Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Qorako‘ldagi MTO gaz-kimyo majmuasi loyihasi qayta ko‘rib chiqiladi. Avval u $5,2 mlrdga baholangan



Ulashing :


Turkiya kompaniyalari Buxoro viloyatidagi MTO gaz-kimyo majmuasi loyihasini o‘rganmoqda. Hozir uning qiymati $3,6 mlrdga baholanmoqda (avval — $5,2 mlrd). Prezident loyiha amalga oshirilishini shaxsan nazorat qilishini bildirdi. Audit yakunlanganidan so‘ng investorlar moliyalashtirish manbalarini qidirmoqchi.

Xorijiy investorlar Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi MTO (Methanol-to-Olefin — tabiiy gazni yuqori qo‘shilgan qiymatli polimer mahsulotlarga chuqur qayta ishlash) gaz-kimyo majmuasi loyihasini qayta ko‘rib chiqish uchun hujjatlar yig‘ishni boshladi. Bu haqda 3-noyabr kuni prezident bilan uchrashuvda Turkiyaning Tekfen kompaniyasi bosh ijrochi direktori (CEO) Levent Kafkasli ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mutaxassislari obyektning o‘zida texnik masalalarni muhokama qilishni boshlagan, shuningdek, O‘zbekiston tomoni vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan.

“Hozir Qorako‘ldagi MTO gaz-kimyo majmuasi loyihasini qayta ko‘rib chiqish va uning texnik-iqtisodiy asoslarini tahlil qilish uchun zarur hujjatlarni yig‘ishga kirishdik. Ushbu hujjatlarni o‘rganib chiqqach, O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda loyihani moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlariga murojaat qilamiz”, — dedi investor (“O‘zbekiston 24” telekanali iqtibosi).

U investorlar ushbu ishlar yakunlanganidan so‘ng muzokaralar natijalari va loyihani amalga oshirish bo‘yicha takliflarni yana prezidentga taqdim etish niyatida ekanini qo‘shimcha qildi.

Taqdimotga ko‘ra, loyiha 236 gektar maydonda amalga oshiriladi, uning qiymati 3,6 mlrd dollarga baholanmoqda.

Slaydda turkiyalik investorlar sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:

· Levent Kafkasli (Levent Kafkaslı) — Tekfen bosh direktori;

· Ahmet Razi Yalchin (Ahmet Razi Yalçın) — OYAK bosh ijrochi direktorining o‘rinbosari;

· Mehmet Ali Islomo‘g‘li (Mehmet Ali İslamoğlu) — Nakkaş Holding bosh ijrochi direktori.

Loyiha auditi noyabr oyida boshlangan, texnik va moliyaviy auditni yil oxiriga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Texnologik yechimlarni ishlab chiqish 2027-yil apreliga qadar yakunlanishi kutilmoqda.

“O‘zaro manfaat bo‘lmasa, loyihaning kelajagi yo‘q”

Prezident Shavkat Mirziyoyev MTO majmuasi uning shaxsiy tashabbusi ekanini ta’kidladi. “Shuning uchun o‘zim nazorat qilaman va bu loyihani Qorako‘lda amalga oshirish bo‘yicha hamma imkoniyatlarni yaratib beraman”, — dedi davlat rahbari.

U xorijiy hamkorlarni tayyorgarlik ishlarini tezlashtirishga chaqirdi.

“Qancha ko‘p tezlashtirsangiz, jarayonni shuncha tez boshlay olamiz. Manfaat ikki tomonlama bo‘lmasa, loyihaning kelajagi bo‘lmaydi”, — dedi prezident.

Investor vakili prezidentning fikriga qo‘shilib, belgilangan vazifalarga muvofiq harakat qilishini bildirdi.

3 mlrd dollardan qimmat loyiha

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ham gaz-kimyo majmuasi bo‘yicha muzokaralar haqida ma’lumot berdi.

“O‘zbekiston 24” telekanalining prezidentning Buxoro viloyatiga tashrifi haqidagi reportajida namoyish etilgan intervyuda u qiymati 3 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan MTO loyihasi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlanganini aytdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbarining Turkiyaning yirik kompaniyalari bilan muzokaralaridan so‘ng ularning mutaxassislari Buxoro viloyatiga kelgan.

Loyiha tabiiy gazdan olefinlar olish va ularni keyinchalik polimerlar — xususan, sanoatda ishlatiladigan turli xil plastmassalar ishlab chiqarish uchun qayta ishlashni nazarda tutadi.

Tekfen Holding — 1956-yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi Istanbulda joylashgan Turkiya sanoat-qurilish guruhi. Kompaniya muhandislik va qurilish, neft-gaz va neft-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda investitsiyalar sohalarida faoliyat yuritadi. Xolding aksiyalari Istanbul fond birjasida savdoga chiqarilgan. Tekfen Construction qurilish bo‘linmasi 20 ga yaqin mamlakatda 400 dan ortiq loyihani amalga oshirgan. Ular orasida Boku — Tbilisi — Jeyhon va TANAP neft quvurlaridagi ishlar, Ozarbayjondagi gaz platformalari, Saudiya Arabistoni, Iroq va Qozog‘istondagi neftni qayta ishlash zavodlaridagi loyihalar bor.

Qatarda kompaniya 2,1 mlrd dollarlik Al Khor tezyurar avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha shartnoma olgan. Tekfen O‘zbekistonda ham ish tajribasiga ega: kompaniya Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish loyihasida ishtirok etgan. 2026-yil avgustda Tekfen Holding ustidan nazorat aksiyalarining nazorat paketi Turkiyaning OYAK guruhiga tegishli bo‘lgan ON Investment B.V. kompaniyasiga o‘tgan. Xolding bosh ijrochi direktori etib avval Tekfen Construction’ga rahbarlik qilgan Levent Kafkasli tayinlangan.

MTO gaz-kimyo majmuasi haqida nimalar ma’lum?

MTO gaz-kimyo majmuasini qurish loyihasi bir necha yildan beri ishlab chiqilmoqda. Uning operatori Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) neft-gaz guruhi tarkibiga kiruvchi Gas Chemical Complex MTO Central Asia kompaniyasi bo‘lgan.

2022-yilda loyihani amalga oshirish uchun “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan.

2024-yil mart oyida prezident majmua qurilishiga start bergan. Loyihaga qariyb 5 mlrd dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani ma’lum qilingan (kompaniya saytida 3,1 mlrd dollarlik investitsiyalar haqida ma’lumot berilgan, 2020-yilda loyihaning smeta qiymati 2,8 mlrd dollar, 2021-yilda 2,5 mlrd dollar, 2022-yil iyul oyida esa 4 mlrd dollar deb baholangan).

Korxona har yili 1,3 mlrd kub metr tabiiy gazni qayta ishlab, qiymati 1 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan qariyb 1,1 mln tonna polimer mahsulot ishlab chiqarishi rejalashtirilgan. Mahsulotlarning qariyb 56 foizini ichki bozorda sotish va 500 mln dollarlik import o‘rnini bosish ko‘zda tutilgan. Eksport tushumlari yiliga 350 mln dollar deb baholangan.

MTO texnologiyasi uchun litsenziyani Xitoyning Sinopec kompaniyasi bergan, AQShning Air Products kompaniyasi esa metanol ishlab chiqarish qurilmasini qurishi kerak edi.

Loyihaga avval kiritilgan o‘zgarishlar va yangi investorlarni izlash

2023-yil yanvarda Gazeta Saneg’ning qiymati 1,8 mlrd dollar bo‘lgan Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish loyihasi uchun mo‘ljallangan texnologik uskunalarni Qashqadaryo viloyatidan Qorako‘l tumaniga ko‘chirib, MTO majmuasi bilan integratsiya qilish taklifi haqida yozgan.

O‘sha paytda o‘rganilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, ikki loyihani birlashtirish uchun qo‘shma kompaniya tashkil etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, unda Saneg 60 foiz, davlatga tegishli “O‘zbekneftgaz” esa 40 foiz ulush olishi kerak edi.

Bunday qarorning iqtisodiy maqsadga muvofiqligi, moliyalashtirish manbalari va uskunalarni ko‘chirish bilan bog‘liq ehtimoliy qo‘shimcha xarajatlar masalasi ochiq qolgan.

Joriy yil mart oyida Gazeta hukumat Saneg guruhi va u bilan bog‘liq Enter Engineering hamda Eriell kompaniyalarining strategik loyihalariga yangi investorlarni jalb qilishni topshirgani haqida xabar bergan. Bu loyihalar orasida MTO majmuasi ham bor edi. 18-oktabr kuni prezidentning yoqilg‘i-energetika sohasi investorlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida Buxoro viloyatidagi MTO loyihasi rejalashtirilayotgan yirik tashabbuslar qatorida yana tilga olingan.

3-noyabr kuni uchrashuvda investorlar bildirgan fikrlar loyiha bo‘yicha muzokaralar davom etayotgani va uning texnik hamda moliyaviy parametrlarini qo‘shimcha ishlab chiqish zarurligidan dalolat beradi.

2026-yil iyun oyida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Sho‘rtan GKMni kengaytirish loyihasini amalga oshirishda 643,2 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan. Tergov versiyasiga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi, “O‘zbekneftgaz” va qator kompaniyalar mansabdor shaxslari soliqqa tortishdan ozod qilingan xizmatlarga noqonuniy ravishda QQS hisoblab, budjetdan asossiz ravishda mablag‘ qaytarib olgan.

Tergovda tilga olingan kompaniyalar orasida 60 foizi Saneg tuzilmasiga, 40 foizi esa “O‘zbekneftgaz"ga tegishli bo‘lgan Arkchemical ham bor. Uning rahbari Masrur Shokirov korporativ reyestrlarda Qorako‘ldagi loyiha operatori Gas Chemical Complex MTO Central Asia rahbari sifatida ham ko‘rsatilgan.

Masrur Shokirov, shuningdek, “O‘zbekneftgaz” sobiq boshqaruv raisi Baxodirjon Sidiqovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchilar qatorida ham qayd etilgan. Sud jarayoni joriy yil iyul oyida boshlangan, avgustda esa yopiq rejimga o‘tkazilgan.

gazeta.uz