Osiyo taraqqiyot banki (OTB)
O‘zbekistonda chorvachilik mahsuldorligi va barqarorligini mustahkamlash
uchun 60 mln dollar miqdorida imtiyozli qarzni ma’qulladi. Bu haqda bank
matbuot xizmati xabar berdi.
“Chorvachilikni barqaror rivojlantirish” loyihasi
Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston
Respublikasida faoliyat yuritayotgan qariyb 29 mingta kichik fermer xo‘jaligini
qo‘llab-quvvatlaydi. Loyiha fermerlarning ozuqa bazasidan foydalanish
imkoniyatlarini yaxshilash, veterinariya xizmatlarini kuchaytirish hamda yaylov
resurslarini samarali boshqarishni rag‘batlantirishga yordam beradi.
“Chorvachilik O‘zbekiston qishloq hududlaridagi
millionlab insonlar uchun muhim daromad va oziq-ovqat manbai hisoblanadi.
Biroq ushbu tarmoq tobora kuchayib borayotgan qurg‘oqchilik, haddan tashqari
issiq havo va suv tanqisligining salbiy ta’siriga duch kelmoqda, —
dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya.
— Mazkur loyiha fermerlarga chorva mahsuldorligini oshirish, yer
va suv resurslaridan samaraliroq foydalanish hamda iqlim xatarlariga
nisbatan barqarorligini kuchaytirishga yordam beradi”.
Loyiha kuchayib borayotgan qurg‘oqchilik, jazirama
issiq va suv tanqisligi ta’sirini kamaytirish uchun amaliy yechimlarni
joriy etadi. Jumladan, yaylovlarni boshqarish takomillashtiriladi,
qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ozuqabop ekinlarni yetishtirish
kengaytiriladi, chorva sug‘orish punktlari tiklanadi va ozuqa ta’minoti
yaxshilanadi.
Shuningdek,
loyiha veterinariya va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahat xizmatlarini
raqamli texnologiyalar yordamida kuchaytiradi. Bunga sun’iy intellekt asosida
yaylovlarni monitoring qilish tizimi, fermerlarga tavsiyalar va erta
ogohlantirishlarni taqdim etuvchi mobil ilova hamda jamoatchilikka asoslangan
veterinariya xizmatlarini modernizatsiya qilish kiradi. Chorvachilik bilan
shug‘ullanuvchi ayollar yem-xashak ishlab chiqarish bo‘yicha maqsadli o‘quv
dasturlari va qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalanadi.
OTB tomonidan ajratilayotgan mablag‘ga qo‘shimcha
ravishda, Yashil iqlim jamg‘armasi Muzliklardan fermer xo‘jaliklarigacha
(Glaciers to Farms) dasturi doirasida 5 mln dollar va Yaponiya
hukumati tomonidan OTB orqali moliyalashtiriladigan Farovon va barqaror
Osiyo va Tinch okeani mintaqasi uchun Yaponiya jamg‘armasi (JFPR)
tomonidan 3 mln dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratiladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
11 11 2026 / 16:04