Markaziy bank qarori bilan Open bank AJga islomiy bank faoliyatini amalga
oshirish huquqini beruvchi litsenziya berildi. Mazkur ruxsatnoma O‘zbekistonda
shu turdagi faoliyat uchun berilgan birinchisidir.
Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 23-oktabrdagi qaroriga
asosan, Open bank aksiyadorlik jamiyatiga islomiy moliya xizmatlarini
ko‘rsatish huquqini beruvchi 1-I-sonli litsenziya taqdim etildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot
xizmati xabar qildi.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, mazkur
hujjat “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 5−1-moddasida
nazarda tutilgan islomiy moliya operatsiyalarini to‘liq qamrab oladi.
Hujjatda
islom moliyaviy operatsiyalarining oltita asosiy turi nazarda tutilgan:
·
Muzoraba — ishtirokchilar
o‘rtasida foydani taqsimlash sharti bilan moliyalashtirish yoki investitsiya
omonatlarini jalb qilish.
·
Vakola — agentlik
shartnomasi asosida mablag‘larni taqdim etish yoki jalb qilish.
·
Murobaha — tovarlarni
kelishilgan ustama haq bilan mijozga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish
orqali ularning xaridini moliyalashtirish.
·
Salam — tovarlarni
keyinchalik yetkazib berish sharti bilan ular uchun oldindan to‘lov qilish
orqali moliyalashtirish.
·
Mushoraka — loyihalarni
birgalikda moliyalashtirish, sheriklik yoki kompaniyalarning ustav kapitalida
ishtirok etish.
·
Ijara — mol-mulkni
islomiy ijaraga berish, shu jumladan, keyinchalik sotib olish huquqi
bilan.
Shuningdek,
Markaziy bank fuqarolarga bank xizmatlaridan foydalanishdan avval tijorat
banklarining tegishli litsenziyaga ega ekanini tashkilotning rasmiy veb sayti
orqali tekshirib ko‘rishni tavsiya qildi.
Bank haqida
Open bank
2022-yil 24-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bankning ustav fondi 500 mlrd
so‘mni tashkil etadi. Ta’sischisi va 100 foiz ulushdori Future open
technology group AJ hisoblanadi. Rahbari Azamat Shuhratovich To‘rayev.
Bank
2025-yil sentabrgacha Smart Bank nomida faoliya yuritgan. Gazeta’ning bank sohasidagi
axborot manbasi ushbu raqamli bank “Agrobank” shu’basi ekanini tasdiqlagandi.
O‘zbekistonda islomiy banking
Eslatib
o‘tamiz, 2018-yil may oyida muhokamaga qo‘yilgan prezident qarori loyihasi
bilan O‘zbekistonda islom banki va moliyasi infratuzilmasini
yaratish rejalashtirilgan
edi.
Hujjat bilan foiz (ribo)
ko‘rinishidagi mukofotni taqiqlash, foyda va zararlarni loyihada ishtirok
etish ulushiga mutanosib ravishda tadbirkor bilan bo‘lishish, islomiy
moliyalashtirish tamoyillari asosida sug‘urta faoliyati (takaful), lizing
faoliyati (ijara), qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar bo‘yicha faoliyat
(sukuk) va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha normativ-huquqiy
hujjatlarni ishlab chiqish belgilandi.
Tegishli qonun 2025-yil 11-noyabrda
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi, Senat tomonidan 5-fevral
kuni ma’qullangan edi.
2026-yil 25-mart kuni prezidentga
taqdim etilgan taqdimotda O‘zbekistonda 2026-yilda kamida bitta tijorat bankida
“islom darchasi”ni ishga tushirish, 2030-yilgacha esa ikkita to‘laqonli islom
bankini tashkil etish rejalashtirilgani aytilgandi.
Tahlilchilar Karen Srapionov
va Shodlik Nazarov Gazeta’dagi maqolasida sukuk islomiy qimmatli
qog‘ozlari qanday qilib O‘zbekiston iqtisodiyotiga moliyaviy oqimlar manbai
bo‘lishi mumkinligini tushuntirishgandi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
28 10 2026 / 11:50