Shavkat Mirziyoyev Buxoro
viloyatiga tashrifi doirasida yangi obyektlarni ishga tushirish
va istiqbolli loyihalar qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi,
deya xabar qildi Prezident
matbuot xizmati.
Dastur neft-kimyo, to‘qimachilik, qurilish
materiallari, mashinasozlik, energetika, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika,
raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, uy-joy
qurilishi, infratuzilma, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida umumiy
qiymati 7,8 milliard dollar bo‘lgan 145 ta loyihadan iborat. Shundan 654 million
dollarlik 55 ta loyiha ishga tushirilmoqda, qiymati 7,1 milliard dollar
bo‘lgan yana 90 tasining qurilishi boshlanmoqda.
Loyihalarda AQSh, Kanada,
Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy, Vetnam, Turkiya,
Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Hindiston
investorlari, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki
hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirok etmoqda.
Ularning amalga oshirilishi
natijasida 14 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi, yiliga 22 trillion so‘mlik
mahsulot ishlab chiqarilishi va 510 million dollarlik eksport imkoniyati
paydo bo‘lishi kutilmoqda.
“Maqsadimiz
bitta — import o‘rnini bosadigan va tashqi bozorlarda talab yuqori
bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish”, — dedi davlat rahbari.
G‘ijduvonda ACWA kompaniyasi bilan 300 megavattli
“Bosh-2” shamol elektr stansiyasi, Jondorda Toyota Corporation va Peshkuda
Sinoma kompaniyalari ishtirokida umumiy quvvati 1 ming megavatt bo‘lgan shamol
elektr stansiyalarining qurilishi davom etayotgani qayd etildi.
Xitoylik hamkorlar bilan Kogon tumanida maishiy
chiqindilardan elektr energiyasi olishga qaratilgan 165 million dollarlik
loyihani amalga oshirish, Germaniyaning Leman kompaniyasi bilan esa
“Amu-Buxoro” kanali nasos stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlash
bo‘yicha 150 million dollarlik loyihani yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Buxoro shahrida
Kurt Baver brendi ostida yiliga 62 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradigan
to‘qimachilik kompleksi barpo etiladi. Romitanda xitoylik investorlar
ishtirokida qiymati 400 million dollar bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasteri
tashkil etilmoqda.
Ushbu loyihalar doirasida 9
ming gektar yerni o‘zlashtirish tashabbusi ham ilgari surilgan. Natijada yuqori
qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini 65 foizga yetkazish va qo‘shimcha 100
million dollarlik eksport imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Turizm bo‘yicha loyihalar ham
ko‘rib chiqildi.
“Qadimiy obidalar, madaniy
meros va zamonaviy infratuzilma uyg‘unligi Buxoroni sayyohlarning sevimli
maskaniga aylantiryapti. Bugungi tadbirimiz o‘tayotgan, yangidan barpo
etilayotgan Buxoro turizm markazi ana shu ezgu maqsadga xizmat
qiladi”, — dedi davlat rahbari.
Markazda “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki,
ko‘rgazmalar zali, zamonaviy mehmonxonalar, madaniy va ko‘ngilochar maskanlar
barpo etiladi. Shuningdek, Buxoro shahrida Indigo, Holiday Inn va Hilton xalqaro
brendlari ostida mehmonxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
“Umuman, Buxoroda
qiymati 3 milliard dollarlik 19 ta yirik loyihani boshlaymiz. Agar
bu ishlarni tizimli tashkil qilsak, birgina Buxoroning o‘zida bemalol 5
milliard dollarlik turizm xizmatlari eksportini ta’minlaymiz”, — dedi
prezident.
Kelgusi besh yilda Buxoro
viloyati aholisini to‘liq ichimlik suvi bilan, yirik shaharlar va tuman
markazlarini esa kanalizatsiya tarmog‘i bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Xalqaro hamkorlar bilan umumiy qiymati 633 million dollar bo‘lgan ikkita yirik
loyiha boshlangan. Ularning hisobiga 2 million nafar aholining suv ta’minoti
yaxshilanadi, 781 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suviga ega bo‘ladi.
Shuningdek, viloyatning
tranzit salohiyatini uch karra oshirishga qaratilgan, qiymati 565 million
dollar bo‘lgan yettita yo‘l loyihasi amalga oshiriladi.
Prezident ramziy tugmani
bosib, yangi obyektlarni ishga tushirdi va istiqbolli loyihalar
qurilishiga start berdi. Xorijlik investorlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Shu yerning o‘zida davlat
rahbari Buxoro infratuzilmasini 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan
sammitlarga puxta tayyorlash yuzasidan mutasaddilarning axborotlarini tingladi
va tegishli topshiriqlar berdi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
04 11 2026 / 9:05