O‘zbekiston
2027−2029-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilish davri
uchun umumiy qiymati 3,3 mlrd dollar bo‘lgan 133 ta loyihani tayyorladi.
Ular suv resurslari, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish
sohalarini qamrab oladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Orolni
qutqarish xalqaro jamg‘armasiga O‘zbekiston raisligi davrida amalga oshirilishi
rejalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat
rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi
1993-yilda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan tashkil etilgan. U Orol dengizi havzasida suv resurslarini kelishilgan holda
boshqarishni ta’minlaydi.
2027−2029-yillarda O‘zbekiston
jamg‘armaga raislik qiladi. Bu davr uchun suv resurslari, ekologiya
va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohalarida 133 ta loyiha ishlab
chiqilgan. Ular doirasida suv xo‘jaligi inshootlarini modernizatsiya qilish
va rekonstruksiya qilish, suvni taqsimlash, hisobga olish
va monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish,
gidrometeorologik ma’lumotlarni kuzatish, toshqin va qurg‘oqchilikni prognoz
qilish hamda ulardan erta ogohlantirish bo‘yicha mintaqaviy raqamli platformani
yaratish, shuningdek, aholini ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan
ta’minlash darajasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyihalarning umumiy qiymati 3,3 mlrd долларni tashkil
etadi. Ular Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish
va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma
va boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida moliyalashtiriladi.
Prezident kelgusi yildagi ishlar bo‘yicha oyma-oy “yo‘l xaritasi”ni
tasdiqlash va uning ijrosini ta’minlashni topshirdi. Shuningdek, loyihalarni amalga
oshirishga xorijdagi vatandoshlar qatori xalqaro ekspertlar, professorlar
va olimlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
O‘zbekistonning
OQXJga raisligidagi ustuvor vazifalar sifatida jamg‘arma tuzilmasi
va uning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish, organlari
vakolatlarini aniq belgilash, Afg‘oniston bilan konstruktiv hamkorlikni
mustahkamlash belgilandi. Shuningdek, jamg‘arma kun tartibini Markaziy Osiyo
davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarida qabul qilingan qarorlar
bilan uyg‘unlashtirishga e’tibor qaratiladi.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq
xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot
universiteti jamg‘arma tashabbuslarini amalga oshirish uchun ilmiy-tahliliy
platformaga aylanadi. Shu munosabat bilan oliygohning ta’lim va ilmiy-tadqiqot
jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirish,
ekologik tiklanish va suvni tejash bo‘yicha tadqiqotlarni kengaytirish,
yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni kuchaytirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Amudaryo va Sirdaryo
havzalari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi, mintaqa mamlakatlari
olimlari bilan birgalikda cho‘llanishga qarshi kurashish loyihalari ishlab
chiqiladi, investitsiya va grantlar jalb etiladi. Markaziy Osiyo
davlatlari va Afg‘oniston uchun suv xo‘jaligi bo‘yicha bakalavriat
va magistratura dasturlari ham yo‘lga qo‘yiladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
10 11 2026 / 14:36