Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Chorva komplekslari, yangi zotlar va yaylovlar. Vazir — go‘sht muammosini hal etish choralari haqida



Ulashing :


O‘zbekistonda go‘sht muammosini hal qilish uchun 16 ming fermer xo‘jaligida 30−40 bosh qoramolga mo‘ljallangan chorva komplekslari qurish, shuningdek, yuz minglab nasldor chorva mollarini olib kelish rejalashtirilmoqda. “Yaylovlarimizda o‘t bo‘lsa, go‘sht ham bo‘ladi”, — deydi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov

O‘zbekistonda aholi soni va go‘sht iste’moli ortib borayotgan bir paytda ichki ishlab chiqarish talabni to‘liq qoplay olmayapti. Bu haqda 6-noyabr kuni Kontent tayyorlash markazida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov OAV vakillariga bergan intervyusida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

U buning asosiy sabablaridan biri sifatida chorvachilik uchun zarur ozuqa bazasi va infratuzilma yillar davomida yetarlicha rivojlantirilmaganini ko‘rsatdi.

“Buni tan olish kerak. Yillar davomida qoramolni dalaning boshiga olib kelib boqish uchun ozuqa nuqtai nazaridan sharoit yaratdikmi? Yo‘q. Bu narsaga e’tibor berdikmi? Yo‘q”, — deydi Ibrohim Abdurahmonov.

Vazirning qayd etishicha, so‘nggi yillarda chorvachilikni rivojlantirish va go‘sht ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida yangi choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, prezidentning 322-sonli qarori asosida paxta va g‘alla dalalari yonida 30−40 bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik komplekslari tashkil etilmoqda.

“Bu yil 16 ming fermerning har birida shunday komplekslar quramiz. Bu go‘sht yetishtirish nuqtai nazaridan juda katta natijalarga olib keladi”, — deydi vazir.

Yangi chorva zotlari va infratuzilma

Abdurahmonov chorvachilikdagi o‘zgarishlar qisqa muddatda natija bermasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu jarayon nafaqat infratuzilma yaratish, balki nasldor mollarni olib kelish, parvarishlash va veterinariya xavfsizligini ta’minlashni ham talab qiladi.

“Bu xuddi paxtaga o‘xshab, bir yilda hamma narsani o‘zgartirib yuboradigan jarayon emas. Bu qoramol zoti, uni olib kelish va kasalliklar bilan bog‘liq”, — deydi u.

Vazir chetdan chorva mollarini import qilishda kasalliklar tarqalishining oldini olish muhimligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, hayvonlar orasida kasallik tarqalishi katta muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

“Biz xohlagancha tashqaridan chorva mollarini olib kira olmaymiz. Ularni tekshirishimiz, kasalliklardan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Bir marta kasallik tushsa, chorva mollarini davolash va ularga qarash juda og‘ir”, — deydi vazir.

Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, joriy yilning o‘zida O‘zbekistonga 841 ming bosh yangi zotli chorva mollari olib kelinmoqda. Shuningdek, 400 ming boshdan ziyod qo‘y va echki zotlarini ham import qilish rejalashtirilgan.

Vazir fermerlarning paxtachilikdan oladigan daromadi chorvachilikni rivojlantirishga ham xizmat qilishini aytdi. Uning fikricha, fermerlar daromadining bir qismini go‘sht, sut va parrandachilik yo‘nalishlariga yo‘naltirishi mumkin.

“Yaylovda tuyoq bo‘lishi kerak”

Vazir go‘sht yetishtirish hajmini oshirishda yaylovlar holati ham muhim ahamiyatga ega ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, yillar davomida yaylovlardan samarali foydalanish va ularni tiklash masalasiga yetarlicha e’tibor berilmagan.

Abdurahmonov yaylovlarning degradatsiyaga uchrashi sabablaridan biri ularda chorva mollari yetarli bo‘lmagani bilan bog‘liqligini bildirdi. Uning fikricha, hayvonlarning o‘tlashi yaylov ekotizimi uchun ham muhimdir.

“Yaylovni chegaralab qo‘ysangiz, u yerda tuyoq bo‘lmasa, hayvon borib o‘tlamasa, o‘t o‘zidan-o‘zi yo‘q bo‘lib ketadi. Yaylov hayvon yurgani uchun emas, hayvon yurmagani uchun yo‘q bo‘ladi. Agar hayvonning so‘lagi o‘sha o‘t-o‘lanlarga tegmasa, ildizi o‘smaydi. Hayot mana shunday simbiozda yaratilgan”, — deydi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bir gektar yaylov maydoniga kamida besh bosh tuyoqli chorva to‘g‘ri kelishi mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, yaylovlarni tiklash uchun mikroo‘g‘itlar berish, urug‘ sepish va dron texnologiyalaridan foydalanish ishlari olib borilmoqda.

“Yaylovlarimizda o‘t bo‘lsa, go‘sht ham bo‘ladi. Xudo xohlasa, go‘sht muammosini ham hal qiladigan kunlarga yetamiz”, — deydi Ibrohim Abdurahmonov.

Avvalroq, Hindistondan go‘sht importini kengaytirishda O‘zbekiston kompaniyalari va mutaxassislari uni tayyorlashda bevosita joyida, jumladan, hayvonlarni so‘yish va halol talablariga muvofiqligini nazorat qilishda qatnashishi xabar berilgandi. Yetkazib berishni turkiyalik hamkorlar va Mersin porti orqali ham rivojlantirish reja qilinmoqda.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

09 11 2026 / 10:41