O‘zbekistonda uch yil ichida $11,6 mlrdlik 164 ta loyihani amalga
oshirish rejalashtirilmoqda. Ular orasida elektromobillar uchun komponentlar,
server uskunalari, elektronika va sanoat robotlarini ishlab chiqarish
loyihalari bor. Prezident hududlar uchun istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab
berdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni elektrotexnika
sanoati vakillari, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar
bilan uchrashuv o‘tkazdi. Yig‘ilishda tarmoqni rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan
qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va eksportni
kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Prezident matbuot kotibi
Sherzod Asadov ma’lum qilishicha, kelgusi uch yilda elektrotexnika
va u bilan bog‘liq yangi sanoat yo‘nalishlarida umumiy qiymati 11,6
mlrd dollarlik 164 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish
rejalashtirilmoqda.
Loyihalar oltita asosiy yo‘nalishga taqsimlangan:
·
elektron komponentlar
va mikroelektronika — 3,5 mlrd dollarlik 21 ta loyiha;
·
sanoat robototexnikasi
va uskunasozlik — 3 mlrd dollarlik 45 ta loyiha;
·
kabel sanoati — 2,5 mlrd
dollarlik 41 ta loyiha;
·
transformatorlar
va nasoslar ishlab chiqarish — 1,4 mlrd dollarlik 29 ta loyiha;
·
transport
va elektromobillar uchun elektrotexnika mahsulotlari — 650 mln
dollarlik 9 ta loyiha;
·
maishiy texnika — 600 mln
dollarlik 19 ta loyiha.
Har bir yo‘nalishga mas’ul rahbarlar va asosiy buyurtmachilar
biriktiriladi. Ularga tayanch investorlarni jalb qilish, ilmiy markazlar
va texnika oliygohlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifasi
yuklatildi.
Hududlarda qanday ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etiladi?
Yig‘ilishda prezident
elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish mavjud quvvatlarni oshirish
bilan cheklanib qolmasligi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra,
tarmoqda katta texnologik sakrashni amalga oshirish va yangi turdagi
mahsulotlarni o‘zlashtirish zarur.
Xususan, ayrim hududlar uchun istiqbolli yo‘nalishlar belgilab berildi:
·
Toshkent viloyati —
energiya batareyalari va elektronika uchun yupqa mis folgasi ishlab
chiqarish;
·
Jizzax viloyati —
elektromobillar uchun invertorlar va zaryadlash qurilmalari;
·
Namangan viloyati — suv
nasoslari uchun energiya tejamkor elektr dvigatellari;
·
Qoraqalpog‘iston —
serverlar uchun uzluksiz elektr ta’minoti va sovitish tizimlari;
·
Andijon viloyati — ofis
texnikasi va tayyor kabel to‘plamlari;
·
Toshkent shahri —
serverlar, interaktiv panellar va sensorli datchiklar;
·
Qashqadaryo viloyati —
televizorlar uchun elektron platalar ishlab chiqarish.
Energiya saqlash tizimlari uchun uskunalar ishlab chiqarishga ham alohida
e’tibor qaratildi. 2030-yilga borib O‘zbekistonda bunday tizimlarning quvvatini
4,5 GVtga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, xorijiy hamkorlar ushbu loyihalarni amalga
oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlaridan foydalanishga tayyor.
Biroq zarur uskunalarning bir qismi hozircha mamlakatda ishlab chiqarilmaydi.
Kuzatuv kameralarini ishlab
chiqarish ham istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Taqdim
etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ichki bozorda bunday uskunalarga yillik talab 200
mln dollarga yetadi, qo‘shni davlatlar bozori hisobga olinganda esa 600 mln
dollardan oshadi.
Hozir Buxorodagi Digital Security va Samarqanddagi Samvision
korxonalari o‘z dasturiy ta’minoti asosida yiliga qariyb 2000 ta kamera
ishlab chiqarmoqda. Prezident bunday loyihalarni ko‘paytirish zarurligini
ta’kidladi.
Bundan tashqari, bankomatlar ishlab chiqarishni tashkil etish
imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi.
2025-yilda O‘zbekistonga qiymati
50 mln dollardan ortiq bo‘lgan 9000 ta bankomat import qilingan.
Yig‘ilishda yangi uy-joy massivlari, savdo va ko‘ngilochar majmualar
qurilishi ortidan bunday uskunalarga ehtiyoj ham ortib borishi ta’kidlandi.
Mas’ullarga ichki talabni hisob-kitob qilish, mahalliy ishlab chiqarishni
yo‘lga qo‘yish uchun texnologiyalar va investorlarni jalb qilish vazifasi
topshirildi.
Elektrotexnika mahsulotlari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazish
rejalashtirilmoqda
Prezident yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni
kengaytirish hisobiga O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari eksportini 5 mlrd
dollarga yetkazish imkoniyati borligini ham ta’kidladi.
Yig‘ilishda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda tarmoqda
mahsulot ishlab chiqarish hajmi 50 trln so‘mga yetgan. Taqqoslash uchun,
2016-yilda bu ko‘rsatkich 1,7 trln so‘mni tashkil etgan.
So‘nggi 10 yilda elektrotexnika sanoatiga qariyb 2 mlrd dollar investitsiya
jalb qilindi va 413 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga
tushirildi.
Maishiy texnika, quyosh panellari, elektron hisoblagichlar va yuqori
kuchlanishli transformatorlar kabi 100 dan ortiq turdagi yangi mahsulotlar
ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Tarmoqqa har yili jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmi 600 mln dollarga,
eksport esa 1,6 mlrd dollarga yetdi. 10 yilda eksport 14 barobar o‘sdi.
Shu bilan birga, davlat rahbari erishilgan natijalar mavjud imkoniyatlarga
nisbatan kam ekanini ta’kidladi.
Tarmoqni yanada rivojlantirish omillaridan biri sifatida mis ishlab
chiqarishni ko‘paytirish belgilandi. 2026-yilda 3-mis boyitish fabrikasi ishga
tushirildi. Ushbu loyiha hisobiga mis ishlab chiqarish hajmini 300 ming
tonnaga, 2030-yilga borib esa 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston
kelgusi 10 yilda xorijiy hamkorlar bilan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida
umumiy qiymati 450 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirishni
rejalashtirmoqda. Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ularning amalga oshirilishi
elektrotexnika mahsulotlariga qo‘shimcha talabni shakllantiradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mahalliy mahsulotlardan foydalanish talabini
qiymati $10 mlndan ortiq bo‘lgan, davlatdan imtiyoz va arzon resurs
oladigan investitsiya loyihalariga ham tatbiq etish reja qilinmoqda. Hozir DXSH energetika
loyihalarida mahalliy mahsulot ulushi 25%, kabel mahsulotlari bo‘yicha —
70% bo‘lishi kerak.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
10 11 2026 / 12:17