Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“Odamlar pishloqni kamroq, nonni ko‘proq yeydi”. Prezident huzuridagi kengash oziq-ovqat bojlarini tanqid qildi



Ulashing :


O‘zbekistonda hukumat sut mahsulotlari, meva va makaron kabi to‘qqiz guruhdagi oziq-ovqat mahsulotlari uchun nol darajali import bojlarini uzaytirmaslikni taklif qildi. Prezident huzuridagi kengash a’zolari narxlar oshishi mumkinligi va iqtisodiy asoslar yetarli emasligidan ogohlantirdi.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oziq-ovqat va iste’mol tovarlari bo‘yicha bojxona imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini taqdim etdi. Hujjat 27-oktabr kuni Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida muhokama qilindi.

Loyihani taqdim etar ekan, vazirlikning Tarif va notarif tartibga solish bo‘limi boshlig‘i Sarvarxo‘ja Xonxo‘jayev hozirda 56 ta tovar pozitsiyasi uchun nol darajali import boji stavkalari amal qilayotganini (ular 2022-yildan beri har yili uzaytirib kelinmoqda) ma’lum qildi. Ularni qo‘llash muddati 2027-yil 1-yanvarda tugaydi.

Idora 45 ta tovar pozitsiyasi uchun imtiyozlarni to‘liq va yana ikkitasi uchun qisman 2028-yil 1-yanvargacha uzaytirishni taklif qildi.

Shu bilan birga, to‘qqizta tovarlar guruhi uchun nol darajali bojlarni uzaytirish rejalashtirilmayapti. Ular orasida:

· qo‘yiltirilgan sut va qaymoq;

· yogurtlar;

· pishloqlar va suzma (tvorog);

· olma, nok va behi;

· shakarli qandolat mahsulotlari;

· shokolad va kakao saqlovchi boshqa mahsulotlar;

· makaron mahsulotlari;

· mineral va gazlangan suvlar;

· salqin (alkogolsiz) ichimliklar.

Vazirlik vakili gap amaldagi imtiyozlarni muddatidan oldin bekor qilish haqida emas, balki belgilangan muddat tugagach, ularni keyinchalik uzaytirishdan voz kechish haqida ketayotganini ta’kidladi.

“Biz amaldagi imtiyozlardan biron-bir tovar pozitsiyasini chiqarib tashlamayapmiz va ularni muddatidan oldin bekor qilmayapmiz. Biz imtiyozlar muddati tugayotganidan kelib chiqib, qaysi tovarlar uchun ularni qo‘shimcha uzaytirish mumkinligini ko‘rib chiqmoqdamiz”, — deya tushuntirdi Xonxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, taklifni tayyorlashda mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot chiqarish hajmlari va ichki bozorning mahalliy tovarlar bilan ta’minlangani hisobga olingan.

Xususan, 2026-yilning yanvar — avgust oylarida 84 ta korxona 84 ming tonna qo‘yiltirilgan sut va qaymoq ishlab chiqargan, import hajmi esa 15 ming tonnani tashkil etgan. Yogurtlarni 77 ta korxona 50,2 ming tonna hajmda chiqarmoqda. Sakkiz oyda 9800 tonna yogurt hamda 10,3 ming tonna pishloq va suzma import qilingan.

Biroq kengash a’zolari bojlar bo‘yicha qaror qabul qilish uchun bunday tahlil yetarli ekaniga shak-shubha bildirdilar.

Raislik qiluvchi ishlab chiqarish va import hajmi aholining haqiqiy ehtiyojiga mos keladimi-yo‘qmi, fuqarolarning daromadlarini hisobga olgan holda mahsulot narxlari qanchalik hamyonbop va bojlarning qayta tiklanishi ichki bozorga qanday ta’sir qilishi bilan qiziqdi.

Vazirlik vakili narxlar va ichki iste’mol tahlili o‘tkazilganini, biroq tegishli materiallar yig‘ilishda taqdim etilmaganini aytdi. U ularni qo‘shimcha ravishda taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

“Pishloq hali har bir o‘zbek xonadonida paydo bo‘lgani yo‘q”

Iqtisodchi Otabek Bakirov tovarlarni nol stavkali bojlar ro‘yxatidan chiqarishga qarshi chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning ba’zilari bo‘yicha narxlar oxirgi to‘qqiz oyda umumiy inflyatsiyadan tezroq o‘sgan.

U taqdim etilgan materiallarda imtiyozlardan voz kechishning yetarli iqtisodiy va moliyaviy asoslarini ko‘rmaganini ta’kidladi.

“Agar biror bir tovar ro‘yxatdan chiqarilayotgan bo‘lsa, bu iqtisodiy va moliyaviy jihatdan asoslanishi kerak. Men hech qanday iqtisodiy va moliyaviy asosni ko‘rmadim”, — dedi u.

Bakirov imtiyozlar amal qilishi to‘xtatilgach, pishloq va suzmaga import boji 15 foizni, yogurt, olma va nokka 20 foizni tashkil etishiga e’tibor qaratib o‘tdi.

Uning fikricha, bunday stavkalarning joriy etilishi aholining kundalik ratsionining bir qismiga aylanib borayotgan mahsulotlarning hamyonbopligini cheklashi mumkin.

“Ilgari bunday mahsulotlar bizda qulf ostida saqlanardi. Mehmon kelmaguncha yeyilmasdi. O‘zbek xalqi endigina bu mahsulotlarni bolalardan yashirmaydigan va mehmonga deb olib qo‘ymaydigan bo‘lib yashay boshladi. Odamlar faqat qornini to‘ydirish qayg‘usidan uzoqlashib, jiddiyroq ehtiyojlar, vazifalar va maqsadlar haqida o‘ylay boshladi. Bilmadim, balki ushbu taklif mualliflarining uyida doim pishloq, suzma va yogurt bordir. Lekin siz yuz minglab odamlarni bu mahsulotlardan mahrum qilmoqchisiz… Pishloq hali har bir o‘zbek xonadonida paydo bo‘lgani yo‘q”, — dedi iqtisodchi.

U, shuningdek, nol darajali bojlarni har yili uzaytirish amaliyotini tanqid qildi. Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, har yilning oxiridagi noaniqlik importchilar, ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar uchun qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

“Har yili 29−30-dekabrda hamma imtiyozlar uzaytiriladimi-yo‘qmi, deb kutadi. Bunday noaniqlik ishlab chiqaruvchilar, iste’molchilar va importchilar uchun noto‘g‘ri signallar beradi”, — deya qayd etdi u.

Iqtisodchi ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlashdagi yondashuvlarning farqiga ishora qildi. Ushbu loyihaning o‘zida sanoat, jumladan, paxta-to‘qimachilik klasterlari uchun ayrim bojxona imtiyozlarini 2030-yilgacha uzaytirish nazarda tutilgan bo‘lsa, oziq-ovqat tovarlari bo‘yicha imtiyozlarni ro‘yxatni qisqartirgan holda faqat bir yilga uzaytirish taklif qilinmoqda.

Bakirov muhokama qilinayotgan siradagi barcha tovar pozitsiyalari uchun nol stavkalarni saqlab qolishni va ularni doimiy asosda yoki kamida uch yilga belgilashni taklif qildi.

“Bojlar nafaqat import, balki mahalliy mahsulotlar narxini ham oshiradi”

Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi va Savdo va xizmat ko‘rsatish assotsiatsiyasi raisi Zafar Hoshimov iqtisodchining e’tirozlarini qo‘llab-quvvatladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yetarli ishlab chiqarish quvvatlari yoki mo‘l hosilning mavjudligi aholi tegishli mahsulotlar bilan to‘liq ta’minlanganini anglatmaydi.

Misol tariqasida u olma mahsulotini keltirdi. Hosil hajmi mamlakatning hisoblab chiqilgan ehtiyojiga mos kelgan taqdirda ham, mevalarning bir qismi sharbat, povidlo va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish uchun sarflanadi, yana bir qismi esa saqlash va tashish jarayonida nobud bo‘ladi.

Tadbirkor ko‘rsatilgan tovar turlari bo‘yicha narxlarning umumiy inflyatsiya darajasidan tezroq o‘sishi ularning tanqisligidan dalolat berishini ta’kidladi.

Hoshimov import bojlarining joriy etilishi nafaqat xorijiy, balki mahalliy tovarlar qiymatining ham oshishiga olib kelishi mumkinligini urg‘uladi.

“Bojlar joriy etilganda nafaqat import mahsulot qimmatlashadi. Bu ichki bozordagi narxlarni ham oshiradi. Agar import olma 20 foizga qimmatlashsa, mahalliy ishlab chiqaruvchi ham narxni oshirishi mumkin, chunki raqobat susayadi”, — dedi tadbirkor.

Uning baholashicha, ayrim hollarda 20 foizlik bojning joriy etilishi mahsulotning yakuniy qiymati 25−26 foizga oshishiga olib kelishi mumkin.

Tadbirkor, shuningdek, oziq-ovqat tovarlari o‘zbekistonlik oilalar xarajatlarida salmoqli ulushni egallashini eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, oddiy oilalarda daromadlarning qariyb 40 foizi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga sarflanadi.

“Bugun prezident kambag‘allikka qarshi kurashish haqida gapirmoqda. Bu juda muhim va biz bu masalaga jiddiy yondashishimiz kerak. Men ham qishloq xo‘jaligi va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlayman. Biroq shu bilan birga, biz iste’molchilar haqida ham o‘ylashimiz kerak. Tadbirkorlar iste’molchilarga moslashishi kerak, aksincha emas. Tadbirkorlarni iste’molchilar hisobidan himoya qilishday holat bo‘lmasligi kerak”, — dedi Hoshimov.

“Agar biz pishloq va suzmaning hamyonbopligini pasaytirsak, odamlar ko‘proq non yeydi va shakar solingan choy ichadi. Lekin biz aholi ovqatlanishining xilma-xilligi haqida o‘ylashimiz kerak”, — dedi u.

Tadbirkor yana bir xavfdan — bojlar sezilarli darajada oshirilganda qo‘shni mamlakatlardan mahsulotlarning norasmiy olib kirilishi kengayishidan ogohlantirdi.

Uning fikricha, narxlar o‘rtasidagi farqning ortishi tegishli bojxona va sanitariya nazoratisiz tovarlarni olib kirishni rag‘batlantirishi mumkin. Bu ham iste’molchilar, ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha xavf-xatarlarni keltirib chiqaradi.

Hoshimov bojxona imtiyozlari bo‘yicha har yilgi noaniqlikni inflyatsion kutilmalar bilan ham bog‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirida ba’zi yetkazib beruvchilar bojlar bo‘yicha qarorlarni kutib, tovarlarni omborlarda ushlab turishi, boshqalari esa ularning oshish xavfini oldindan sotuv narxlariga kiritishi mumkin.

“Xaridorlarimiz ushbu xavf tufayli ko‘proq pul to‘lamoqda. Bu [xavf] o‘z vaqtida, to‘g‘ri va shaffof tartibga solishning yo‘qligi sababli davlat tomonidan sun’iy ravishda yaratilgan”, — deya tushuntirdi biznesmen.

U stavkalarni o‘zgartirishning yanada oldindan aytib bo‘ladigan tartibini belgilashni, masalan, bozor ishtirokchilarini olti oy oldin ogohlantirgan holda ularni uch yilda bir marta qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Zafar Hoshimov, shuningdek, ichki bozorning ta’minlanganini baholashda nafaqat ishlab chiqarish va import hajmini, balki iste’molning o‘sishini ham hisobga olish zarurligiga e’tibor qaratdi.

“Siz: 84 ming tonna ishlab chiqarildi, import qo‘shildi — muayyan hajmdagi mahsulot olindi, deyapsiz. Lekin bu hali u yetarli ekanini anglatmaydi. Iqtisodiy prognoz qilayotganda shunchaki o‘tgan ko‘rsatkichlarga qarash mumkin emas. Oldinga qarash kerak. Axir iste’mol ham o‘smoqda-ku”, — deya qayd etdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2027-yildan bojxona imtiyozlarini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni faqat 2026-yilning sakkiz-to‘qqiz oylik statistikasiga asoslanib qabul qilish mumkin emas.

“Aytaylik, bugun 84 ming tonna yetarli. Lekin keyingi yili shu davrda iste’mol 84 ming tonna emas, balki 100 ming tonnaga yetishi mumkin. Unda hozirgi ishlab chiqarish hajmi yetarli bo‘lmay qoladi, narxlar esa yanada keskin oshishi mumkin. Oxir-oqibat bu fuqarolarimizning hamyoni va ovqatlanishida aks etadi”, — deb ogohlantirdi tadbirkor.

Loyihani qayta ishlashga qaytarish taklif etildi

Yig‘ilishning boshqa ishtirokchilari ham bojlarning qayta tiklanishi oqibatlarini qo‘shimcha baholash zarurligini qo‘llab-quvvatladilar.

Xususan, sutchilik sohasidagi muammolar, jumladan, chorva mollari kasalliklari, yaylovlarning qisqarishi, tannarxning oshishi va ayrim korxonalarning yopilishi muhokama qilindi.

Kengash a’zolaridan biri hisob-kitoblarda nafaqat ishlab chiqarish va rasmiy importni, balki savdo va qayta ishlash sanoatida ish o‘rinlarining ehtimoliy qisqarishini, shuningdek, soliq tushumlarining o‘zgarishini ham hisobga olish zarurligini ta’kidladi.

Alohida ravishda bojxona statistikasida aks etmasligi mumkin bo‘lgan chegaraoldi va norasmiy savdo hajmlarini hisobga olish taklifi yangradi.

Munozaralar yakunlari bo‘yicha raislik qiluvchi taqdim etilgan loyiha bahsli qoidalar bo‘yicha yetarli tahliliy materiallar va iqtisodiy asoslar bilan birga taqdim etilmaganini tan oldi.

U hujjatni ishlab chiquvchilarga qaytarishni, qo‘shimcha hisob-kitoblarni o‘tkazishni, tashabbusni tadbirkorlar bilan muhokama qilishni va shundan so‘ng loyihani qayta ko‘rib chiqish uchun kiritishni taklif qildi.

“Loyiha bo‘yicha yetarli asoslanuvchi tahlillar va ma’lumotlar taqdim etilmagani sababli, uni qaytarib yuborish, so‘ralgan siradagi barcha hisob-kitoblarni qayta ko‘rib chiqish, hujjatni tadbirkorlar bilan muhokama qilish va ko‘tarilgan savollarga to‘liq javob berish taklif etiladi”, — dedi raislik qiluvchi.

Bildirilgan e’tiroz va takliflar yig‘ilish bayonida aks ettirilishi va tegishli vazirlik hamda idoralarga yuborilishi kerak.

Shu tariqa, to‘qqizta tovarlar guruhi bo‘yicha imtiyozlarni uzaytirmaslik taklifi hozircha loyihaligicha qolmoqda. 2027-yil uchun nol darajali import bojlari bo‘lgan tovarlar ro‘yxati bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q.

O‘zbekistonda nima uchun nol darajali bojlar amal qilmoqda?

Ayrim oziq-ovqat va iste’mol tovarlariga nol darajali import bojlari O‘zbekistonda inflyatsiyani jilovlash va ichki bozorni hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash chora-tadbirlari doirasida joriy etilgan edi.

2022-yil may oyida prezident Shavkat Mirziyoyev bir qator tovarlar bo‘yicha bojlarni nollashtirishni nazarda tutuvchi farmonni (PF-145) imzoladi. Hujjat ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxining asossiz oshishining oldini olishga va monopoliyaga qarshi choralar samaradorligini oshirishga qaratilgan edi.

2023-yil mart oyida nol darajali bojlar qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxatini kengaytirgan farmon (PF-41) qabul qilindi. Unga sut mahsulotlari, pishloqlar, suzma (tvorog), shokolad, mevalar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari kiritildi.

Imtiyozlarning amal qilish muddati bir necha bor uzaytirilgan. Oxirgi marta bu 2025-yil 30-dekabrdagi farmon (PF-269) bilan — 2027-yil 1-yanvargacha amalga oshirildi.

Ushbu hujjatda hukumatga zarurat tug‘ilganda oziq-ovqat xavfsizligi, aholining asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangani va ichki bozordagi narxlar barqarorligini hisobga olgan holda nol darajali bojlar bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirilgan edi.

Muhokama qilinayotgan loyiha ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan tayyorlangan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

09 11 2026 / 11:24