O‘zbekistonda
2030-yilgacha muhim metallar bo‘yicha ishlab chiqarish hajmini 2,7 milliard
dollardan oshirish va uran qazib olishni ikki baravarga ko‘paytirib, 15
ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek,
volframni chuqur qayta ishlash bo‘yicha 1,1 milliard dollarlik loyihalar amalga
oshiriladi.
O‘zbekistonda 2030-yilga qadar 16 turdagi muhim metallar bo‘yicha ishlab
chiqarish hajmini 2,7 milliard dollardan oshirish hamda uran qazib olish
hajmini yiliga 15 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat
Mirziyoyevga “Navoiyuran” korxonasi hamda “O‘zbekiston texnologik metallar
kombinati” AJning 2026-yildagi ustuvor vazifalari bo‘yicha taqdim etilgan
hisobotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, hozirda jahon bozorida an’anaviy metallarga bo‘lgan talab
yiliga o‘rtacha 1 foizga o‘sayotgan bo‘lsa, kritik minerallar bozorida bu
ko‘rsatkich 10 foizni tashkil etmoqda. Ushbu global tendensiyani inobatga olgan
holda, mamlakatda mavjud mineral-xomashyo bazasidan samarali foydalanish,
yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqarish va eksport salohiyatini
oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
“O‘zbekiston texnologik metallar kombinati”da geologiya-qidiruvdan tortib,
qazib olish, boyitish va chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot
chiqarishgacha bo‘lgan po‘lat texnologik zanjir shakllantirilmoqda. Korxonada
joriy yil yakuniga qadar 12 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish,
mahalliylashtirilgan mahsulotlar turini ko‘paytirish hamda yuqori soflikdagi
selen va tellur ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari mavjud 5 turdagi mahsulotga (volfram, molibden, selen,
tellur, reniy) qo‘shimcha ravishda yana 11 turdagi metallarni o‘zlashtirish
vazifasini qo‘ydi. Bular qatoriga nikel, kobalt, grafit, surma, qalay,
marganets, platina, vanadiy, simob va mis kiradi.
Xususan, volframni chuqur
qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalar doirasida 1,1 milliard dollar
investitsiya jalb etilib, 2030-yilga borib ushbu yo‘nalishdagi ishlab chiqarish
hajmini 2,2 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Shuningdek, noyob
va kamyob yer elementlariga boy istiqbolli maydonlarni o‘zlashtirish,
kombinatning resurs bazasini kengaytirish va investitsiya loyihalarini
jadallashtirish takliflari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, dunyo bozorida uran xomashyosiga bo‘lgan talab so‘nggi
yillarda 15−20 foizga oshgan va 2030-yilgacha yana 28 foizga o‘sishi
kutilmoqda. Ushbu
omillarni inobatga olib, “Navoiyuran” korxonasida geologiya-qidiruv
va burg‘ilash ishlari kengaytiriladi, yangi konlar o‘zlashtiriladi hamda
qo‘shimcha sorbsiya qurilmalari ishga tushirilib, 250 ta yangi ish o‘rni
yaratiladi.
Ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan
texnik oltingugurt, sulfat va nitrat kislotalarini yetkazib berish
bo‘yicha mahalliy sanoat korxonalari bilan kooperatsiya kuchaytiriladi.
Prezident ishlab chiqarishda muqobil texnologiyalarni kengaytirib,
2030-yilgacha sulfat kislotasi o‘rnini bosuvchi reagentlar ulushini 40 foizga
yetkazish zarurligini ta’kidladi.
Qabul
qilingan chora-tadbirlar va yangi quvvatlar evaziga 2030-yilga borib uran
ishlab chiqarish hajmi joriy yildagi 7,5 ming tonnadan 15 ming tonnaga,
aniqlangan zaxiralar esa 200 ming tonnaga yetkazilishi belgilandi.
Taqdimot yakunida mutasaddilarga
investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida ishga tushirish, mineral-xomashyo
bazasini mustahkamlash hamda eksport hajmini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar
berildi.
Eslatib o‘tamiz, fevraldagi
taqdimotda 2025-yilda O‘zbekistonda 7 ming tonna uran ishlab chiqarilib,
aniqlangan zaxiralar esa 139 ming tonnaga yetgani ma’lum
qilingandi.
Taqqoslash uchun: dunyodagi eng
yirik uran ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan Qozog‘istonda uran qazib
olish hajmi 25,8 ming tonnani tashkil etgan.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
06 11 2026 / 10:44