Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Prezident Yashil iqlim fondi ijrochi direktori va YTTB prezidentini qabul qildi



Ulashing :


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Antaliyada Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte va YTTB prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashdi. Muloqotlarda iqlim loyihalarini moliyalashtirish va ikki institut bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan COP31 sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte bilan uchrashdi. Muloqotda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va iqlim moliyasi mablag‘larini jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Fond bilan sheriklik mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Qo‘shma loyihalar portfeli 200 million dollardan oshgan. Prezident Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga chidamli landshaftlarni yaratish bo‘yicha mintaqaviy dastur ma’qullanganini olqishladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston moliya institutlarining fond resurslaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanishini ta’minlash, iqlimga oid yirik investitsiya dasturini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi. Dastur Orolbo‘yini ekologik jihatdan tiklash va “yashil” shaharlarni rivojlantirishni ham qamrab olishi ko‘zda tutilgan. Tomonlar sheriklikni mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashdi. Unda bank bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston olti yildan buyon YeTTBning mintaqadagi eng yirik moliyaviy hamkori hisoblanadi. Loyihalar portfeli 7 milliard dollardan oshgan, 2025-yilda esa bank amaliyotlari hajmi ilk bor 1 milliard dollardan yuqori bo‘lgan.

Bankning “yashil iqtisodiyot"ni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi. YeTTBning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalarining qariyb 60 foizi shu yo‘nalishdagi loyihalarga to‘g‘ri keladi.

Kelgusi yil uchun elektr infratuzilmasini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmoqlarini rivojlantirish, bank sohasida xususiylashtirishni amalga oshirish, Toshkent xalqaro moliya markazini ishga tushirish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi. 2027-yilda Xorijlik investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham muhokama qilindi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

11 11 2026 / 11:07