Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Tibbiyot infratuzilmasi yagona master reja asosida rivojlantiriladi



Ulashing :


O‘zbekistonda tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yagona master reja qabul qilinadi. Tibbiyot muassasalarining joylashuvi va quvvati qayta ko‘rib chiqiladi. Poliklinika va shifoxonalar yagona talablar asosida loyihalashtiriladi. Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorning ishtiroki kengaytiriladi.

O‘zbekistonda tibbiyot infratuzilmasini yagona master reja asosida rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimida esa xususiy sektor ishtirokini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda dushanba kuni Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Tarqoq xizmatlarni birlashtirish

Taqdimotda tibbiyot muassasalarini joylashtirish, qurish va jihozlash aholining ehtiyojiga tayangan holda rejalashtirilishi zarurligi ta’kidlandi. Hozir ayrim hududlarda xizmatlar tarqoq tashkil etilgan, shifo o‘rinlari noto‘g‘ri taqsimlangan, eski binolar va uskunalardan foydalanish esa tibbiy yordam sifatiga ta’sir qilmoqda.

Ishlarni mavjud obyektlar bo‘yicha ishonchli ma’lumotlarni shakllantirishdan boshlash ko‘zda tutilgan. 10 ta viloyatda o‘tkazilgan xatlov sohaga tegishli 3499 ta obyektni aniqladi — bu Kadastr agentligi ma’lumotlaridagidan 494 taga ko‘pdir. Xatlov yakunlariga ko‘ra sog‘liqni saqlash tizimi ko‘chmas mulklarining yagona raqamli reyestri yaratiladi.

Tibbiy yordam ko‘rsatish hududlarini qayta tashkil etish

Mazkur ma’lumotlar asosida 2026−2036-yillarga mo‘ljallangan tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirish master rejalarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Har bir hudud bo‘yicha aholi soni va uning o‘sishi, tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj, muassasalar quvvati, shuningdek, bemorlarning ularga yetib borishi uchun talab etiladigan vaqt hisobga olinadi.

“Master reja qaysi obyektni saqlab qolish, birlashtirish yoki rekonstruksiya qilish, yangisini qayerda qurish, uni qanday jihozlash va qancha mutaxassis zarurligini belgilaydi. Investitsiya dasturlarini ham shu rejalar asosida shakllantirish nazarda tutilmoqda”, — deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Tizimda muassasalar ko‘rsatadigan yordam darajasiga qarab o‘zaro bog‘lanadi. Murakkab va yuqori texnologik xizmatlar tayanch markazlarda jamlanadi, tumanlarda esa bazaviy va shoshilinch tibbiy yordam saqlanadi. Birlamchi bo‘g‘inni rejalashtirishda qishloq va olis aholi punktlari hamda shaharlar uchun alohida xizmat ko‘rsatish me’yorlari qo‘llanadi.

Tibbiyot muassasalarini loyihalashtirishga doir yagona talablar

Bunday yondashuv zarurati Samarqand viloyati misolida ko‘rsatib berildi. Viloyat aholisining 80 foizi tumanlarda yashaydi, biroq tumanlar hissasiga shifo o‘rinlarining 41,7 foizi to‘g‘ri keladi. Master rejada tibbiy hududlarni qayta tashkil etish orqali tumanlar ulushini 67 foizga yetkazish, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish ko‘zda tutilgan.

Samarqand shahri, Urgut, Pastdarg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Payariqda yangi shifoxonalar qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish rejalari haqida axborot berildi. Viloyat markazidagi ixtisoslashgan muassasalarni ko‘p tarmoqli shifoxonalar negizida qayta tashkil etish, markaziy laboratoriyalar, sterilizatsiya va tashxislash xizmatlarini rivojlantirish taklif qilindi. Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Pastdarg‘omda 2030-yilgacha jami 1500 ta yangi shifo o‘rni yaratish nazarda tutilmoqda.

Yangi obyektlar faqat bino qurish bilan cheklanmasligi ta’kidlandi. Poliklinika va shifoxonalarni loyihalashda bemorlar harakatini qulay tashkil etish, infeksion nazorat, inklyuziv muhit va xonalarni jihozlash bo‘yicha yagona talablarni joriy etish taklif qilindi. Davolashda esa xalqaro tavsiyalarga asoslangan klinik protokollarni milliy sharoitga moslashtirish, amaliyotga tatbiq etish va natijalarini muntazam baholash ko‘zda tutilmoqda.

Davolash amaliyotida esa xalqaro tavsiyalarga asoslangan klinik bayonnomalarni milliy sharoitlarga moslashtirish, ularni amaliyotga tatbiq etish va natijalarini muntazam baholab borish mo‘ljallanmoqda.

Sog‘liqni saqlashda xususiy sektorni rivojlantirish

Taqdimotda, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Tibbiy va yordamchi xizmatlarni, jumladan, gemodializ, laboratoriya diagnostikasi, diagnostika xizmatlari hamda uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatishni autsorsing shartlari asosida sotib olish taklif etilmoqda.

Bir yillik shartnomalar o‘rniga besh yilgacha bo‘lgan hamkorlik mexanizmlarini qo‘llash xususiy hamkorlarga uskuna va xizmatlarga uzoq muddatli asosda sarmoya kiritish imkonini beradi.

Takliflarga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalari xizmatlarni sotib oladi, xususiy tashkilotlar esa o‘z hisobidan zarur uskunalarni xarid qilib, ularning ishlashi va yangilanib borishini ta’minlaydi.

Yagona tender hujjatlari va elektron xaridlar tizimini joriy etish, shuningdek, ayrim muassasalarni professional kompaniyalar boshqaruviga berish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

газета.уз


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

29 10 2026 / 10:30