Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov klasterlar va fermerlar
o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilishda ilm-fan va olimlar ham
ishtirok etishi zarur deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, klasterlar qishloq xo‘jaligi
uchun eng maqbul yechim. “Chunki ikki tomon bir-birisiz daromadga erisha
olmaydi”, — dedi vazir.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov klasterlar tizimini sohaning
kelajagi va eng maqbul yechimi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, klasterlar
fermerlar bilan hamkorlik qilishi, ularni rag‘batlantirishi va ikki tomon
manfaatlarini uyg‘unlashtirishi kerak. Bu haqda vazir 6-noyabr kuni Kontent
tayyorlash markazida OAV vakillariga bergan intervyusida ta’kidladi, deya xabar
bermoqda Gazeta muxbiri.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, klasterlar fermerlar yetishtirgan mahsulotni
sotib olish va qayta ishlash orqali ular uchun barqaror bozor yaratadi.
Ayniqsa, paxtachilikda bu tizim muhim, chunki fermerlar yetishtirgan
paxtani sotish uchun xaridor va qayta ishlash imkoniyati bo‘lishi kerak.
“Men vazir sifatida, albatta,
fermerlar tarafida xizmat qilaman. Lekin men uchun bozor ham kerak.
Prezidentimiz klasterlar tizimini fermerlar daromadga chiqishi uchun joriy
qilgan. Paxtani o‘ylang, klaster bo‘lmasa, uni kim sotib oladi? Mahsulot
sotilmay qolib ketishi mumkin. Boshqa meva-sabzavot mahsulotlarida bo‘lgani
kabi qiyinchiliklar yuzaga kelardi. To‘qimachilik klasterlari — kelajak,
bozorga olib chiqadigan yo‘l. Buni fermerlar ham yaxshi tushunishi
kerak”, — deydi Ibrohim Abdurahmonov.
Shu bilan birga, vazir klasterlar ham fermerlar bilan hamkorlikdan
manfaatdor bo‘lishi, ularga qo‘shimcha rag‘bat va bonuslar berishini ta’kidladi.
Uning fikricha, ikki tomon bir-birisiz daromadga erisha olmaydi.
“Klasterlar fermerlarsiz daromadga
chiqa olmaydi. Ular fermerlar bilan birga ishlashi, bu hamkorlikni
mustahkamlashi kerak. Ikki tomon bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi
lozim”, — deydi vazir.
Abdurahmonov klasterlar va fermerlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni
hal qilishda ilm-fan va olimlar ham ishtirok etishi zarurligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, klasterlar paxta yetishtirish xarajatlari
yuqoriligidan, fermerlar esa mahsuloti arzon baholanayotganidan norozi.
“Klaster nimadan norozi?
Paxtaning qimmatligidan. Fermer nimadan norozi? „Paxtamizni arzon olyapti“,
deydi. Bu ikki tomonning manfaatini uyg‘unlashtirish uchun o‘rtada olimlar
turishi kerak. Fanlar akademiyasi, olimlar bu jarayonda vositachi bo‘lib,
yetishtirishni soddalashtirishi, arzonlashtirishi va ham klaster, ham fermer
manfaatiga mos yechim topishi mumkin”, — deydi u.
Uning ta’kidlashicha, ilmiy
ishlanmalar orqali xarajatlarni qisqartirish mahsulot tannarxini pasaytirishga,
bu esa fermer va klaster uchun o‘zaro manfaatli sharoit yaratishga
xizmat qilishi mumkin.
Abdurahmonov klasterlar tizimini
nafaqat paxtachilikda, balki meva-sabzavotchilik, parrandachilik
va chorvachilikda ham rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Uning
fikricha, mahsulot yetishtirish bilan uni qayta ishlash va bozorga
yetkazib berish vazifalari o‘zaro bog‘liq bo‘lsa-da, turli ishtirokchilar
o‘rtasida taqsimlanishi kerak.
“Qayta ishlovchi paxta
yetishtirmasligi kerak. Buni fermerlar qo‘liga berdik. Fermer paxta
yetishtiradi, bozorni ta’minlaydiganlar esa mahsulotni qayta ishlaydi. Klaster
tizimi — kim nima desa desin, qishloq xo‘jaligi uchun eng maqbul yechim.
Nafaqat paxtachilikda, meva-sabzavotchilik, parrandachilik
va chorvachilikda ham”, — deydi vazir.
U klasterlar tizimi ayrim fermerlarga hozircha kutilgan natijani bermayotgandek
ko‘rinishi mumkinligini tan oldi. Biroq vazir bu mexanizmni qishloq
xo‘jaligidagi muhim islohotlardan biri sifatida baholadi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 11 2026 / 12:16