Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston landshaftlarning iqlimga chidamliligini oshirish uchun 100 mln yevrodan ortiq mablag‘ oladi



Ulashing :


Yashil iqlim jamg‘armasi O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston uchun qiymati 264,4 mln yevro bo‘lgan mintaqaviy dasturni ma’qulladi. O‘zbekistonga 103,7 mln yevro ajratilib, mablag‘ o‘rmon va yaylovlarni tiklash, barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, fermerlarni iqlim o‘zgarishiga moslashtirishga yo‘naltiriladi.

Yashil iqlim jamg‘armasi (Green Climate Fund, GCF) kengashi umumiy qiymati 264,4 million yevro bo‘lgan “Markaziy Osiyoda iqlimga chidamli landshaftlar” (CLiCA) mintaqaviy dasturini ma’qulladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi.

Dastur Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan birgalikda tayyorlangan. O‘zbekiston tomonidan dasturni ishlab chiqish ishlarini qo‘mita huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi muvofiqlashtirdi.

Dastur doirasida O‘zbekiston 103,7 million yevro oladi. Mablag‘lar o‘rmonlar va yaylovlarni qayta tiklash, qishloq xo‘jaligiga iqlimga chidamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, fermerlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashishi uchun zarur moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga sarflanadi.

Dasturning O‘zbekistondagi kutilayotgan natijalari:

· 342 ming nafar aholining (ularning qariyb yarmini ayollar tashkil etadi) iqlim xavf-xatarlariga nisbatan chidamliligini oshirish;

· 164 ming gektar o‘rmon, yaylov va qishloq xo‘jaligi yerlarida iqlimga barqaror boshqaruv usullarini joriy etish;

· 1,07 million tonna CO₂ ekvivalenti hajmida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish hamda ularning yutilishini oshirish.

“Ushbu dasturning ma’qullanishi yanada barqaror hamjamiyatlar va landshaftlarni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bilan birgalikda umumiy maqsadimizni Markaziy Osiyo aholisi va tabiati uchun uzoq muddatli natijaga aylantirishni ko‘zlayapmiz”, — deya ta’kidladi GIZ vakillari.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

30 10 2026 / 11:18