Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonliklarga mahalliy brokerlar orqali xorijiy aksiyalarni sotib olishga ruxsat beriladi. Shartlar qanday?



Ulashing :


O‘zbekistonda mahalliy birjalar va brokerlar orqali xorijiy aksiyalar, obligatsiyalar va ETF savdosini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi. Savdolarda faqat malakali investorlar ishtirok eta oladi. Buning uchun muayyan mezonlarga javob berish, zarurat tug‘ilganda test sinovidan o‘tish talab etiladi. Tafsilotlar.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kapital bozorida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlarning muomalasi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat 12-noyabrdan kuchga kirdi.

Yangi qoidalar O‘zbekiston fond birjalarining maxsus maydonchalari hamda investitsiya vositachilarining elektron platformalari orqali xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilish, shuningdek, mahalliy brokerlar vositasida xorijiy savdo maydonchalariga chiqish imkoniyatini nazarda tutadi.

Shu bilan birga, operatsiyalarda ishtirok etish uchun investorlar, moliyaviy vositalar, brokerlar hamda hisob-kitoblar tartibiga nisbatan aniq talablar belgilandi.

Shunga qaramay, hujjatning kuchga kirishi O‘zbekistonda barcha xorijiy aksiyalar savdosi o‘z-o‘zidan boshlanib ketishini anglatmaydi. Muayyan qimmatli qog‘ozlar ILMA ruxsatini olishi, investitsiya vositachilari esa maxsus rejim talablarini bajarishi hamda zarur texnik infratuzilmani ta’minlashi lozim.

Qanday xorijiy qimmatli qog‘ozlarni sotib olish mumkin bo‘ladi?

Nizomda xorijiy qimmatli qog‘ozlarning quyidagi turlari savdosini tashkil etish ko‘zda tutilgan:

· xorijiy fond indekslariga kiritilgan aksiyalar;

· xorijiy kompaniyalarning obligatsiyalari;

· xorijiy davlatlarning davlat obligatsiyalari;

· birja investitsiya fondlari (ETF) paylari va aksiyalari hamda indeksli fondlarning qimmatli qog‘ozlari;

· xorijiy kompaniyalarning depozitar tilxatlari.

Savdolar ikki xil usulda amalga oshiriladi.

Birinchisi — O‘zbekiston fond birjasi yoki mahalliy brokerning elektron platformasi orqali. Bunday holda Markaziy depozitariy xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan ta’minlangan moliyaviy vositalarni muomalaga chiqaradi.

Buning uchun bazaviy xorijiy aktivlar Markaziy depozitariyning xorijdagi hisobvarag‘iga joylashtirilishi lozim. Ularning asosida depozitariyning hisob tizimida alohida identifikatsiya raqamlariga ega tegishli vositalar yaratiladi.

Bunda mahalliy moliyaviy vositaning bir birligi xorijiy bazaviy aktivning bir birligiga muvofiq kelishi kerak.

Masalan, agar bazaviy aktiv sifatida xorijiy kompaniya aksiyalari tanlansa, ular asosida chiqarilgan vositalar soni depozitariyning xorijdagi hisobvarag‘ida hisobga olingan tegishli aksiyalar sonidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Qonunchilikda ko‘zda tutilgan hollardan tashqari, bazaviy aktivlarni hisobvaraqdan chiqarib olish, garovga qo‘yish yoki moliyaviy vositalar egalarining huquqlarini cheklovchi usulda tasarruf etish taqiqlanadi.

Markaziy depozitariy vositalar sonini ularni ta’minlab turgan xorijiy aktivlar miqdori bilan muntazam ravishda solishtirib turishi shart. Tafovut aniqlangan taqdirda, qoidabuzarlik bartaraf etilguniga qadar yangi bitimlar tuzish cheklanadi.

Ikkinchi usul — xorijiy qimmatli qog‘ozlarni bevosita xorijiy savdo maydonchalarida mahalliy investitsiya vositachisining elektron platformasi orqali oldi-sotdi qilishdir.

Bunday holatda o‘zbekistonlik broker bitimlar o‘tkazilishini va qimmatli qog‘ozlar hisobini ta’minlaydigan xorijiy investitsiya vositachisi bilan hamkorlik qilishi lozim.

Mahalliy broker platformasi mijoz operatsiyalarini aks ettirishi, unga tegishli qimmatli qog‘ozlar va pul mablag‘larining hisobini yuritishi hamda amalga oshirilgan bitimlar bo‘yicha hisobotlar taqdim etishi kerak.

Shunday qilib, mazkur nizom ham O‘zbekiston ichida xorijiy aktivlar bilan ta’minlangan instrumentlar savdosini, ham mahalliy brokerlar orqali xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatini nazarda tutadi.

Xorijiy aksiyalarni kimlar sotib olishi mumkin?

Yangi qoidalar xorijiy qimmatli qog‘ozlarni sotib olish istagida bo‘lgan har qanday shaxsga emas, faqat malakali investorlarga — belgilangan talablarga muvofiq deb topilgan jismoniy va yuridik shaxslarga tatbiq etiladi.

Jismoniy shaxslar uchun quyidagi shartlardan kamida bittasining bajarilishi yetarli:

1. Qo‘lida kamida 5000 dollar miqdoridagi pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar yoki boshqa moliyaviy vositalarning mavjudligi.

2. So‘nggi 12 oy davomida brokerning ichki qoidalarida belgilangan hajmda qimmatli qog‘ozlar va moliyaviy vositalar bilan bitimlar tuzish tajribasiga egalik.

3. O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikatiga ega bo‘lish.

4. CFA, CIIA, FRM kabi xalqaro professional sertifikatlar yoki broker tomonidan tan olinadigan boshqa sertifikatlarning mavjudligi.

5. Moliya, iqtisodiyot, matematika, biznes-tahlil, buxgalteriya hisobi, investitsiyalar, moliya huquqi yoki broker tomonidan tan olinadigan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ma’lumot.

6. Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar, investitsiya qarorlari yoki tegishli risklarni boshqarish bilan bevosita bog‘liq lavozimlarda kamida ikki yillik ish tajribasi.

5000 dollarning mavjudligi investor ushbu summani to‘lig‘icha xorijiy aksiyalarga kiritishi shartligini anglatmaydi. Gap malakali investor maqomini olish uchun asoslardan biri bo‘lib xizmat qilishi mumkin bo‘lgan pul mablag‘lari va moliyaviy aktivlarning minimal miqdori haqida bormoqda.

Aktivlarni tasdiqlash uchun bank, brokerlik, depozitar va investitsiya hisobvaraqlaridagi, jumladan, xorijiy moliya tashkilotlarida ochilgan hisobvaraqlar bo‘yicha ma’lumotlardan foydalanilishi mumkin.

Mezonlarga muvofiqlikni tekshirish investitsiya vositachisi tomonidan amalga oshiriladi. Maqom berilishidan oldin jismoniy shaxs qimmatli qog‘ozlar bozorining ishlash tamoyillari, investitsiya risklari, moliyaviy instrumentlar va qonunchilikni bilish bo‘yicha testdan ham o‘tishi shart.

Test masofadan o‘tkazilishi mumkin. Uning mazmuni, muvaffaqiyatli o‘tish mezonlari va qayta topshirish tartibi broker tomonidan belgilanadi.

Shu bilan birga, ish tajribasi, ma’lumoti yoki kasbiy malakasi bilan bog‘liq mezonlarga javob beradigan investorlar investitsiya vositachisining qaroriga ko‘ra testdan ozod qilinishi mumkin.

Agar mijoz majburiy testdan o‘ta olmasa, unga malakali investor maqomi berilmaydi.

Brokerlar, shuningdek, mijozlarga qo‘shimcha talablar belgilashi hamda moliyaviy vositalarning murakkabligi va xavf darajasiga qarab ulardan ayrimlaridan foydalanishni cheklashi mumkin bo‘ladi.

Yuridik shaxslar uchun alohida mezonlar nazarda tutilgan. Moliyaviy tashkilotlar, jumladan, banklar, sug‘urta kompaniyalari, investitsiya fondlari va qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari malakali investorlar deb tan olinadi.

Boshqa korxonalar esa sof aktivlar hajmi, xodimlarning malakasi va bitimlar tuzish tajribasi bo‘yicha belgilangan talablarga javob bergan taqdirdagina ushbu maqomga da’vogarlik qilishi mumkin.

Qanday cheklovlar nazarda tutilgan?

Asosiy cheklovlardan biri — xorijiy qimmatli qog‘ozlar va tegishli moliyaviy vositalarni qarz mablag‘lari hisobidan sotib olishning taqiqlanganidir.

Yuridik shaxslar bunday aktivlarni tovar va xizmatlar eksportidan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushgan chet el valyutasidagi o‘z mablag‘lari hisobidan sotib olishi mumkin, konvertatsiya yo‘li bilan olingan mablag‘lar bundan mustasno.

Xorijiy qimmatli qog‘ozlar faqatgina ILMAning maxsus reyestriga kiritilgandan keyin muomalaga chiqariladi.

Buning uchun bir qator talablar belgilangan. Xususan, qimmatli qog‘oz ISIN xalqaro identifikatsiya raqamiga yoki boshqa rasmiy identifikatorga ega bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, u so‘nggi yakunlangan kalendar yili yakunlariga ko‘ra listingidagi qimmatli qog‘ozlarning jami kapitallashuvi ekvivalentda kamida 1 trln dollarni tashkil etadigan xorijiy savdo maydonchasi listingiga kiritilgan bo‘lishi kerak.

Gap har bir alohida kompaniyaning majburiy qiymati haqida emas, balki xorijiy savdo maydonchasidagi qimmatli qog‘ozlar kapitallashuvi haqida bormoqda.

Xorijiy qimmatli qog‘ozni reyestrga kiritish uchun tashabbuskor — investitsiya vositachisi, bank yoki xorijiy nominal saqlovchi — ILMAga ariza bilan murojaat qiladi.

Agentlik hujjatlarni ko‘rib chiqishi va 10 ish kuni ichida qaror qabul qilishi lozim.

Muomalaga chiqarilishiga ruxsat beriladigan xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi Markaziy bank bilan kelishiladi. Kelishuv davrida arizani ko‘rib chiqish muddati 10 kundan oshmagan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.

Ruxsat etilgan moliyaviy vositalar reyestri elektron shaklda yuritiladi va ILMAning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Hisob-kitoblar qanday amalga oshiriladi va daromadlar qanday to‘lanadi?

Yangi tartib doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalar chet el valyutasida amalga oshiriladi.

Mahalliy maydonchalarda vositalar bilan savdo qilish uchun investitsiya vositachilari Markaziy depozitariyning agent-bankida alohida valyuta hisobvaraqlarini ochishlari lozim.

Jismoniy shaxslar bunday hisobvaraqlarni agent-bank filiallari orqali naqd chet el valyutasi bilan to‘ldirishlari yoki o‘z bank hisobvaraqlaridan pul o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, brokerlar o‘z kassalari yoki notariuslar orqali mijozlardan mustaqil ravishda naqd pul mablag‘larini qabul qilish huquqiga ega emas.

Bevosita xorijiy savdo maydonchalaridagi operatsiyalar uchun esa mahalliy broker xorijiy investitsiya vositachisida mijozlar mablag‘larini hisobga olish uchun alohida hisobvaraqlar hamda nominal saqlovchi hisobvaraqlarini ochishi lozim.

Ko‘zda tutilgan mexanizm doirasida mahalliy broker va xorijiy investitsiya vositachisi o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari tashqi savdo operatsiyalari sifatida tasniflanmaydi. Shu sababli tegishli shartnomalarni “Ye-kontrakt” tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi.

Xorijiy qimmatli qog‘ozlarni sotishdan olingan daromadlar, dividendlar va boshqa to‘lovlar mijozlarning hisobvaraqlarida aks ettiriladi.

Olingan mablag‘larni yangi investitsiyalar uchun yo‘naltirish, investitsiya vositachisining hisobvarag‘ida qoldirish yoki O‘zbekistondagi valyuta hisobvarag‘iga yoxud bank kartasiga chiqarib olish mumkin bo‘ladi.

Elektron platforma mablag‘larni kuniga kamida bir marta chiqarib olish imkoniyatini ta’minlashi lozim.

Broker tomonidan mablag‘larni chiqarib olish bo‘yicha topshiriqni bajarish muddati uch bank ish kunidan oshmasligi kerak. Agar besh ish kuni ichida xorijiy vositachidan mahalliy brokerning bank hisobvarag‘iga mablag‘ kelib tushmasa, u mijozga to‘lovni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirishi, so‘ngra xorijiy hamkor bilan hisob-kitoblarni mustaqil ravishda hal qilishi shart.

Biroq bu talab ayrim holatlarda, jumladan, sanksiya cheklovlari, mijozning o‘z harakatlari yoki xorijiy regulyatorlar va sud qarorlari tufayli hisobvaraq muzlatib qo‘yilgan taqdirda qo‘llanilmaydi.

Xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalardan olingan daromadlar O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq soliqqa tortiladi. Yangi nizomda bunday daromadlar uchun alohida soliq imtiyozlari ko‘zda tutilmagan.

ILMA savdolarni to‘xtatib turishi mumkin

Agentlik qonunchilik buzilishi, bozorni manipulyatsiya qilish holatlari, instrumentlar sonining ularning ta’minotiga nomuvofiqligi, jiddiy texnik nosozliklar hamda investorlar manfaatlariga boshqa tahdidlar aniqlanganda xorijiy qimmatli qog‘ozlar va moliyaviy instrumentlar muomalasini to‘xtatib turish huquqiga ega bo‘ladi.

Xorijiy savdo maydonchasida tegishli qog‘ozlar savdosining to‘xtatilishi ham bunga asos bo‘lishi mumkin.

ILMA qarorida cheklov sabablari, uning muddatlari, ruxsat etilgan operatsiyalar va savdoni qayta tiklash shartlari ko‘rsatilishi lozim.

Savdo to‘xtatilgach, brokerlar o‘z mijozlarini xabardor qilishi, agentlik esa tegishli axborotni e’lon qilishi shart.

Yangi qoidalar 2025-yil 18-dekabrdagi prezident farmoni ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda qimmatli qog‘ozlar bozorida yangi ishlash mexanizmlarini sinovdan o‘tkazish uchun 2023-yilda joriy etilgan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.

Dekabr oyidagi ushbu farmonda prezident maxsus rejim doirasida fond birjasi va investitsiya vositachilari orqali xorijiy aksiyalar, obligatsiyalar, ETF hamda boshqa moliyaviy instrumentlar savdosini tashkil etishga ruxsat bergan edi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda litsenziyaga ega brokerlarga tegishli operatsiyalarni o‘tkazish uchun xorijiy moliya tashkilotlarida pul va depozitar hisobvaraqlari ochish huquqi berildi. Shuningdek, farmon bilan kapital bozorida “Tartibga solish qumdoni” rejimining amal qilish muddati cheklanmagan deb belgilandi.

Ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy maqsadlari qatoriga 2030-yilga borib fond bozoriga qo‘shimcha 1 mlrd dollar investitsiya jalb etish, jumladan 5 trln so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarish kiradi.

Shuningdek, investorlar huquqlari himoyasini kuchaytirish, yangi moliyaviy vositalarni rivojlantirish va fond bozori ishtirokchilarining shaffofligini oshirish ko‘zda tutilgan.

2026-yilning aprel oyida ILMA tartibga solish qumdoni imkoniyatlari kengaytirilgani haqida xabar bergan edi. Xususan, mahalliy va xorijiy investitsiya vositachilarining ishtirok etish shartlariga aniqlik kiritildi, Markaziy depozitariy hamda “Toshkent” respublika fond birjasi esa maxsus rejim doirasida uning ishtirokchisi sifatida alohida ro‘yxatdan o‘tmasdan operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mazkur nizom xorijiy qimmatli qog‘ozlarning muomalaga kiritilishi, malakali investorlarni tan olish, bitimlar va hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda operatsiyalar ustidan nazorat olib borishning amaliy tartibini belgilaydi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

16 11 2026 / 11:19