Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalarni iqlim integratsiyasiga chorladi



Ulashing :


O‘zbekiston prezidenti COP31 konferensiyasida MO va boshqa mintaqalarda Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi. “Iqlim muammolariga hech bir davlat yolg‘iz yechim topa olmaydi”, — dedi u. Mintaqadagi tahdidlar sifatida muzliklar erishi, suv taqchilligi va qurg‘oqchilik qayd etildi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi. Bu haqda 11-noyabr kuni Antalya shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

“Iqlim muammolariga hech bir davlat yolg‘iz holda yechim topa olmaydi. Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi xatarlarning ko‘lami ortmoqda. Umumiy tahdidlar mintaqa davlatlaridan mushtarak harakatlarni talab qiladi”, — deya ta’kidladi u.

Davlat rahbari ushbu tashabbus doirasidagi hamkorlikni uchta asosiy yo‘nalishdan boshlashni taklif qildi.

Birinchisi — axborot yo‘nalishi. Bu borada Jahon meteorologiya tashkiloti ko‘magida iqlim xavf-xatarlari to‘g‘risida ma’lumot almashish infratuzilmasini yaratish zarur.

“Dastlabki bosqichda tabiiy ofatlar paytida tezkor chora-tadbirlar ko‘rish uchun erta ogohlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. Navbatdagi muhim qadam — sekin-asta yuzaga keladigan tabiiy ofatlarni monitoring qilish bo‘yicha ko‘rsatkichlar va ularga asoslangan qo‘shma mexanizmlarni shakllantirishdan iborat”, — dedi prezident.

Ikkinchisi — texnologik yo‘nalish. “Yashil” texnologiyalar tuproqni qayta tiklash, qurg‘oqchil hududlarda uglerodni yutish, chang va qum bo‘ronlariga qarshi kurashishda yordam beradi.

Har yili Markaziy Osiyoning Eco Expo ko‘rgazmasi o‘tkazilayotgani aytildi. “Unda ilg‘or tajriba, istiqbolli innovatsiyalar bilan o‘rtoqlashyapmiz. Biz bu ko‘rgazmani mintaqamizga mos zamonaviy ekologik yechimlar beradigan doimiy investitsiya va texnologiyalar maydoniga aylantirishni maqsad qilganmiz”, — dedi Mirziyoyev.

Uchinchisi — moliyaviy yo‘nalish. “Markaziy Osiyo mahalliy sharoit va ehtiyojlar hisobga olinadigan barqaror moliya manbalariga muhtoj. Bu borada taraqqiyot banklari va maqsadli jamg‘armalar bilan birgalikda Markaziy Osiyo uchun yangi ko‘mak vositalari — imtiyozli grantlar, shuningdek, „moviy“ va „arid“ moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif etamiz”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.

U konferensiyada ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar va xalqaro tuzilmalarni Iqlim integratsiyasi modelini amaliy mazmun bilan boyitishga chaqirdi.

Prezident yana nimalar dedi?

Davlat rahbari O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ta’kidladi.

“Biz yangi taraqqiyot modelimizni „yashil“ texnologiyalar asosida, tabiiy resurslardan oqilona foydalangan holda quryapmiz. Iqtisodiyot tarmoqlarida uglerod sarfini jadal sur’atda kamaytiryapmiz”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan gaz chiqindilarini 35 foizga qisqartirish borasidagi maqsadini muddatidan oldin bajardi. Uning eslatib o‘tishicha, 2035-yilga borib zararli chiqindilarni 50 foizga kamaytirish bo‘yicha yangi marra belgilangan. Shuningdek, yaqin 4 yilda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi 54 foizga yetkaziladi.

Davlat rahbari 10 yil ichida iqtisodiyotda suv sarfi deyarli ikki baravarga, havzalardan olinayotgan suv miqdori esa beshdan bir qismga kamaygani. sug‘oriladigan yer maydonlarining 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilganini keltirib o‘tdi.

2027-yildan O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qiladi.

“Transchegaraviy havzalarni boshqarishdek mas’uliyatli vazifani yuqori saviyada amalga oshirishga tayyormiz. Shu bilan birga, yerlarni keng ko‘lamda qayta tiklash ishlarini olib boryapmiz. Mamlakatimizda o‘rmonlar maydoni 6 million gektarga ko‘paytirildi, uning uchdan bir qismi Orolbo‘yi hududiga to‘g‘ri keladi”, — dedi prezident.

Bundan tashqari, 3 milliard dollardan ortiq investitsiya yo‘naltiriladigan “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” joriy etilgani qayd qilindi.

Shuningdek, prezident yoshlar masalasiga ham to‘xtaldi. “Mamlakatimizda bolalarning ekologik tarbiyasi oila, mahalla va maktab faoliyatining uyg‘unligi asosida yo‘lga qo‘yilgan. Yosh avlodga suvni tejash, daraxtlarni parvarish qilish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash bog‘chadanoq o‘rgatiladi”, — dedi u.

O‘zbekistonning har beshinchi fuqarosi maktab o‘quvchisi yoki talabadir. “Tizimli ekologik ta’lim-tarbiya tufayli 2050-yilga borib, O‘zbekiston aholisining to‘rtdan uch qismi tabiatni asrash bo‘yicha puxta bilimga ega bo‘ladi”.

Shavkat Mirziyoyev iqlim muammolariga hech bir davlat yolg‘iz holda yechim topa olmasligini aytdi.

Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi xatarlarning ko‘lami ortayotgani, umumiy tahdidlar esa mintaqa davlatlaridan mushtarak harakatlarni talab qilishi qayd etildi.

Shu bois u Markaziy Osiyoning Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu hamkorlikni uchta asosiy yo‘nalishdan boshlash taklif qilindi.

COP31 Turkiya va Avstraliya hamraisligida bo‘lib o‘tmoqda. Forumda 90 dan ortiq davlatning davlat va hukumat rahbarlari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etmoqda. Sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston milliy paviloni “Uzumzor — o‘tmish merosi, bugungi yechim, kelajak uchun ilhom” g‘oyasi asosida tayyorlangan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

13 11 2026 / 11:08