Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda davlatdan imtiyoz olgan yirik investitsiya loyihalarida mahalliy elektrotexnikadan foydalanish majburiy bo‘ladi



Ulashing :


O‘zbekistonda mahalliy mahsulotlardan foydalanish talabini qiymati $10 mlndan ortiq bo‘lgan, davlatdan imtiyoz va arzon resurs oladigan investitsiya loyihalariga ham tatbiq etish reja qilinmoqda. Hozir DXSH energetika loyihalarida mahalliy mahsulot ulushi 25%, kabel mahsulotlari bo‘yicha — 70% bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda mahalliy elektrotexnika mahsulotlariga ichki bozorda talabni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni elektrotexnika sanoati vakillari, tadbirkor va investorlar bilan muloqotda ma’lum qildi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Hozir energetika sohasidagi xususiy sheriklik loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 25 foiz, kabel mahsulotlari bo‘yicha esa 70 foiz bo‘lishi talabi mavjud.

Endilikda alohida soliq va boshqa imtiyozlardan foydalanayotgan yoki davlatdan arzon resurs olgan, qiymati 10 mln dollardan yuqori investitsiya loyihalariga ham ushbu talablar tatbiq etiladi.

Shu tariqa, yangi talablar nafaqat energetika sohasidagi DXSH loyihalariga, balki davlat imtiyozlaridan foydalanayotgan boshqa yirik investitsiya loyihalariga ham taalluqli bo‘ladi.

Davlat xaridlariga yondashuvning o‘zgarishi

Yig‘ilishda prezident elektrotexnika mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridlariga yndashuvlar qayta ko‘rib chiqilishini ham e’lon qildi.

Davlat xaridlari doirasida mamlakatda har yili 10 trln so‘mlik elektrotexnika mahsulotlari sotib olinadi.

Ilgari tadbirkorlar davlat korxonalarining buyurtmalarini to‘rt-beshta alohida platforma orqali kuzatishga majbur edi. Endilikda barcha davlat buyurtmalari bitta platformada aks ettiriladigan tizim joriy qilindi.

Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan davlat xaridlari bo‘yicha uch yillik rejalarni oldindan e’lon qilish boshlanadi. Bu tadbirkorlarga talabni oldindan bilib, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi uskunalar xarid qilish va investorlar jalb etish imkonini beradi.

Davlat xaridlarida faqat eng arzon narxga qarab mahsulot tanlash amaliyoti qayta ko‘rib chiqiladi. Chunki arzon import mahsulotning keyingi ekspluatatsiya xarajatlari ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Yig‘ilishda misol tariqasida ikkita 40 kilovattli transformator nazorat xaridi natijalari keltirildi. Import mahsulot mahalliysidan 400 ming so‘m arzon bo‘lgan. Ammo uning elektr energiyasining sarfi 10 foizga, foydalanish davridagi ta’mirlash xarajati esa to‘rt barobarga yuqoriligi aniqlangan.

Shu sabab davlat xaridlarida mahsulotning butun xizmat muddati davomidagi xarajatlarni baholash tizimi — life-cycle cost yondashuvi joriy etiladi. Bunda xarid narxi bilan birga elektr sarfi, ta’mirlash, servis va foydalanish xarajatlari ham hisobga olinadi.

Sentabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlarini ko‘rib chiqqan edi. O‘shanda tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 4,7 trln so‘mdan 43,1 trln so‘mga yetgani, eksport esa 1 mlrd dollardan oshgani ma’lum qilingan. O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.

Qo‘llab-quvvatlash choralari doirasida tarmoq korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlarini 2030-yilgacha uzaytirish, shuningdek, O‘zbekistonga kamida 50 mln dollar investitsiya kiritadigan yirik xalqaro brendlarga soliq imtiyozlari berish taklif etilgan.

Qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish hisobiga mahalliy mahsulotlarga talabni oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, umumiy quvvati 15 GVt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu har yili qariyb 500 mln dollarlik elektrotexnika mahsulotlariga buyurtmalar bozorini shakllantirishi kerak.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

10 11 2026 / 11:37