Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistondagi texnikumlar kadrlar tayyorlash uchun tadbirkorlarga 15 yilga beriladi



Ulashing :


O‘zbekistonda har bir hududdagi 2−3 ta texnikumni tadbirkorlarga 15 yil muddatga boshqaruvga berish rejalashtirilmoqda. Ular har yili mahalliy va xorijiy mehnat bozori uchun kamida 30 ming nafar mutaxassis tayyorlashi kerak bo‘ladi. 2027-yilda ikkita xalqaro rekruting kompaniyasini jalb etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda xususiy biznesning kasbiy ta’limdagi ishtirokini kengaytirish va fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish uchun xalqaro rekruting kompaniyalarini jalb etish rejalari haqida ma’lum qildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qurilish, sanoat va logistika sohalarida malakali ishchilarga talab mamlakat ichida ham, xalqaro mehnat bozorida ham oshib bormoqda. Biroq kadrlar tayyorlashning mavjud tizimi ish beruvchilar ehtiyojlariga hozircha to‘liq javob bermayapti.

Prezident vaziyatni o‘zgartirish uchun tadbirkorlarni texnikumlarni boshqarishga faolroq jalb etish, shuningdek, ta’lim muassasalarining xorijiy kompaniyalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorligini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekistonning har bir hududida ikkitadan uchtagacha texnikumni yirik tadbirkorlar boshqaruviga berish rejalashtirilmoqda. Boshqaruv muddati 15 yilni tashkil etadi. Ushbu o‘quv muassasalari orqali har yili o‘qishni tugatgach, darhol ishga kirishishga tayyor bo‘lgan kamida 30 ming nafar mutaxassis tayyorlash ko‘zda tutilgan. Bitiruvchilar davlat namunasidagi malaka sertifikatlarini oladi.

Prezident misol tariqasida poytaxtning Sergeli tumanida joylashgan Toshkent quvur zavodini keltirdi. Korxona o‘z ustalarini jalb qilgan holda har yili 2500 nafar payvandchi, elektrik va chilangar tayyorlash tashabbusi bilan chiqqan.

Biznesni rag‘batlantirish uchun soliq va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari nazarda tutilmoqda. Jumladan, tadbirkorlar kadrlar tayyorlash va texnikumlarni jihozlash bilan bog‘liq xarajatlarni soliq solinadigan bazadan chegirib tashlashi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, xorijda yuqori maoshli ishga muvaffaqiyatli joylashgan har bir bitiruvchi uchun grant ajratish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Grantlar miqdori va ularni taqdim etish tartibi hozircha aniqlashtirilmagan.

Ta’lim muassasalari mutaxassislarni muayyan bo‘sh ish o‘rinlari uchun tayyorlash maqsadida xorijiy ish beruvchilar bilan bevosita hamkorlik qiladi.

“Men ishonaman: chempion tadbirkorlarimiz chet elda “o‘zbek mutaxassislari brendi”ni yaratishda ham davlatga ko‘makchi bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident yig‘ilishda so‘zga chiqib, amaldagi kasbiy ta’lim tizimi samaradorligini tanqid qilgan edi.

“Barcha viloyatlarda katta binolarni egallab turgan texnikumlar bor. Ular mamlakat va xalqqa qanday naf keltiryapti? Texnikum direktorlari katta maosh oladi, ammo natijalar qani?” — dedi davlat rahbari, deb xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Mirziyoyev yoshlarni maktabni tamomlaguniga qadar talab yuqori bo‘lgan kasblar va xorijiy tillarga o‘rgatish zarurligini ta’kidladi.

Prezident alohida topshiriq berib, bir oy ichida ta’lim dasturlari 2027-yildan boshlab xorijiy ish beruvchilar talablariga moslashtiriladigan 20 ta texnikumni tanlab olishni topshirdi. Yig‘ilishda aytilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalari o‘zlariga kerakli mutaxassislarni bevosita O‘zbekistonda tayyorlashdan manfaatdor.

O‘zbekistonga ikkita yirik xalqaro rekruting kompaniyasi jalb qilinadi

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Mirziyoyev xalqaro mehnat bozorida yirik rekruting kompaniyalari ish beruvchilar va malakali mutaxassislar o‘rtasida muhim bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanganini ta’kidlagan.

Davlat rahbari shunday tashkilotlar O‘zbekistonda mustaqil ravishda mutaxassislar tayyorlashi va ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijga ishga joylashtirishi uchun sharoit yaratishni topshirdi. 2027-yilda ikkita yirik xalqaro rekruting kompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2026-yilda 34 ta mamlakatda O‘zbekistonning 287 ming nafar fuqarosini ishga joylashtirish imkoniyatlari aniqlangani ma’lum qilindi.

Prezident ta’kidlashicha, aholi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida yetarlicha xabardor emas. Bundan tashqari, Migratsiya agentligining “mahalla yettiligi” bilan hamkorligi samarali yo‘lga qo‘yilmagan.

“Shu bois, mazkur tizimni ham o‘zgartiramiz. Migratsiyada bizga raqam emas, sifat kerak!” — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident xorijdagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni har bir mahallaga yetkazishni topshirdi.

Ish beruvchining har bir buyurtmasi bo‘yicha mutaxassislarga qaysi mamlakatda talab borligi, qanday malaka talab etilishi, qaysi tillarni bilish zarurligi va qayerda tayyorgarlikdan o‘tish mumkinligini ko‘rsatish kerak.

“Mahalla yettiligi” fuqarolarni bu imkoniyatlar haqida xabardor qiladi va xorijda ishlash istagida bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni “Onlayn-mahalla” platformasiga kiritadi.

Hokimlar va mas’ul idoralar nomzodlarni kasbiy va til bo‘yicha tayyorlash, shuningdek, ularni keyinchalik ishga joylashtirish uchun javob beradi. Viloyat hokimlariga bu ish natijalarini har oyda, tumanlar rahbarlariga esa oyiga ikki marta ko‘rib chiqish topshirildi.

Tadbirkorlarning kasbiy ta’limdagi ishtirokini kengaytirish masalasi avval ham muhokama qilingan. 2026-yil iyun oyida prezident xususiy kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqqan.

O‘shanda xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritayotgan ta’lim va baholash markazlari sonini uch yil ichida 50 tadan 200 taga yetkazish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Xususiy kasbiy ta’lim bilan qamrab olinadiganlar sonini esa yiliga 45 mingdan 500 ming nafarga oshirish ko‘zda tutilgan.

Buning uchun 300 dan ortiq ta’lim dasturini qayta ko‘rib chiqish, mingdan ziyod o‘qituvchi va ustalarning malakasini oshirish, shuningdek, Bandlik jamg‘armasidan 500 milliard so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Xususiy o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlash choralari qatorida imtiyozli kreditlar berish, uskunalar xaridi va xorijiy o‘qituvchilarni jalb qilish xarajatlarining bir qismini qoplash, shuningdek, bo‘sh turgan davlat binolarini taqdim etish taklif qilingan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

03 11 2026 / 11:14