Shavkat Mirziyoyev
2-noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda elchixonalar, hokimliklar va ta’lim
muassasalarining fuqarolarni xorijdagi yuqori daromadli ishlarga joylashtirish
bo‘yicha olib borayotgan yetarli bo‘lmagan faoliyatini tanqid qildi. Bu haqda
davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Prezidentning so‘zlariga
ko‘ra, jahon mehnat bozori O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar
ochmoqda, biroq mutaxassislarga bo‘lgan mavjud talabdan to‘liq
foydalanilmayapti.
Xususan, 2026-yilda
Germaniyadan 45 ming nafar mutaxassisga talab tushgan bo‘lsa-da, amalda
bor-yo‘g‘i 2000 kishi ishga joylashtirilgan. Bunga asosiy to‘siq sifatida nemis
tilini biladigan kadrlarning yetishmasligi ko‘rsatildi.
Mirziyoyev texnikum
bitiruvchilari xorijiy ish beruvchilar talablariga javob berishi uchun
kasbiy ta’lim va til tayyorgarligini birlashtirish zarurligini ta’kidladi.
Prezident viloyat
hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga “Intil” xalqaro o‘quv markazi
tajribasini o‘rganish va 2027-yilda har bir hududda yagona migratsiya
markazini tashkil etish topshirig‘ini berdi. Buning uchun har
bir hududga 8 mlrd so‘mdan ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, keyingi yilga
talab yuqori bo‘lgan kasblar va nemis tili bo‘yicha 10 ming kishini
tayyorlash hamda ularning Germaniyada ishga joylashishini ta’minlash vazifasi
qo‘yildi.
Til o‘rgatishni kengaytirish
uchun 2027-yilda maktab va texnikumlarga nemis tilida so‘zlashuvchi 500
nafar mutaxassisni jalb etish ko‘zda tutilgan.
“Yoshlarga ingliz
tilini qanday o‘rgatayotgan bo‘lsak, nemis tili bo‘yicha ham shunday yondashuv
kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari, shuningdek,
keyingi o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida nemis tili
o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini ikki baravarga
oshirishni topshirdi.
Bundan tashqari, har bir
viloyatdagi ikki-uchta texnikumda kasbiy tayyorgarlik bilan bir vaqtda nemis
tilini o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish zarur.
Yig‘ilishda keltirilgan
ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyaning Telc kompaniyasi “Intil” xalqaro o‘quv
markazida 100 nafar nemis tili o‘qituvchisini tayyorlashni boshlab yuborgan.
2027-yil boshidan ular hududiy texnikumlarga ishga yuborilishi kerak.
O‘zbekistonda
Germaniyada ishlash uchun kasbiy va til tayyorgarligi bo‘yicha qo‘shma
dasturlar ishga tushgan. Xususan, Globogate kompaniyasi bilan hamkorlikda
mamlakatdagi 20 ta tibbiyot texnikumida har yili 1500 nafar hamshira
tayyorlanmoqda.
Qarshidagi Ilg‘or kasbiy
mahorat texnikumida germaniyalik o‘qituvchilar yoshlarga til va kasbiy
ko‘nikmalarni o‘rgatmoqda.
Andijonda tadbirkor
texnikumning bo‘sh turgan binosini ta’mirlab, Germaniyadan o‘qituvchi jalb
etdi. Prezidentga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda har yili
1500 nafar mutaxassis tayyorlanadi. Mirziyoyev ushbu tajribani boshqa
hududlarga ham ommalashtirishni topshirdi.
Bundan tashqari, Germaniya,
Yaponiya va Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalari o‘zlariga zarur
mutaxassislarni bevosita O‘zbekiston texnikumlarida tayyorlashga qiziqish
bildirmoqda. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, xorijiy ish beruvchilar ta’lim
dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etishga va o‘quv muassasalarini
jihozlashga investitsiya kiritishga tayyor.
Prezident bir
oy muddatda 20 ta texnikumni tanlab olish va 2027-yildan boshlab
ularning ta’lim dasturlarini xorijiy ish beruvchilar talablariga
moslashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Yig‘ilishda, shuningdek,
boshqa rivojlangan mamlakatlarga mehnat migratsiyasini kengaytirish
imkoniyatlari muhokama qilindi. Prezident tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga
ko‘ra, Buyuk Britaniyada 33 ming nafar xodimga ehtiyoj mavjud. Biroq
o‘zbekistonliklar hozircha u yerga asosan mavsumiy qishloq xo‘jaligi
ishlari uchun yuborilmoqda.
Mirziyoyev sog‘liqni saqlash,
logistika va sanoat sohalarida ish beruvchilar bilan aniq kelishuvlar
mavjud emasligini ko‘rsatib o‘tdi.
Ishtirokchi
mamlakatlarning yosh fuqarolari uchun Buyuk Britaniyada vaqtincha yashash
va ishlash imkoniyatini nazarda tutuvchi Youth Mobility Scheme (“Yoshlar
mobilligi”) britan dasturida O‘zbekistonning ishtirok etishi masalasi ham hal
etilmagan.
Prezident Italiya bilan ham
mehnat migratsiyasi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga
erishilgani, ammo ulardan yetarlicha faol foydalanilmayotganini ta’kidladi.
Davlat rahbarining so‘zlariga
ko‘ra, Yevropa Ittifoqi ilk bor Markaziy Osiyodan mutaxassislarni jalb qilishni
o‘zining migratsiya strategiyasiga kiritdi, biroq elchilar, hokimlar
va texnikumlarning ushbu imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha ishlari
haligacha yetarli emas.
Ijobiy misol sifatida
prezident Germaniya, Turkiya, Slovakiya va Qatar ish beruvchilari bilan
hamkorlikni tilga oldi.
U, shuningdek, O‘zbekistonda
ingliz tilini bilish bo‘yicha sertifikat olgan 200 mingga yaqin yoshlar
borligiga e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, ular uchun AQSh, Kanada,
Avstraliya, Yangi Zelandiya, Shvetsiya va Daniyada ishga joylashish imkoniyatlarini
yaratish bo‘yicha ishlar yetarli darajada olib borilmayapti.
2024-yil sentabr oyida
O‘zbekiston va Germaniya migratsiya va mobillik sohasida har
tomonlama sheriklik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzoladi. Hujjat qonuniy mehnat migratsiyasini, kasbiy
tayyorgarlikni va ikki davlatning vakolatli idoralari o‘rtasidagi
hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
2026-yil aprel oyida prezidentga
o‘tkazilgan taqdimotda xorijiy mamlakatlardan 100 mingdan ortiq malakali
mutaxassislarga talabnomalar tushgani xabar qilingan edi. Xususan,
Germaniyaga 40 ming nafar hamshira, Yaponiyaga esa qurilish, logistika
va xizmat ko‘rsatish sohalarida 15 ming nafar xodim zarur bo‘lgan.
O‘sha vaqtda xorijiy kompaniyalar bilan “kasb plyus
til” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan 12 ta qo‘shma loyiha bo‘yicha 8,5
ming nafar O‘zbekiston fuqarosi tahsil olayotgan edi. Yana 3 ming nafar
bitiruvchi allaqachon ishga joylashtirilgan edi.
Migratsiya agentligi tomonidan oktabr oyida taqdim
etilgan ma’lumotlarga ko‘ra,
2026-yilda idora 42 ta mamlakatning 716 ta ish beruvchisi
va rekruting tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkazib, 132 ta yangi
bitim tuzdi. Natijada taklif etilayotgan o‘rtacha ish haqi $1500 dan boshlanadigan
262,2 mingta bo‘sh ish o‘rni aniqlandi.
Hisobot chop etilgan vaqtdagi
holatga ko‘ra, xorijda 171,2 ming nafar fuqaro ishga joylashtirildi. Yana 33,3
ming kishi chet tillari va talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qishga jalb
etildi.
Buyuk Britaniyada O‘zbekiston,
xususan, HOPS Labour Solutions va Pro-Force Limited rekruting
kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda. Migratsiya agentligining 2026-yil iyul
oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, ular
orqali 7664 nafar O‘zbekiston fuqarosi mavsumiy ishlarga joylashtirilgan. Idora
ma’lumotlariga ko‘ra, ularning o‘rtacha oylik daromadi $2500 ni tashkil
etgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
02 11 2026 / 13:51