O‘zbekiston 2027-yildan texnologiyalar, eksport va yuqori qo‘shilgan
qiymatli mahsulotlarga asoslangan iqtisodiy o‘sishning yangi modeliga o‘tadi.
Buning uchun xizmatlar eksportini $29 mlrdga yetkazish, 10 ta tarmoq
strategiyasini ishlab chiqish, investitsiya loyihalarini ishga tushirishni
tezlashtirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston 2027-yildan boshlab iqtisodiy o‘sishning yangi modeliga o‘tishni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 13-noyabr kuni 2027-yilgi davlat budjeti loyihasi, asosiy makroiqtisodiy prognozlar va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga doir yangi yondashuvlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
“Kelgusi yildan boshlab
iqtisodiy o‘sishning yangi modeliga o‘tishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Har
bir tarmoq va sohada yangi texnologik drayverlarni aniqlash zarur. Busiz
o‘zgarish bo‘lmaydi”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanali lavhasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotning kelgusi o‘sishi qo‘shilgan qiymatni
oshirish, texnologiyalarni joriy etish va yuqori maosh to‘lanadigan ish
o‘rinlarini yaratish hisobidan ta’minlanishi kerak.
“Iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymat ulushini keskin oshirish hisobiga eksport
hajmini ikki barobarga oshirish zarur. Buning uchun sizlar menga yangi
g‘oyalar, yangi tashabbuslarni taklif qilishingiz kerak. Yuqori daromadli ish
o‘rinlarini yaratish orqali o‘rta sinf qatlamini kengaytirish eng muhim
vazifaga aylanadi”, — dedi davlat rahbari.
Xizmatlar eksportini 29 mlrd dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda
Xizmatlar eksportini rivojlantirish iqtisodiy o‘sishning yangi modeli
yo‘nalishlaridan biriga aylanadi.
Prezident ma’lum qilganidek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon
banki bilan hamkorlikda uchta sohada eksport tushumlarini oshirish
imkoniyatlarini hisoblab chiqqan.
“[Bosh vazir o‘rinbosari,
iqtisodiyot va moliya vaziri] Qo‘chqorov Jahon banki bilan birgalikda
uchta yo‘nalish — turizm, transport logistikasi va raqamli to‘lov
xizmatlarida eksportni 11,5 mlrd dollardan 29 mlrd dollargacha oshirish
imkoniyatlarini hisoblab chiqdi”, — dedi davlat rahbari.
Shu tariqa, qayd etilgan yo‘nalishlarda eksport hajmini 2,5 barobardan
ziyodga yoki 17,5 mlrd dollarga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, prezident 29 mlrd dollarlik ko‘rsatkichga qaysi
yilgacha erishilishi rejalashtirilayotganiga oydinlik kiritmadi. Eksportni
ko‘paytirish uchun aynan qaysi transchegaraviy moliyaviy operatsiyalar
va raqamli to‘lov xizmatlarini rivojlantirish nazarda tutilayotgani ham alohida
ochiqlanmadi.
Milliy statistika
qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning jami
xizmatlar eksporti 9,7 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga
nisbatan 31,1 foizga o‘sdi. Mamlakat umumiy eksportining 37,6 foizi xizmatlar
hissasiga to‘g‘ri keldi.
Asosiy eksport tushumini turizm xizmatlari ta’minladi — qariyb 5,3
mlrd dollar. Transport xizmatlari hissasiga 2,9 mlrd dollar,
telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlariga esa qariyb 805 mln
dollar to‘g‘ri keldi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2027-yilda
oltinni hisobga olmaganda tovar va xizmatlar eksportini qariyb 40 mlrd
dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
McKinsey o‘nta sanoat tarmog‘i strategiyasini ishlab chiqadi
Yangi iqtisodiy siyosatning yana bir yo‘nalishi sanoatni jadal
rivojlantirish bo‘ladi. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, McKinsey xalqaro
konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘nta sanoat tarmog‘ini rivojlantirish
strategiyasini ishlab chiqish boshlangan.
“Qo‘chqorov va [bosh vazir
o‘rinbosari Jamshid] Xo‘jayev ushbu ishlar doirasida har bir tumanda kamida
ikkitadan yirik sanoat korxonasini ishga tushirishni rejalashtirishi
kerak”, — dedi prezident.
Avvalroq, 15-oktabr kuni Strategik islohotlar agentligi McKinsey &
Company bilan O‘zbekiston sanoatini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi
loyihasini tayyorlash bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazilgani haqida xabar qilgandi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi
sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatlashish uchun xalqaro
kompaniyani jalb etishni rejalashtirgan.
Muhokama qilingan yo‘nalishlar qatoriga mahalliy korxonalarning xalqaro
bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish,
ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga
a’zo bo‘lishi uchun sanoatni tayyorlash masalalari kirdi.
Shu bilan birga, sanoat salohiyatini nafaqat respublika
va viloyatlar darajasida, balki alohida tuman va mahallalar miqyosida
ham rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish taklif etildi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, 2027-yilda har bir ustuvor sohaga kamida ikki-uchta yirik
investorni jalb qilish rejalashtirilgan. Istiqbolli yo‘nalishlar qatorida
yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish, robototexnika, biotexnologiyalar,
elektromobillar uchun yuqori texnologiyali butlovchi qismlar
va akkumulyatorlar qayd etildi.
Rasmiylar, shuningdek, kimyo va neft-kimyo sanoati, mashinasozlik,
elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish
niyatida.
Investitsiya loyihalarini tayyorlash muddatini bir yilga qisqartirish
mo‘ljallanmoqda
Yig‘ilishda xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi investitsiya
loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish mexanizmlarini
takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Prezident bunday loyihalar
bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish xarajatlarini davlat budjeti
hisobidan qoplash taklifini qo‘llab-quvvatladi.
“Qo‘chqorov, Xo‘jayev, xalqaro
moliya institutlari loyihalar bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish
xarajatlarini budjetdan qoplashni so‘rayapti. Men buni qo‘llab-quvvatlayman.
Agar loyihalashtirishni to‘g‘ri tashkil etsak va unga budjet mablag‘larini
ajratsak, bu bizga 10 barobar ko‘p ijobiy natija keltirmaydimi?
Bu orqali loyihalar bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash muddati kamida bir
yilga qisqaradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xalqaro moliya institutlarining investitsiya loyihalarini tayyorlash
xarajatlarini davlat budjeti hisobidan to‘lash imkoniyati amaldagi
qonunchilikda allaqachon ko‘zda tutilgan.
Xususan, 2025-yil 11-fevraldagi prezident qarori bilan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya
tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash, baholash va amalga
oshirish tartibi belgilandi.
Hujjatda konsepsiyasi tasdiqlangan hamda davlat tashqi qarzi budjet
mablag‘lari hisobidan so‘ndirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar bo‘yicha baholash
hujjatlarini ishlab chiqish xarajatlarini budjetdan moliyalashtirish nazarda
tutilgan.
Bundan tashqari, loyihalarni tayyorlash uchun xalqaro moliya
tashkilotlarining grantlari, bo‘nak qarz mablag‘lari, ijrochi tashkilotlarning
o‘z resurslari hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa manbalardan
foydalanishga ruxsat etiladi.
Loyiha-smeta va xarid
hujjatlarini ishlab chiqish uchun ham xuddi shunday mexanizmlar nazarda
tutilgan.
O‘zbekiston loyiha institutlarini isloh qilish rejalashtirilmoqda
Prezidentning yana bir topshirig‘i xalqaro tenderlarda ishtirok etish uchun
ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishi lozim bo‘lgan mahalliy loyiha institutlari
faoliyatiga daxldor bo‘ldi.
“Xo‘jayev va Qo‘chqorov,
xalqaro tenderlardagi ishtirokini kengaytirish maqsadida mahalliy loyiha
institutlarini isloh qilish bo‘yicha ikki oy muddatda qaror loyihasini
kiriting. Bilasizmi, bu O‘zbekistonning yangi imkoniyatlarini namoyon etadi.
Mahalliy loyiha institutlari xalqaro tenderlarda qatnasha boshlasa, imijimiz
qanchalik o‘zgarishini tasavvur qilyapsizmi?” — dedi Mirziyoyev.
Avvalroq O‘zbekiston hukumati xalqaro moliya institutlari mablag‘larini
o‘zlashtirishni tezlashtirish va investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish
vazifasini bir necha bor ilgari surgan edi.
13-noyabr kungi yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, mutasaddilarga 2027-yilda
tarmoqlar va hududlar kesimida 65 mlrd dollar miqdorida xorijiy
investitsiyalarni jalb qilish rejalarini tayyorlash ham topshirildi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
18 11 2026 / 11:14