O‘zbekiston 2027-yilda 65 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilishni
rejalashtirmoqda. Istiqbolli har bir sohaga 2−3 tadan yirik investor —
xalqaro kompaniyalar va mashhur brendlarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
Yangi ish yo‘nalishlarida yarimo‘tkazgichlar, robototexnika
va elektromobil akkumulyatorlari bor.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
2027-yilda 65 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha tarmoqlar
va hududlar kesimida rejalar ishlab chiqishni topshirdi. Bu haqda davlat
rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Topshiriq davlat budjeti loyihasi va 2027-yilga mo‘ljallangan
makroiqtisodiy prognozlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda berildi.
Yig‘ilishda aytilishicha, hozirda O‘zbekistonda kimyo va neft-kimyo
sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika
tarmoqlarini jadal rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Yangi sanoat siyosati doirasida ustuvor tarmoqlarga yirik xalqaro
kompaniyalar va mashhur brendlarni ifodalovchi investorlarni jalb qilish,
zamonaviy sanoat zonalarini tashkil etish, ishlab chiqarishni
mahalliylashtirishni chuqurlashtirish hamda korxonalarning texnologik
salohiyatini oshirish rejalashtirilmoqda.
2027-yilda har bir istiqbolli tarmoqqa kamida ikki-uchta yirik investorni
jalb qilish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston,
shuningdek, yarimo‘tkazgich texnologiyalari, robototexnika, biotexnologiyalar,
yuqori texnologik butlovchi qismlar va elektromobillar uchun
akkumulyatorlar ishlab chiqarish kabi yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirishni
maqsad qilgan.
Bu maqsadlarga erishish uchun
xalqaro brendlarni jalb qilishni rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqotlar
va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, raqobatbardosh mahalliy
ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirishning yangi mexanizmlari nazarda
tutilmoqda.
2027-yilda tarkibiy islohotlarni davom ettirish kutilmoqda. Ustuvor
vazifalar qatorida davlat korxonalari va banklarini transformatsiya
qilish, xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish, energetika
va transport infratuzilmasini takomillashtirish, inson kapitalini
rivojlantirish hamda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash
belgilangan.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bunda davlat investitsiyalarini xususiy
kapital uchun qulay sharoit yaratishga yo‘naltirish va investitsiyalarning
iqtisodiy samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2025-yilda 43,1 mlrd dollar xorijiy
investitsiya jalb qilgan. 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida mamlakat 44,3
mlrd dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirgan. Umuman,
2026-yilda jalb qilinadigan investitsiyalar hajmini 53 mlrd dollarga yetkazish
rejalashtirilgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
16 11 2026 / 12:28