi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvarga
qadar tadbirkorlarga farmon kuchga kirguniga qadar yuzaga kelgan muddati o‘tgan
eksport qarzdorligini o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirishga ruxsat berildi. Bunda undirilmagan jarimalar to‘langan qarzga mutanosib ravishda bekor
qilinadi. Bunday tushumlar eksport tushumi hisoblanmaydi va QQSning nol
stavkasini qo‘llash huquqini bermaydi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
28 10 2026 / 11:09