Buxoro
viloyatining Olot tumanida qiymati 350 mln dollarlik yirik ma’lumotlarni qayta
ishlash markazi (data markaz) qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda tuman
hokimi Nargiza Ne’matova 4-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida
o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Gazeta muxbiri
“O‘zbekiston 24” telekanali reportajiga tayanib.
Tuman hokimining so‘zlariga
ko‘ra, loyiha yaylovlar va sug‘orilmaydigan yerlar hududida amalga
oshiriladi. Xorijiy investorlar 90 gektarlik yer maydonini allaqachon sotib
olgan va loyihani amalga oshirishga kirishmoqda.
“Chet
el investorlari yaylovlarda, sug‘orilmaydigan maydonlarda to‘qson gektar
yerni data markazi uchun sotib oldi. Ish boshlayapti. Demak, 350 million
dollarlik ish qilyapti, kelajakda doimiy 300 o‘rinli ish bo‘ladi”, — dedi
Nargiza Ne’matova.
Hokim investor sifatida aynan
qaysi kompaniyalar ishtirok etayotgani, ularga yer qaysi shartlarda berilgani
va qurilishni qachon yakunlash rejalashtirilayotganini aniqlashtirmadi.
Data markazning loyihaviy
quvvati, elektr ta’minotining taxminiy manbalari, uskunalarni sovitish uchun
qancha suv kerak bo‘lishi va bo‘lg‘usi obyektdan qanday maqsadda
foydalanilishi ham ochiqlanmagan.
Data markazlar serverlarni
joylashtirish, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash uchun mo‘ljallangan
maxsus majmualar hisoblanadi. Ular ishlashi uchun uzluksiz elektr ta’minoti,
sovitish va zaxira tizimlari, shuningdek, yuqori tezlikdagi aloqa
kanallari zarur.
Yig‘ilishda Olot tumani hokimi
qayta tiklanuvchi energetika loyihalarining aholi bandligi
va daromadlariga ta’siri haqida ham gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Masdar
kompaniyasi tomonidan quvvati 250 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasining
qurilishi nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirish, balki yangi
ish o‘rinlarini yaratish imkonini ham bergan.
“Energiya iqtisod
bo‘ladi, mablag‘ iqtisod bo‘ladi, deb adashgan ekanman. Shu joyda 1,5 mingta
odam ishlagan bo‘lsa, mingtasi olotlik bo‘ldi. Daromadi oshdi”, — dedi
Nargiza Ne’matova.
Uning ta’kidlashicha, boshqa
hududlar va xorijdan kelgan ishchilarga transport xizmati ko‘rsatgan,
ularni ovqat bilan ta’minlagan va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullangan
mahalliy tadbirkorlar ham qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan.
“Avval bizlar bularga
imtiyozli kredit bergan bo‘lsak, to‘lab bilmasdi, to‘lovchanlik qobiliyati yo‘q
edi”, — dedi hokim.
Uning so‘zlariga
ko‘ra, tumanda Germaniyaning Leman kompaniyasi ishtirokida quvvati 80 MVt
bo‘lgan, 40 MVtlik energiyani saqlash tizimiga ega quyosh elektr stansiyasini
qurish loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Obyekt elektr energiyasiga ehtiyoji
yuqori bo‘lgan Amu-Buxoro kanali nasos stansiyalarini elektr energiyasi bilan
ta’minlashga mo‘ljallangan.
Avvalroq prezident matbuot
xizmati Germaniyaning Leman kompaniyasi bilan kanal nasos stansiyalarining
barqaror ishlashini ta’minlash uchun qiymati 150 mln dollarlik loyihani amalga
oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan.
Bundan tashqari, 2026-yil iyun
oyida O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi va Germaniyaning Leman SWMS
Investment konsorsiumi 19 ta yirik nasos stansiyasini modernizatsiya
qilish bo‘yicha kengroq loyiha doirasida elektr energiyasini xarid qilish
to‘g‘risida kelishuv imzolagan.
Loyiha doirasida to‘qqizta
maydonda umumiy quvvati 800 MVtgacha bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini,
shuningdek, sig‘imi 400 MVt/soatgacha bo‘lgan elektr energiyasini saqlash
tizimlarini qurish ko‘zda tutilgan. Jami investitsiyalar hajmi taxminan 940 mln
dollarga baholangan, loyihani amalga oshirish muddati — 2027−2030-yillar.
Buxoro viloyatida raqamli
infratuzilmaning bir nechta loyihasi allaqachon amalga oshirilmoqda.
2024-yil may oyida Raqamli
texnologiyalar vazirligi Saudiya Arabistonining DataVolt kompaniyasining ko‘p
bosqichli investitsiya dasturini taqdim etgan. Unda 2030-yilga
qadar O‘zbekistonda jami 5 mlrd dollargacha investitsiya kiritgan holda uchta
ma’lumotlarni qayta ishlash markazini qurish ko‘zda tutilgan.
Birinchi bosqichda kompaniya
Toshkentdagi loyihani amalga oshirishga kirishgan. Ikkinchi bosqichda Yangi
Toshkentda data markaz tashkil etish, uchinchi bosqichda esa Buxoro viloyatida
25 gektar maydonda obyekt qurish rejalashtirilgan.
Buxorodagi obyektning dastlabki quvvati 40 MVt etib
baholangan bo‘lib, keyinchalik uni 250 MVtgacha oshirish imkoniyati ko‘zda
tutilgan.
2026-yil iyun oyida Beeline Uzbekistan
va DataVolt Buxorodagi data markazni birgalikda amalga oshirish
va ekspluatatsiya qilish imkoniyatini o‘rganish bo‘yicha memorandum imzolagan.
O‘shanda tomonlar uning
qiymati, aniq joylashuvi va qurilish muddatlarini ochiqlamagan.
Nargiza Ne’matova
e’lon qilgan 350 mln dollarlik loyiha DataVolt rejalari bilan bog‘liqmi
yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Avvalroq 25 gektarlik
yer maydoni haqida xabar berilgan, Olot tumani hokimi esa 90 gektarlik hududni
tilga olgan.
Bundan tashqari, 4-noyabr kuni
prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati Kogon tumanida Beeline
Uzbekistan’ning qiymati 40 mln dollar bo‘lgan boshqa data markazi ishga
tushirilishiga start bergan. Loyiha Raqamli
texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib,
operatorning raqamli xizmatlari ishonchliligini oshirishga mo‘ljallangan.
Sentabr oyida Uztelecom ham
Buxoro va Qo‘qonda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini ishga tushirgan. Ular bulutli
hisoblash, katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash va sun’iy intellekt
xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
05 11 2026 / 14:49