O‘zbekiston
prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni mehnat migratsiyasi masalalariga
bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan chet
el fuqarolarining bandligini tartibga solish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Bu haqda Gazeta muxbiri xabar bermoqda.
Davlat rahbarining so‘zlariga
ko‘ra, iqtisodiyotning rivojlanishi va turmush darajasining oshishi
sharofati bilan O‘zbekiston chet el fuqarolari uchun yanada jozibador
bo‘lib bormoqda. Mamlakatda uzoq vaqtdan beri yashayotganlar orasida ularning
soni 250 ming kishiga yaqinlashmoqda.
“Biz bu yo‘nalishda
ham ochiqlik siyosatimizni davom ettiramiz. Shu bilan birga, bu yerda
tartib-intizom bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda keltirilgan
ma’lumotlarga ko‘ra, xorijliklarning umumiy sonidan 36 ming nafari ishlash
uchun ruxsatnoma olgan bo‘lsa, yana 24 ming nafari talabalardir.
Prezident davlat organlari
qolgan chet el fuqarolari nima bilan shug‘ullanayotgani va qanday manbalar
hisobidan daromad olayotgani haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerakligini
ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida davlat
rahbari, shuningdek, xorijlik ishchilarning norasmiy bandligi
va daromadlarini deklaratsiya qilmasligining ehtimoliy ko‘lamlariga ham
e’tibor qaratdi.
“Nima uchun
ularning aksariyati ish haqini 2 mln so‘m miqdorida ko‘rsatadi? Soliq idoralari
qayoqqa qarayapti? Agar ularning faoliyati soyadan chiqarilsa, budjet
qo‘shimcha ravishda 1,5 trln so‘m oladi”, — dedi prezident.
Prezidentga taqdim etilgan
ma’lumotlarga ko‘ra, ishlash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan xorijliklarning 80
foizi qurilish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik sanoati
va xizmat ko‘rsatish sohalarida band.
Qayd etilishicha, ushbu
ishchilarning katta qismi yuqori malaka talab qilmaydigan ishlarni bajaradi.
Mirziyoyev o‘z mehnat bozorini
himoya qilish rivojlangan davlatlarda keng tarqalgan amaliyot ekanini
ta’kidlab, yangi ish o‘rinlari yaratishda, birinchi navbatda, O‘zbekiston
fuqarolari bandligini ta’minlashga chaqirdi.
“Nima uchun biz
birinchi navbatda o‘z ishchilarimizni yangi ish o‘rinlariga joylashtirmayapmiz?
Axir barcha davlatlar, hatto Yevropa mamlakatlari ham birinchi navbatda o‘z
mehnat bozorini himoya qiladi-ku”, — dedi prezident.
Shu bilan birga, davlat
rahbari O‘zbekiston chet el fuqarolari uchun ochiqlik siyosatini davom
ettirish niyatida ekanini qayd etdi.
Prezident mas’ul idoralarga
bir oy muddatda O‘zbekistonga uzoq muddatga kelgan chet
el fuqarolarining yashash va ishlash joylarini monitoring qilish
platformasini ishga tushirishni topshirdi.
Tizim chet elliklarning
bandligi va ularning daromad manbalari haqida to‘liqroq ma’lumot olish
imkonini berishi kutilmoqda.
“Aholi bandligi
to‘g‘risida”gi qonun va Mehnat kodeksiga muvofiq,
O‘zbekistonga yollanib ishlash uchun kelayotgan chet el fuqarolari, qoida
tariqasida, mehnat faoliyatiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatni olishlari
kerak. Shu bilan birga, qonunchilikda chet elliklarning ayrim toifalari
uchun istisnolar nazarda tutilgan.
Hujjat Migratsiya agentligi
tomonidan beriladi. Ish beruvchi yoki chet el fuqarosi ushbu hujjatni
olish uchun Yagona interaktiv davlat
xizmatlari portali (YAIDXP) orqali murojaat qilishi mumkin.
Rasmiylashtirish uchun,
xususan, ish haqi ko‘rsatilgan mehnat shartnomasi loyihasi, ish beruvchi
haqidagi ma’lumotlar, malaka to‘g‘risidagi hujjatlar va chet
el fuqarosining pasporti talab qilinadi. Arizani ko‘rib chiqishda
vakolatli organlar xorijlik ishchini jalb qilishning maqsadga muvofiqligini,
jumladan, tegishli bo‘sh ish o‘rinlari uchun mahalliy mutaxassislar
mavjudligini hisobga olgan holda baholaydi.
Yuqori malakali va malakali xorijiy
mutaxassislarga tasdiqnoma mehnat shartnomasi muddatiga, lekin uch yildan
ortiq bo‘lmagan muddatga berilishi mumkin. Bunday tasdiqnoma talab qilinadigan
boshqa chet ellik ishchilar uchun — uzaytirish imkoniyati bilan bir yildan
ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi.
Shu bilan birga, chet
elliklarning ayrim toifalari tasdiqnoma olishdan ozod qilingan. Ularga,
masalan, O‘zbekistonda yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar va IT
Park rezidenti bo‘lgan kompaniyalarda ishlayotgan ba’zi xorijiy mutaxassislar
kiradi.
Chet el fuqarolarining
mehnat faoliyati masalasi avval ham ko‘tarilgan edi. 2026-yil aprel oyida
migratsiya masalalari bo‘yicha Shavkat Mirziyoyevga qilingan taqdimotda O‘zbekistonda xorijlik ishchilar faoliyatini
nazorat qilish uchun Migratsiya nazorati xizmati yaratilishi ma’lum qilingandi.
Rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi mamlakatga faqat viza
bilan kirib, ruxsatnomasiz ishlamoqda. Har bir hududda migrantlarni tayyorlash
markazlari paydo bo‘ladi, u yerda ularga til va kasblar o‘rgatiladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
03 11 2026 / 14:22