Buxoro neftni
qayta ishlash zavodi quvvatlarini dastlabki qiymati 1,8 milliard dollar bo‘lgan
loyiha doirasida kengaytirish rejalashtirilmoqda. Loyiha
payshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi. Bu haqda uning
matbuot xizmati xabar berdi.
Qurilish ishlarini 2028-yilda
boshlash mo‘ljallangan. Xabarda aytilishicha, zavod loyiha bo‘yicha Xitoy,
Fransiya, AQSh va Ozarbayjonning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan
hamkorlik qiladi.
Neftni qayta ishlash
va neftkimyo sohalariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish,
shuningdek, yangi texnologik qurilmalarni qurish hisobiga neft mahsulotlarining
yillik umumiy ishlab chiqarish hajmini 2,1 million tonnadan 4,6 million
tonnagacha oshirish rejalashtirilgan.
Jumladan, avtomobil
benzini ishlab chiqarishni 2,7 million tonnaga, dizel yoqilg‘isini 1,24 million
tonnaga, aviatsiya kerosinini esa 500 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, benzol
va boshqa neftkimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish,
xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar
yaratish imkoniyatlari kengayadi.
2029-yilning
ikkinchi choragida AI-92 va AI-95 rusumli, Yevro-5 ekologik standartiga
mos benzin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qiymati 328 million
dollarlik loyihani ishga tushirish ham rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,1 million tonnani
tashkil etadi.
Import qilinadigan yoqilg‘i qo‘shimchalari
xarajatlarini qisqartirish hisobiga yiliga 150 million dollargacha mablag‘ni
tejash kutilmoqda. Shuningdek, 200 ta yangi ish o‘rni yaratish
rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni Buxoro viloyatiga
tashrifi chog‘ida zavod bilan tanishgan edi.
O‘shanda
328 million dollarlik loyiha qiymati korxonaning 49 million dollarlik o‘z
mablag‘lari va 279 million dollarlik xorijiy kreditlardan shakllanishi
xabar qilingandi.
Buxoro NQIZ 1997-yilda ishga
tushirilgan. Zavod yiliga 2,5 million tonna neft va gaz kondensatini qayta
ishlashga mo‘ljallangan. Korxonada 3200 dan ortiq kishi mehnat qiladi.
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz
oyida zavodda 1,5 million tonnadan ziyod xomashyo qayta ishlanib, qariyb 1,5
million tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarildi. Sof foyda 2,2 trillion
so‘mni tashkil etdi.
Yil oxirigacha xomashyoni
qayta ishlash hajmini 2,17 million tonnaga, neft mahsulotlari ishlab
chiqarishni esa 2,12 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
16 11 2026 / 10:52