O‘zbekiston
va O‘mon o‘zaro savdo hajmini $1 mlrdga yetkazish niyatida, deya ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev Masqatdagi biznes-forumda. Hamkorlikning
ustuvor yo‘nalishlari sifatida transport, shaharsozlik, turizm
va resurslar qayd etildi. Prezident tashrifi doirasida $5 mlrdlik
loyihalar portfeli shakllantirildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat
Mirziyoyev O‘zbekiston — O‘mon biznes forumining ochilish marosimida
ishtirok etdi, deb xabar bermoqda davlat
rahbari matbuot xizmati.
Tadbirda O‘mon bosh vaziri o‘rinbosari Zeyazin bin Haysam Ol Said,
ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, yetakchi kompaniyalar, moliya institutlari
va ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘mon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said
bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar va erishilgan kelishuvlar
ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga
ishonch bildirdi.
Prezident 2026-yilda o‘zaro
savdo hajmi sezilarli oshganini qayd etib, mavjud iqtisodiy salohiyat hali
to‘liq ishga solinmaganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan yaqin istiqbolda
tovar ayirboshlashni 1 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilib belgilandi.
Tashrif doirasida umumiy qiymati 5 mlrd dollarlik aniq loyihalar portfeli
shakllantirildi. O‘zbekiston prezidenti eng muhimi kelishuvlar soni emas, balki
ularning amaliy natijasi ekanini alohida ta’kidladi.
U sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, zamonaviy
shaharsozlik va turizm, mineral resurslarni o‘zlashtirish, shuningdek,
moliya va raqamli texnologiyalar sohalarini hamkorlikning beshta ustuvor
yo‘nalishi sifatida taklif etdi.
Prezident O‘monning dengiz portlari
va O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi strategik imkoniyatlarini birlashtirish
muhimligini qayd etdi. Sohar shahrida logistika infratuzilmasini barpo etish,
yagona savdo-logistika platformasini shakllantirish, shuningdek,
aviaqatnovlarni ko‘paytirish va yuk tashish reyslarini yo‘lga qo‘yishni
taklif etdi.
Shuningdek, prezident O‘mon investorlarining Yangi Toshkent loyihasidagi
ishtirokini yuqori baholadi. Yangi shaharda barpo etiladigan “Masqat” mavzesi
ikki xalq do‘stligining yorqin ramziga aylanishiga ishonch bildirdi.
U kimyo sanoati,
geologiya-qidiruv ishlari va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash
sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalari ishlab chiqilganini ta’kidladi.
Shuningdek, sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil
etish ustida ish olib borilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev o‘monlik ishbilarmonlarni O‘zbekistondagi istiqbolli
loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi. U har bir investor uchun
qulay va ishonchli muhit yaratish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga
har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Oman News Agency ma’lum qilishicha, forum
doirasida O‘zbekiston va O‘mon kompaniyalari o‘rtasida 20 ta kelishuv
va memorandum imzolandi. Kelishuvlar sanoat va energetika, tog‘-kon
sanoati, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat
xavfsizligi, turizm, moliya va investitsiyalar, qurilish
va shaharsozlik, iqtisodiy va erkin zonalar doirasidagi hamkorlik,
kosmik texnologiyalar va geoinformatsion tizimlar, shuningdek, avtomobil
sanoati va sun’iy intellekt texnologiyalari kabi sohalarni qamrab olgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
18 11 2026 / 10:57