Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda biznes yuritishda inson huquqlariga oid asosiy xavflar qatorida norasmiy bandlik va mehnat muhofazasi muammolari qayd etildi



Ulashing :


Biznes va inson huquqlari sohasida o‘tkazilgan milliy baholash O‘zbekistonda bu yo‘nalishdagi 12 ta asosiy muammoni aniqladi. Ular orasida norasmiy bandlik, mehnat huquqlariga rioya etilishi va mehnat muhofazasi masalalari ham bor.

9-noyabr kuni Toshkentda O‘zbekistonda biznes va inson huquqlari masalalariga bag‘ishlangan birinchi Milliy muloqot bo‘lib o‘tdi. Uni BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etdi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqotda davlat idoralari, biznes vakillari, kasaba uyushmalari, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida biznes va inson huquqlari sohasidagi Milliy bazaviy baholash natijalari taqdim qilindi.

Mualliflar uchta masalani ko‘rib chiqqan: davlat korxonalar faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklardan odamlarni qanday himoya qilishi, kompaniyalarning inson huquqlariga qay darajada rioya etishi va jabrlanganlar o‘z huquqlarini tiklash uchun qanday imkoniyatlarga ega ekani.

Tadqiqotda mamlakatda qonunchilik va institutsional asoslarni takomillashtirish borasidagi yutuqlar qayd etilgan. Shu bilan birga, huquqni qo‘llash amaliyotida hanuz mavjud bo‘lgan kamchiliklar va biznes faoliyati bilan bog‘liq inson huquqlariga oid 12 ta asosiy muammo aniqlangan. Ular qatorida mehnat huquqlariga rioya etish, xavfsizlik va mehnat muhofazasini ta’minlash, norasmiy bandlik, atrof-muhitni muhofaza qilish, gender tengligi va ijtimoiy inklyuziya masalalari bor.

Milliy inson huquqlari markazi direktori Akmal Saidovning ma’lum qilishicha, markaz Biznes va inson huquqlari bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqqan. Uchrashuv davomida bildirilgan tavsiyalar reja yuzasidan o‘tkaziladigan keyingi maslahatlashuvlarda inobatga olinadi.

Ishtirokchilar, shuningdek, ixtiyoriy korporativ ijtimoiy mas’uliyat tashabbuslaridan biznesda inson huquqlariga rioya etish bo‘yicha yanada qat’iy talab va standartlarga o‘tish masalasini muhokama qilishdi.

BMT Taraqqiyot dasturi ushbu kun tartibi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga tezlashtirilgan tartibda a’zo bo‘lishga intilayotgani, mas’uliyatli xorijiy investitsiyalarni jalb qilayotgani va xalqaro eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirayotgani sharoitida ayniqsa dolzarb ekanini ta’kidladi.

Milliy muloqotdan keyin, 10-noyabr kuni davlat idoralari, inson huquqlari institutlari, jamoat tashkilotlari, kasaba uyushmalari va ilmiy hamjamiyat vakillari uchun trening o‘tkazildi. Unda inson huquqlari bo‘yicha tegishli tekshiruv — kompaniyalar faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklar xavfini aniqlash va ularning oldini olish masalalari ko‘rib chiqildi. Dasturdan idoralararo hamkorlik hamda jabrlanganlarning huquqiy himoya vositalaridan foydalanish imkoniyatlari haqidagi mavzular ham o‘rin oldi.

11−13-noyabr kunlari tashkilotchilar xususiy kompaniyalar, davlat korxonalari, banklar va biznes uyushmalari vakillari uchun treninglar o‘tkazdi. Dasturda xodimlar, pudratchilar va mahalliy jamoalar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni aniqlash, shikoyatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Har bir kompaniya ushbu tartiblarni joriy etish rejasini ishlab chiqishi kerak edi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

16 11 2026 / 11:44