Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

2030-yilga qadar davlat tibbiyot muassasalarida autsorsing ulushi 30 foizga yetkaziladi



Ulashing :


Prezident qarori bilan 2027-yildan davlat tibbiyot muassasalarida tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilishning yangi tartibi joriy etiladi. 2030-yilga qadar bunday xizmatlar hajmi 30 foizgacha yetkazilib, kamida 5 ta yirik muassasa professional boshqaruvga beriladi.

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, tibbiy xizmatlarning bir qismini autsorsing asosida xususiy sektordan xarid qilish va yirik tibbiyot muassasalariga professional boshqaruvchilarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 4-noyabrdagi qarorida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2030-yilga qadar tibbiyot tashkilotlarida ko‘rsatiladigan klinik va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilish hajmi 30 foizgacha yetkaziladi. Shuningdek, kamida 5 ta yirik tibbiyot tashkilotiga ilg‘or boshqaruv tajribasini joriy etish uchun xorijiy professional boshqaruv kompaniyalari va boshqaruvchilar guruhlari jalb qilinadi.

Xususiy sektorni jalb qilish mexanizmlari belgilandi

2027-yil 1-yanvardan boshlab sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha uzoq va qisqa muddatli master reja asosida davlat va xususiy sektor ishtirokidagi mexanizmlar joriy etiladi.

Bunda tibbiyot sohasiga xususiy sektorni tegishli hududlarda tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj hamda davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining mavjud quvvatlarini hisobga olgan holda jalb qilish belgilangan.

Davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordamni ko‘rsatish uchun zarur muassasalar davlat tasarrufida saqlanadi. Ularning quvvatlari aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojiga mutanosib ravishda rivojlantiriladi.

Shu bilan birga, faoliyati samaradorligini oshirish va zamonaviy klinik texnologiyalarni joriy etish talab etiladigan alohida tibbiyot muassasalariga professional boshqaruvchilar jalb qilinadi.

Yirik kapital qo‘yilmalar talab etiladigan yangi tibbiyot muassasalari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi. Bunda xususiy investitsiyalarni jalb qilgan holda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni tayyorlash, xususiy sheriklarni tanlash va tegishli bitimlarni tuzish ishlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi tashkil etadi.

Yirik kapital qo‘yilmalar talab etilmaydigan va xususiy sektorda yetarli quvvat hamda raqobat muhiti shakllangan hollarda tibbiy va yordamchi xizmatlar davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilinadi.

Autsorsing shartnomalari besh yilgacha tuziladi

2027-yil 1-yanvardan davlat tibbiyot muassasalarida tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilishning yangi tartibi joriy etiladi.

Autsorsing shartnomalari xizmatning xususiyati va autsorser tomonidan kiritiladigan investitsiyalar hajmidan kelib chiqib, besh yilgacha muddatga tuziladi. Ayrim hollarda esa investitsiyani qoplash muddatidan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi xulosasi asosida autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar 10 yilgacha muddatga tuzilishi mumkin.

Yangi tartib joriy etilgunga qadar muddati tugaydigan autsorsing loyihalarini 2027-yil oxiriga qadar davom ettirishga ruxsat beriladi.

Qarorda tibbiyot muassasalarida autsorsing asosida xizmatlarni tashkil etish davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Autsorsing shartnomalarida tibbiyot muassasalari balansidagi binolar va inshootlar, ularning alohida qismlari yoki xonalaridan iqtisodiy maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan hamda xizmat narxida hisobga olingan taqdirda tekin foydalanishga berish nazarda tutilishi mumkin.

“Tibbiyot autsorsingi” elektron tizimi joriy etiladi

2027-yil 1-aprelga qadar tibbiyot muassasalarida autsorsing loyihalarini ro‘yxatga olish, hisobini yuritish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish uchun “Tibbiyot autsorsingi” elektron axborot tizimi joriy etiladi.

Tizimda autsorsingga beriladigan xizmatlar, xizmat ko‘rsatuvchilar, amalga oshirilayotgan loyihalar va tuzilgan shartnomalarning yagona elektron reyestri yuritiladi.

Shuningdek, davlat xaridlari elektron tizimlari bilan integratsiya orqali amalga oshirilgan xarid tartib-taomillari, shartnoma qiymati va muddati haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda olinib, axborot tizimida aks ettiriladi.

Shartnomalar bo‘yicha xizmatlar hajmi va sifati, samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI), xizmatlarni qabul qilish natijalari, amalga oshirilgan to‘lovlar hamda shartnoma majburiyatlarining bajarilishi monitoring qilinadi.

Autsorsing loyihalarining iqtisodiy samaradorligi, xizmatlar sifati va budjet mablag‘laridan foydalanish natijalari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar ham shakllantiriladi.

Tibbiyot muassasalariga professional boshqaruvchilar jalb qilinadi

Qaror bilan tibbiyot muassasalariga professional boshqaruvchilarni jalb qilishning yangi tartibi ham belgilandi.

Bunda professional boshqaruvchilarni jalb qilish zarurati muassasaning klinik va moliyaviy ko‘rsatkichlari, boshqaruv samaradorligi hamda uni rivojlantirish maqsadlarini kompleks baholash natijalari asosida aniqlanadi.

Boshqaruvchilar ochiq va raqobatli tanlov asosida saralanadi. Bunda tibbiyot muassasalarini boshqarish sohasidagi tajriba, moliyaviy barqarorlik va boshqaruv salohiyati hisobga olinadi.

Professional boshqaruvchi faoliyati har yili shartnomada belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlari — KPI asosida baholanadi. Baholash natijalari shartnomani davom ettirish, qayta ko‘rib chiqish yoki belgilangan tartibda bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

2027-yildan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi har yili 1-noyabrga qadar master reja asosida xususiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari doirasida amalga oshiriladigan ustuvor loyihalar ro‘yxatini shakllantirib, rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi.

Bunda xususiy sektorni jalb qilish shakli har bir loyiha bo‘yicha investitsiya hajmi, davlat budjeti parametrlari, sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat majburiyatlari, xavf-xatarlar va iqtisodiy samaradorlikdan kelib chiqib belgilanadi.

Tibbiyot muassasalarini loyihalashtirish normalari qayta ko‘rib chiqiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida tibbiyot muassasalarini loyihalashtirish va qurishga oid shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini qayta ko‘rib chiqish hamda ularni ilg‘or xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan loyiha ofisi tashkil etiladi.

Shuningdek, tibbiyot muassasalarini loyihalashtirish va qurishga oid normativ-texnik bazani takomillashtirish, sog‘liqni saqlash sohasidagi autsorsing va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini muvofiqlashtirish hamda ular ustidan tizimli monitoring va nazoratni tashkil etish uchun Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 7 ta shtat birligi Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘tkaziladi.

Autsorsing xizmatlari ro‘yxati va yangi tartib tasdiqlanadi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tibbiyot muassasalarida tibbiy va yordamchi xizmatlarni autsorsing asosida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda davlat tibbiyot muassasalarida autsorsing asosida tashkil etiladigan xizmatlar ro‘yxatini tasdiqlash haqidagi qaror loyihasini Vazirlar mahkamasiga kiritishi kerak.

Qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti parametrlarida sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilgan mablag‘lar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

2027-yil 1-mayga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi davlat xaridlarining elektron tizimlari va boshqa tegishli davlat axborot tizimlarining “Tibbiyot autsorsingi” tizimi bilan integratsiya qilinishini ta’minlashi lozim.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari sog‘liqni saqlash sohasidagi, jumladan davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha tashabbuslarni Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan oldindan kelishgan holda amalga oshirishni ta’minlaydi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi esa Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan master reja asosida shakllantirilgan va tashabbus qilingan loyihalar portfeli doirasida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish choralarini ko‘radi.

Bosh prokuratura Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2027-yil 1-aprelga qadar tibbiyot muassasalarining binolari, inshootlari, ularning alohida qismlari hamda yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha amaldagi shartnomalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazadi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflarni Vazirlar mahkamasiga kiritishi belgilangan.

Qaror bilan 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-311-son qarorga kiritilgan 8-ilovaning 7-bandi 2027-yil 1-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Bu masalalar avvalroq muhokama qilingan

Prezident 28-oktabr kuni sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiya jalb qilish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va yirik tibbiyot obyektlarini barpo etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi. O‘shanda sohada umumiy qiymati 2,7 mlrd dollar bo‘lgan 35 ta investitsiya loyihasidan iborat portfel shakllangani, shuningdek, 1 mlrd dollarlik yana 9 ta istiqbolli loyiha bo‘yicha takliflar tayyorlangani ma’lum qilingan. Shu asosda 2040-yilgacha mo‘ljallangan investitsiya strategiyasini ishlab chiqish taklif etilgan.

Taqdimotda, shuningdek, 2030-yilgacha 5 ta yirik tibbiyot muassasasida professional boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, kelgusi yildan tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilish hamda 2030-yilga borib bunday xizmatlar xaridida autsorsing ulushini 30 foizga yetkazish rejalari aytilgan edi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

06 11 2026 / 11:45