O‘zbekistondagi
10 ta viloyatda joylashgan suv omborlari va ularga tutash hududlarda
turizm xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha master rejalar ishlab chiqiladi.
Ular asosida bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan
yer maydonlari “E-auksion” orqali savdoga qo‘yiladi.
27-oktabr
kuni O‘zbekistonda suv omborlari va ularga tutash hududlarning turistik
hamda iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, aholi
va sayyohlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan prezident qarori
[PQ-387] qabul qilindi.
Hujjatga
ko‘ra, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo,
Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari ikki
oy muddatda suv omborlari atrofidagi bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga
mo‘ljallanmagan yerlarda bosqichma-bosqich turizm xizmatlarini tashkil etish
bo‘yicha master rejalar yuzasidan Turizm qo‘mitasiga taklif kiritadi.
Tasdiqlangan master rejalar asosida yer uchastkalari “E-auksion”
yelektron savdo platformasi orqali auksionga chiqariladi.
Yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar hisobidan
viloyatlar hokimliklari tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda
yo‘l-transport infratuzilmasi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish
choralarini ko‘radi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tegishli idoralar
bilan birgalikda uch oy muddatda suv omborlari va ularga tutash
hududlarda turizm hamda servis obyektlarini joylashtirish, loyihalashtirish va
qurishga doir shaharsozlik normalari hamda qoidalarini takomillashtiradi.
Bunda hududda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan silkinishlar, sel-suv
toshqinlari, ko‘chki va boshqa favqulodda vaziyatlar xavfi majburiy
tartibda inobatga olinadi.
Avvalroq ushbu hujjat bilan suv omborlari atrofida turizm tashkil etgan
tadbirkorlar 2029-yil 1-oktabrgacha yer va mol-mulk solig‘ining 50
foizini to‘lashi, ayrim uskunalar importida bojxona to‘lovlarini 120 kunga
kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkinligi haqida xabar bergandik. Bunda
turizm obyektlarida xavfsizlik va ekologik talablarga rioya qilish shart.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
30 10 2026 / 11:36