Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston va O‘mon munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqqanini e’lon qildi



Ulashing :


O‘zbekiston va O‘mon munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Masqatda Shavkat Mirziyoyev va sulton Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasidagi muzokaralarda ma’lum qilindi. Turli sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama mavzusi bo‘ldi.

O‘zbekiston va O‘mon ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda seshanba kuni Masqatda prezident Shavkat Mirziyoyev va sulton Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda e’lon qilindi. O‘zbekiston rahbari bir kun avval davlat tashrifi bilan O‘monga borgandi.

Muzokaralarda mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Siyosiy muloqot va idoralararo almashinuvlar faollashgani, shuningdek, tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi barqaror o‘sib borayotgani qayd etildi.

Savdo, investitsiyalar, transport va logistika, energetika va elektrotexnika sanoati, kimyo va kon-metallurgiya tarmoqlari, shaharsozlik va turizm, qishloq xo‘jaligi, kosmik tadqiqotlar hamda raqamlashtirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida O‘zbekiston — O‘mon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini ikki barobarga — 500 mln dollargacha oshirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Tomonlar O‘mon kapitali ishtirokida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya jamg‘armasi faoliyatini qisqa muddatlarda yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.

Mamlakatlar madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, yoshlar forumini tashkil etish, noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va birgalikda o‘rganish, shuningdek, qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish orqali madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish niyatida.

Prezident va sulton xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun muvofiqlashtiruvchi kengash mexanizmini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tashrif arafasida Masqatda hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig‘ilishi hamda qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Iyul oyida ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgandi.

Tashrifning birinchi kunida Shavkat Mirziyoyev O‘monning yirik biznes vakillari bilan uchrashdi. O‘zbekiston — O‘mon ishbilarmonlar kengashini tuzish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, ikki mamlakat yetakchilari bir-birlarini ordenlar bilan mukofotladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

17 11 2026 / 14:38