O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev
va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) prezidenti Odil
Reno-Basso 10-noyabr kuni Antaliyada o‘tkazilgan COP31 iqlim sammiti doirasida
2027-yil uchun yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi. Muzokaralar tafsilotlari
“Menimcha” dasturida ma’lum qilindi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, O‘zbekiston olti yildan
buyon YeTTBning mintaqadagi eng yirik moliyaviy hamkori bo‘lib kelmoqda. Loyihalar portfeli
7 milliard dollardan, 2025-yilda amaliyotlar hajmi ilk bor 1 milliard dollardan
oshdi.
Prezident matbuot xizmati
ma’lumotlariga ko‘ra, YTTBning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalarining qariyb 60
foizi “yashil” iqtisodiyot loyihalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Odil Reno-Basso “Menimcha”
dasturida namoyish etilgan intervyuda so‘nggi o‘n yilda bankning O‘zbekiston
bilan hamkorligi “mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini” ta’kidladi.
“Bizning bank
O‘zbekistonda muhim islohotlar bardavom bo‘layotganini ko‘rmoqda. Nafaqat
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, balki dunyo hamjamiyati bunga guvoh
bo‘lyapti. Birgina bizning bank bu yilning o‘zida O‘zbekistonda 40
ta loyihaga 800 million yevrodan ortiq sarmoya kiritdik va uning
katta qismi aynan „yashil“ sektorga to‘g‘ri kelmoqda. Hozir esa sarmoya
kiritishdan mamnun bo‘lgan holda kelgusidagi yangi loyihalarni ko‘rib
chiqyapmiz”, — dedi u.
Muzokaralarda Namangan
viloyatida energetika loyihasini amalga oshirish masalasi ham muhokama qilindi.
Dasturda aytilishicha, tomonlar tegishli kelishuvni 2026-yil oxiriga qadar
imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqqan.
YeTTB hujjatlariga ko‘ra, gap Namangan viloyati Kosonsoy tumanida
500/220/110/10 kV kuchlanishli yangi elektr nimstansiyasini qurish haqida
bormoqda.
Bank O‘zbekistonga
57,69 mln dollargacha miqdorda suveren kredit ajratishni ko‘rib chiqmoqda.
Loyihani “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ amalga oshiradi.
Yangi nimstansiya hududda
elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishi, elektr energiyasini uzatishdagi
yo‘qotishlarni kamaytirishi hamda yangi generatsiya quvvatlarini, jumladan,
qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tarmoqqa ulash imkonini berishi kerak.
Noyabr oyi o‘rtalari holatiga
ko‘ra, loyiha YeTTBning yakuniy tasdig‘ini kutmoqda. Uni ko‘rib chiqish sanasi
2026-yil 2-dekabr deb ko‘rsatilgan. Shu bois hozircha gap imzolangan kredit
kelishuvi haqida bormaydi.
Uchrashuvda davlat banklarini
xususiylashtirish masalasi ham muhokama qilindi. “Menimcha” dasturida aniq
loyihalardan biri sifatida “Asakabank” tilga olindi. Avvalroq prezident
2026-yil 20-apreldagi qarori bilan “Asakabank"ni xususiylashtirishga
tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni tasdiqlagan edi.
Hujjatda Iqtisodiyot
va moliya vazirligi, YeTTB va “Asakabank"ning bankning
operatsion samaradorligini oshirish, aktivlari sifatini yaxshilash
va aksiyalarning bir qismini sotishga tayyorlash bo‘yicha hamkorligi nazarda tutilgan.
Xususan, qarorda
tomonlarning “YeTTB tomonidan Asakabankning 15 foiz aksiyalarini sotib olish”
bo‘yicha kelishuvi qayd etilgan.
Bitimni tayyorlash uchun
hukumatga bank aktivlarini baholash va YeTTBning uning kapitalida ishtirok
etishi mumkin bo‘lgan shartlarni kelishish vazifasi yuklatilgan.
2026-yil 1-sentabrga qadar
Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Asakabank” bilan birgalikda davlatga
tegishli 15 foiz aksiyalarni sotish qiymati va investitsiya kelishuvining
asosiy shartlari bo‘yicha takliflarni taqdim etishi kerak edi.
Bundan tashqari,
qarorda 2026-yilda bank ustav kapitaliga davlat budjeti mablag‘laridan 95
mln dollar ekvivalentida qo‘shimcha mablag‘ kiritish ham nazarda
tutilgan. Shuningdek, muammoli aktivlar bilan ishlash va noprofil
mulklarni o‘tkazish bo‘yicha choralar belgilangan.
Antaliyadagi uchrashuv
bo‘yicha e’lon qilingan materiallarda YeTTBga “Asakabank"ning 15 foiz
aksiyalari sotuvi yakunlangani haqida ma’lumot berilmagan.
Hamkorlikning yana bir
yo‘nalishi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga investitsiyalarni jalb qilish uchun
mo‘ljallangan ANORA (Agrifood Investment Opportunities for Resilient
Agriculture) investitsiya platformasini rivojlantirish bo‘ldi. Dasturda uning
investitsiya salohiyati 1,5 mlrd dollarga baholangan.
Platforma 2026-yil iyun oyida
Toshkent xalqaro investitsiya forumida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, YeTTB
va xalqaro hamkorlar ishtirokida ishga tushirilgan. Uni ishga tushirishda
2030-yilga qadar 1,5 mlrd dollargacha investitsiya jalb qilish maqsadi
belgilangan.
YeTTB materiallariga ko‘ra, ANORA agrosanoat majmuasidagi loyihalarni
tayyorlash va moliyalashtirish uchun davlat organlari, xalqaro moliya
institutlari, iqlim jamg‘armalari va xususiy investorlarni birlashtirishi
kerak.
Asosiy
yo‘nalishlar — suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya
tizimini modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash
va qayta ishlashni rivojlantirish, agrar sektorni raqamlashtirish hamda
qishloq xo‘jaligining iqlim o‘zgarishiga bardoshliligini oshirish.
Shu bilan birga, platformaning
e’lon qilingan investitsiya salohiyati barcha mablag‘lar allaqachon jalb
qilingani yoki muayyan loyihalar uchun ajratilganini anglatmaydi.
Muzokaralar davomida Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish masalasi
ham ko‘rib chiqildi. Uni ishga tushirish O‘zbekistonning 2027-yilda YeTTB bilan
hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.
Bundan tashqari, dastur
ma’lumotlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev YeTTBga Yangi Toshkent infratuzilmasi
loyihalari hamda Farg‘ona viloyatidagi ko‘p tarmoqli shifoxonani davlat-xususiy
sheriklik asosida moliyalashtirishda ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib
chiqishni taklif qilgan.
YeTTB loyihalar
bazasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, bank Farg‘ona viloyatida 800 o‘rinli ko‘p
tarmoqli shifoxonani qurish, jihozlash va keyinchalik unga xizmat
ko‘rsatishni moliyalashtirish uchun 38 mln dollargacha oraliq kredit ajratish
imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Loyiha O‘zbekiston Sog‘liqni
saqlash vazirligi bilan 23 yillik davlat-xususiy sheriklik kelishuvi doirasida
amalga oshirilmoqda.
Shifoxona yuqori texnologik tibbiy yordam, jumladan,
kardioxirurgiya, neyroxirurgiya va organlar transplantatsiyasi sohalarida
xizmat ko‘rsatishi kerak. 16-noyabr holatiga ko‘ra, YeTTBning ehtimoliy
moliyalashtirishi hali yakuniy tasdiqni kutmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy
investorlar kengashining 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan
navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalasi ham muhokama qilindi.
Yevropa tiklanish
va taraqqiyot banki O‘zbekistonda 1992-yildan buyon faoliyat yuritadi.
2017-yilda mamlakatdagi faoliyatini qayta tiklaganidan so‘ng bank energetika,
infratuzilma, moliya sektori va xususiy tadbirkorlikka investitsiyalarini
sezilarli darajada kengaytirdi.
YeTTBning 2024−2029-yillarga
mo‘ljallangan O‘zbekiston bo‘yicha amaldagi strategiyasi uchta asosiy
yo‘nalishni nazarda tutadi: past uglerodli iqtisodiyotni rivojlantirish
va resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish, xususiy sektorni
qo‘llab-quvvatlash va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, shuningdek,
transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish.
Davlat korxonalari
va banklarini isloh qilish, xususiylashtirishga ko‘maklashish hamda
davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirishga ham
alohida e’tibor qaratilmoqda.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
17 11 2026 / 12:03