Prezidentning 05.11.2026 yildagi «Qoraqalpogʻiston
Respublikasida olib borilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishga
qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-393-sonli qarori qabul qilindi.
2027 yildagi asosiy maqsadlar:
·
yalpi hududiy mahsulotning 108 %ga,
sanoat ishlab chiqarishining 107 %ga, bozor xizmatlarining 117 %ga, qishloq
xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishining 105 %ga va qurilish ishlarining
113 %ga oʻsishi;
·
eksport hajmini 550 mln dollarga oshirish va umumiy investitsiyalar hajmini
ikki baravarga oshirib, 5 mlrd dollarga yetkazish;
·
125 mingta kam ta’minlangan oiladan 513 ming kishini yuqori daromadli ish
oʻrinlariga joylashtirish;
·
yashil energiya yaratish orqali uglerod kreditlarini iqtisodiy aktivlarga
aylantirish;
·
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan 17 ming
gektar yerni iqtisodiy muomalaga kiritish, shuningdek choʻl hududlarida 20 ming
gektar maydonda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish;
·
2026 yil yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasini ishsizlik va
kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish.
Zamonaviy
massivlar barpo etish va ijtimoiy infrastrukturani takomillashtirish
Xususan, zamonaviy koʻp kvartirali uylar, savdo
va biznes markazlari, mehmonxonalar, bogʻlar, yashil hududlar, favvoralar,
sport maydonchalari, ijtimoiy ta’minot muassasalari va boshqa ob’yektlarni, shu
jumladan «aqlli shahar» yechimlarini barpo etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, «15 daqiqalik shahar» tamoyili
boʻyicha jamoat transportini joriy etish uchun sharoitlar yaratiladi.
50 ming kishiga moʻljallangan 270 gektar
maydonda ilgʻor arxitektura yechimlari va energiya tejovchi texnologiyalardan
foydalangan holda «Nukus-siti»ni loyihalashtirish va qurish Toshkent shahar
hokimligi koʻmagida Yangi Toshkent tajribasi asosida amalga oshiriladi.
Shu tariqa, Nukus shahrining «Nur» va
«Elobod» mahallalarida obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, kapital
ta’mirlash va qurilish ishlari uchun Toshkent shahri byudjetining orttirib
bajarilgan qismi hamda Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari
hisobidan 100 mlrd soʻm ajratiladi.
Aholining dolzarb muammolarini tezkorlik
bilan hal etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Qoraqalpogʻiston
Respublikasining 2026-2027 yillarga moʻljallangan ijtimoiy infratuzilmasini
rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.
Qishloq xoʻjaligi
va chorvachilikni rivojlantirish
Hujjatda 20 ming gektar choʻl hududlarida
ozuqa yetishtirish sohasida Misr tajribasini joriy etish nazarda tutilgan.
Bunda Misrdan tegishli mutaxassislar va texnologiyalar jalb etiladi hamda Osiyo
taraqqiyot bankining yaylovlarni qayta tiklash uchun ajratilgan kredit va grant
mablagʻlarining tegishli qismi ushbu loyihani moliyalashtirishga
yoʻnaltiriladi.
Yaylovlarni qayta tiklash va chorvachilik
boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun «Uzagrostar» xoldingi muassisligida
«Boʻzatov Agrostar» kompaniyasi tashkil etiladi. «Boʻzatov Agrostar» dronlardan
foydalangan holda oʻtlar va yaylov ekinlari urugʻlarini granulyatsiya va
inkapsulyatsiya qilish hamda ekishni amalga oshiradi.
«Yashil
sanoat koridori – intellektual iqtisodiyot uchburchagi»ni yaratish
Axborot texnologiyalari va logistika
sohasida 20 ming nafar yoshlar oʻqitiladi, shuningdek ushbu sohada yangi
korxonalar va startaplar ishga tushiriladi.
Shuningdek, olis hududlardagi yoshlarni
axborot texnologiyalari sohasida oʻqitish va 1,5 mingta yuqori daromadli ish
oʻrinlarini yaratish uchun xorijdan Qoraqalpogʻistonga kamida 10 nafar
iqtidorli vatandoshlarni jalb etish rejalashtirilmoqda.
Orol dengizi hududida 50 ming gektar
maydonda oʻrmonlarni bosqichma-bosqich qayta tiklash loyihasi ishga
tushiriladi.
«Xomashyo – tayyor
mahsulot – eksport» zanjirini yaratish
Qoʻngʻirot tumanining «Barsakelmes» tuz
konlari hududida tashkil etilgan, tuzni qayta ishlashga ixtisoslashgan
«Qoʻngʻirot tuz hududi» sanoat zonasini boshqarish uchun Tuz resurslaridan
foydalanish direksiyasi tashkil etilmoqda.
Direksiyaning
asosiy vazifalari:
·
elektron onlayn-auksionlar uchun yer
uchastkalarini joylashtirish, loyihalar amalga oshirilishini monitoring va
nazorat qilish, shuningdek sanoat zonasini boshqarish bilan bogʻliq boshqa
funksiyalarni bajarish;
·
tuz konlaridan oqilona foydalanishni
ta’minlash, tuz xomashyosi zaxiralarini baholash va yagona raqamli ma’lumotlar
bazasini shakllantirish;
·
tuz xomashyosi qazib olinadigan
hududlarda tuz konlarini qayta tiklash uchun zarur sharoitlar yaratish hamda
konchilik uchastkalarini bosqichma-bosqich rekultivatsiya qilish va doimiy
monitoring olib borish;
·
mahalliy tuz ishlab chiqaruvchilarga
muammolarni hal etishda, shu jumladan milliy brendni yaratish va tashabbuslarni
ilgari surishda yordam koʻrsatish.
Hujjat
Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va
06.11.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova
Batafsil: https://www.norma.uz/oz/qonunchilikda_yangi/qoraqalpogistonda_5_mlrd_dollar_investiciya_jalb_etish_va_513_mingta_ish_urnini_yaratish_rejalashtirilmoqda
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
09 11 2026 / 13:41