Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga
tashrifi chog‘ida Vetnamning ROX Group kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda
amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu
haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Kompaniya vakillari
Buxoroda ikkita, Toshkent shahrining Uchtepa tumani va Samarqandda
bittadan — jami to‘rtta shaharsozlik loyihasi haqida axborot berdi.
Ularning umumiy maydoni 285 gektarni, investitsiya hajmi 4,5 milliard dollarni
tashkil etadi. Loyihalar 115 ming nafar aholi uchun mo‘ljallangan.
Buxoro tumanida 65 gektar,
Buxoro shahrida esa 25 gektar maydonda yangi turar joy massivlari qurilishi
boshlandi. Ularda 30 ming nafar aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joylar,
mehmonxonalar, biznes markazlari, savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar
obyektlar barpo etish ko‘zda tutilgan.
Uchtepa tumanidagi loyiha
zamonaviy shahar muhitini yaratishga, Samarqanddagi tashabbus esa mavjud
sayyohlik majmuasi atrofidagi infratuzilmani kengaytirishga qaratilgani qayd
etilgan. Vetnamlik investor Jizzax viloyatining Zomin tumanida sanoat zonasi
tashkil etish tashabbusini ham ilgari surdi.
Prezident taqdim etilgan
konsepsiyalarni ma’qullab, loyihalarda ilg‘or shaharsozlik yechimlarini
qo‘llash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Mutasaddilarga loyihalar uchun zarur
infratuzilma va amalga oshirish mexanizmlarini kompaniya bilan birgalikda
puxta ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
ROX Group — 1996-yilda
Vetnamda tashkil etilgan ko‘p tarmoqli investitsiya guruhi. U ko‘chmas mulk,
energetika, bank ishi, mehmonxona biznesi va xizmat ko‘rsatish sohalarida
faoliyat yuritadi.
Avvalroq ROX Group Toshkentda
Uchtepa City’ni qurishga 1,5 mlrd dollar investitsiya kiritishni
rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Toshkent shahri hokimi
o‘rinbosari Sharof Rahmonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida
poytaxtda ROX Group bilan ikkita asosiy yo‘nalish — qurilish
va moliya sohalarida hamkorlik qilish rejalashtirilayotganini aytgandi.
“Qurilish sohasida Uchtepa
tumanida 37 gektar maydonda Uchtepa City loyihasini amalga oshirishni
rejalashtiryapmiz. Loyiha zamonaviy ishbilarmonlik va ko‘ngilochar markazlar,
turar joylar hamda mutlaqo yangi infratuzilmani barpo etishni nazarda
tutadi”, — degandi hokim o‘rinbosari.
ROX Group asoschisi An Tuan
Chan uchrashuvdan so‘ng kompaniya O‘zbekistonda “yirik, uzoq muddatli
va barqaror investitsiya loyihalarini” amalga oshirish niyatida ekanini
ma’lum qilgandi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
04 11 2026 / 9:14