BMTning COP31 anjumanida “Markaziy Osiyoning iqlimiy barqaror
landshaftlari” (CLiCA) dasturi ishga tushirildi. Loyiha doirasida
O‘zbekistonning 4 ta viloyatidagi 15 ta tumanga 103,7 million yevro
investitsiya jalb etilib, 141 ming gektardan ortiq yer qayta tiklanadi.
BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha
31-konferensiyasi (UNFCCC COP31) doirasida “Markaziy Osiyoning iqlimiy barqaror
landshaftlari” (CLiCA) mintaqaviy dasturini amalga oshirishga bag‘ishlangan
tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi
matbuot xizmati xabar berdi.
Yashil iqlim jamg‘armasi, Germaniya hukumati, Germaniya xalqaro hamkorlik
jamiyati (GIZ) hamda Yevropa investitsiya banki ko‘magida ishlab chiqilgan
ushbu dasturda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonda dasturni amalga
oshirish uchun Andijon, Farg‘ona, Namangan va Surxondaryo viloyatlarining
15 ta tumani tanlab olingan bo‘lib, ushbu hududlarga 103,7 million yevro
miqdorida investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Dastur doirasida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
·
18 ming gektar o‘rmon
hududlari va 123 ming gektar yaylovlar qayta tiklanadi;
·
tomchilatib sug‘orish
tizimlari va qurg‘oqchilikka chidamli ekin navlari keng joriy etiladi;
·
issiqxonalar tashkil etilib,
12 ming nafar fermerga iqlim bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatiladi;
·
mahalliy banklar orqali
qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining kredit resurslaridan foydalanish
imkoniyatlari kengaytiriladi.
Natijada 342 ming nafar aholining (yarmini ayollar tashkil etadi) iqlim
xavf-xatarlariga nisbatan barqarorligi oshiriladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra,
milliy hissadagi har 1 yevro evaziga xalqaro hamkorlarning 24 yevrodan ortiq
mablag‘ini jalb qilish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston majburiyatlari
Tadbirda ishtirok etgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi
raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekistonning uchta muhim majburiyatini belgilab
berdi.
Birinchi muhim yo‘nalish — dasturni tezkor ishga tushirish
hisoblanadi. Loyihani 2027-yilda o‘z vaqtida boshlash maqsadida Milliy
boshqaruv qo‘mitasi va Dastur boshqaruvi guruhi tuziladi.
Shuningdek, natijalar uchun milliy mas’uliyat ta’minlanib, erishilgan
ko‘rsatkichlar tumanlarni rivojlantirish rejalariga integratsiya qilinadi.
Qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va yerdan foydalanish bo‘yicha
idoralararo kengash (AFOLU) dastur yakunlanganidan keyin ham doimiy
muvofiqlashtiruvchi organ sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Uchinchi majburiyat amalga oshirish jarayonining shaffofligini ta’minlash
bilan bog‘liq bo‘lib, tiklangan yer maydonlari, fermerlar daromadlarining
o‘sishi va aholi turmush darajasidagi real o‘zgarishlar bo‘yicha ochiq hisobot
berib boriladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
10 11 2026 / 15:50