O‘zbekistonda davlat shifoxonalari gemodializ,
laboratoriya, sterilizatsiya, reabilitatsiya va fizioterapiya xizmatlarini
xususiy sektordan xarid qiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni
sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalari xodimlari bilan
uchrashuvda ma’lum qildi.
Davlat rahbari xususiy
klinikalar soni 2017-yildagi 3,5 mingtadan 9 mingtadan ortiqqa yetganini qayd
etdi.
Ayrim yuqori
texnologik xizmatlarda xususiy sektor oldinga o‘tdi: uning ulushi
stomatologiyada 90 foiz, diagnostikada 70 foiz, LOR xizmati, urologiya
va oftalmologiyada 60 foizni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, hududlar
o‘rtasida katta tafovut saqlanib qolmoqda.
Andijon, Farg‘ona, Namangan,
Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida xususiy klinikalarning 35−40
foizi statsionar o‘rinlarga ega. Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo, Jizzax
va Navoiyda bu ko‘rsatkich 15 foizga ham yetmaydi.
Tibbiy reabilitatsiya, nefrologiya,
onkologiya, neyroxirurgiya, psixiatriya, narkologiya va tug‘uruq
komplekslari kabi talab yuqori yo‘nalishlarda xususiy sektor ishtiroki kutilgan
darajada emas. Ushbu yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Prezident tibbiy xizmatlarni
bosqichma-bosqich xususiy sektordan xarid qilishga o‘tilishi va yangi
autsorsing mexanizmlari joriy etilishini ma’lum qildi.
Tadbirkorlarga
zamonaviy uskunalarni o‘rnatish uchun davlat shifoxonalaridan joy ajratilib,
ko‘rsatilgan xizmatlarga sug‘urta tizimi orqali haq to‘lanadi.
Gemodializ, laboratoriya,
sterilizatsiya, reabilitatsiya va fizioterapiya xizmatlari ham
tadbirkorlardan xarid qilinadi.
Har bir hududda
tibbiy xizmatlar bozori va moliyalashtirish mexanizmlari tadbirkor uchun
foydali shartlarda e’lon qilib boriladi.
26-oktabr kuni prezidentga
sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha
qaror loyihasi taqdim etildi.
Hujjatda tibbiy xizmatlar
ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni amaldagi bir yillik muddat o‘rniga besh
yilgacha tuzish imkoniyati nazarda tutilgan.
Uzoqroq muddatli
shartnomalar xususiy kompaniyalarga uskunalar va tibbiy infratuzilmaga
investitsiya kiritish hamda sarflangan mablag‘larni qoplash imkonini berishi
kutilmoqda.
Taklif etilayotgan modelga
ko‘ra, davlat tibbiyot muassasasi xizmatni xarid qiladi, xususiy kompaniya esa
o‘z mablag‘lari hisobidan uskunalarni sotib oladi, ularning ishlashini
ta’minlaydi va yangilab boradi.
Shuningdek, yagona tender
hujjatlarini va elektron xaridlar tizimini joriy etish masalasi ko‘rib
chiqilmoqda. Ayrim tibbiyot muassasalarini boshqarish professional
kompaniyalarga topshirilishi mumkin.
Prezident taqdim etilgan
takliflarni takomillashtirish va ularni bosqichma-bosqich joriy etishni
ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Shavkat Mirziyoyev xususiy
tibbiyot muassasalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralarni ham e’lon
qildi.
Hokimlar har yili
xususiy klinikalar uchun yer uchastkalarini belgilab, e’lon qiladi. Yerlar
faqat shu maqsadda auksionga chiqariladi va qulay shartlarda taklif
etiladi.
Imtiyozlarning aniq shartlari
va yer uchastkalarini ajratish tartibi hozircha ma’lum qilinmagan.
Prezident tibbiyot
muassasalarini yanada oqilona joylashtirish zarurligiga ham e’tibor qaratdi.
Aholi soni ortib, yangi shahar
va massivlar qurilayotgani tibbiyot infratuzilmasini puxta
rejalashtirishni talab etmoqda. Bu ish qilinmasa, bir joyda shifoxona
yetishmaydi, boshqa joyda mavjud quvvat to‘liq ishlatilmaydi.
“Shu bois, endi
yangi muassasalar aholi soni va hududlar joylashuvidan kelib chiqib,
master reja asosida tashkil etiladi”, — dedi davlat rahbari.
Bir kun oldin prezidentga mamlakatning o‘nta
viloyatida tibbiy infratuzilmani xatlovdan o‘tkazish natijalari haqida ham axborot
berilgan edi.
Xatlov davomida sog‘liqni saqlash sohasiga tegishli
3499 ta obyekt aniqlangan. Bu Kadastr agentligi ma’lumotlarida qayd
etilganidan 494 taga ko‘p.
Barcha hududlarda xatlovni yakunlash, obyektlarning
elektron pasportlarini yaratish va tibbiyot sohasidagi ko‘chmas mulkning
yagona raqamli reyestrini shakllantirish taklif qilindi.
Master rejada tibbiy infratuzilmani qayta taqsimlash
va xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish nazarda tutilishi kerak.
2025-yil noyabr oyida prezident xususiy tibbiyot
klinikalarida ko‘rsatiladigan xizmatlar narxi respublika markazlaridagidan past
ekanini ta’kidlagan edi. Shu munosabat bilan davlat tibbiyot muassasalaridagi
narxlarning asosliligini qayta ko‘rib chiqish topshirilgan. Agar xususiy
klinikalarda xuddi shunday xizmatlar arzonroq va sifatliroq
ko‘rsatilsa, tibbiy sug‘urta mablag‘lari
aynan shu klinikalarga yo‘naltiriladi.
2025-yil 4-noyabr kuni
O‘zbekiston hukumati davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davlat
va xususiy tibbiyot muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish
qoidalarini tasdiqladi. Nizomga ko‘ra,
budjet hisobidan tibbiy yordam QR kodli elektron yo‘llanma asosida
ko‘rsatiladi. Ushbu yo‘llanma bemorga rejali statsionar davolanish uchun davlat
yoki xususiy tibbiyot muassasasini tanlash huquqini beradi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
29 10 2026 / 11:19