Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“Inson qadrini yuksaltirish” bo‘yicha yettita milliy dastur qabul qilindi



Ulashing :


Prezident “inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan” yettita milliy dasturni tasdiqladi. Ular aholi farovonligini yuksaltirish, ta’lim, tibbiyot va iqtisodiyotni rivojlantirish, tabiiy resurslarni asrash, sud mustaqilligini mustahkamlash, tinchlikparvar siyosatni davom ettirishga qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-noyabrdagi farmoni bilan “inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan” yettita milliy dasturni tasdiqladi.

Dasturlar 2027−2031-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, “inson qadri va aholi farovonligini yuksaltirish, ta’lim, tibbiyot va iqtisodiyotni rivojlantirish, tabiiy resurslarni asrash, sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini mustahkamlash, mahalla manfaatlarini ta’minlash hamda tinchlikparvar siyosatni davom ettirishga” qaratilgan.

Dasturlar va ularning asosiy yo‘nalishlari

Bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish bo‘yicha milliy dastur:

· 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish;

· nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha amaldagi imtiyozlarni saqlab qolish va ularning samaradorligini baholash;

· barcha umumta’lim maktablarini bosqichma-bosqich xalqaro baholash dasturlari bilan qamrab olish;

· texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish va yoshlarni yuqori daromadli kasblarga o‘qitish;

· kamida 10 ta oliy ta’lim tashkilotini nufuzli xalqaro reytinglarning top-1000 talik ro‘yxatiga kiritish;

· 10 mln nafar yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga jalb qilish;

· o‘zbek tilining raqamli muhitda ilm-fan va texnologiyalar tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash.

Aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash bo‘yicha milliy dastur:

· aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazish;

· sog‘liqni saqlash tizimida profilaktikaga asoslangan salomatlikni asrash modeliga o‘tish;

· davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bilan respublikadagi barcha xonadonlarni qamrab olish;

· ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sohasida raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning kamida 5 ta nufuzli klinikasini jalb qilish;

· tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiya va tibbiy ta’limni kompleks rivojlantirish.

Yuqori texnologiya va mehnat unumdorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur:

· iqtisodiyotga 450 mlrd dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;

· yalpi ichki mahsulot hajmini 300 mlrd dollarga yetkazish;

· sanoatda 2 mlnta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish;

· startaplar, venchur kapitali va sun’iy intellektni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishga aylantirish;

· kichik tadbirkorlik subyektlarini o‘rta, o‘rta korxonalarni esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylantirish bo‘yicha yaxlit ekotizimni shakllantirish;

· aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini 10 ming dollardan oshirish.

Suv resurslari va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha milliy dastur:

· sug‘oriladigan ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazish;

· “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi sifat bosqichiga olib chiqish;

· ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda ko‘p kvartirali uylar atrofidagi yashil hududlarni jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilish;

· tuman va shahar markazlarida yashillik darajasini 30 foizga yetkazish.

Sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha milliy dastur:

· huquqiy tarbiya va huquqiy savodxonlikni umumta’lim maktablaridan boshlab tizimli asosda yo‘lga qo‘yish;

· fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining qonuniy kafolatlarini kuchaytirish;

· kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish choralarini kuchaytirish;

· yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish;

· xotin-qizlar va bolalar huquqlarini kamsitishga qarshi kurashni kuchaytirish.

Mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish bo‘yicha milliy dastur:

· davlat dasturlarini mahallalarning ehtiyoj va talablaridan kelib chiqib shakllantirish;

· tuman (shahar) budjeti, investitsiya dasturi va infratuzilma loyihalarini mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqish;

· mahalla buyurtmalari yuzasidan 30 kunlik muddatda asoslantirilgan qaror qabul qilish tartibini joriy etish.

O‘zbekistonning tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik diyori sifatidagi nufuzini yuksaltirish bo‘yicha milliy dastur:

· millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash;

· ochiq, pragmatik, ko‘p qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni, jumladan, iqtisodiy diplomatiyani izchil davom ettirish;

· 2027−2030-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik doirasida ushbu tashkilot faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish;

· Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatni izchil davom ettirish.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

13 11 2026 / 11:31