Turkiyaning
yirik konglomerati Anadolu Group O‘zbekiston bozoriga o‘zining chakana savdo
tarmog‘ini olib kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning
kompaniya boshqaruv kengashi raisi Kamilxan Suleyman Yaziji bilan uchrashuvida
muhokama qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Savdo tarmog‘ining nomi
ochiqlanmagan. Anadolu Group Turkiyadagi eng yirik chakana savdo tarmoqlaridan
biri — Migros’ni boshqaradi.
Hamkorlikning boshqa
istiqbolli yo‘nalishlari qatorida chorvachilik majmuasini barpo etish hamda
go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari ko‘rib
chiqilgan.
2021-yilda Anadolu Group’ning
shu’ba korxonasi hisoblangan Coca-Cola İçecek Coca-Cola Bottlers
Uzbekistan’dagi davlat ulushini sotib olgan edi, 2025-yilda esa
xoldingning boshqa bir shu’ba korxonasi bo‘lmish Anadolu Isuzu SamAuto
avtozavodidagi davlat ulushini xarid qildi.
Uchrashuvda “kompaniyaning
salqin ichimliklar va avtomobilsozlik sohalarida O‘zbekiston bozoriga
kiritgan yirik investitsiyalari mamlakatdagi islohotlarga bo‘lgan ishonchning
yaqqol ifodasi ekani alohida” ta’kidlangan.
Tomonlar, shuningdek,
“Samarqanddagi SamAuto korxonasini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish
quvvatlari va eksport mahsulotlari hajmini kengaytirish bo‘yicha
qo‘shimcha investitsiya loyihalarini” muhokama qilgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
30 10 2026 / 15:04