Markaziy bank boshqaruvining 18-noyabrdagi qarorlariga muvofiq, “Ipak
yo‘li”, Asia Alliance Bank, Orient Finans va Hayot Bank tijorat banklariga
islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar
berildi.
O‘zbekistonda to‘rtta tijorat bankiga islomiy bank faoliyatini amalga
oshirish uchun litsenziya berildi, deya xabar bermoqda Markaziy bank matbuot
xizmati.
Qayd etilishicha, Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 18-noyabrdagi
tegishli qarorlariga muvofiq, “Ipak yo‘li”, Asia Alliance Bank, Orient
Finans hamda Hayot Bank'ga islomiy bank faoliyatini amalga oshirish
huquqini beruvchi litsenziyalar taqdim etilgan.
Mazkur litsenziyalar ushbu banklarga “Banklar va bank faoliyati
to‘g‘risida”gi qonuni 5−1-moddasida nazarda tutilgan islomiy moliya
operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beradi.
Ushbu hujjatda islom moliyaviy operatsiyalarining oltita asosiy turi
nazarda tutilgan:
·
Muzoraba — ishtirokchilar
o‘rtasida foydani taqsimlash sharti bilan moliyalashtirish yoki investitsiya
omonatlarini jalb qilish.
·
Vakola — agentlik
shartnomasi asosida mablag‘larni taqdim etish yoki jalb qilish.
·
Murobaha — tovarlarni
kelishilgan ustama haq bilan mijozga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish
orqali ularning xaridini moliyalashtirish.
·
Salam — tovarlarni
keyinchalik yetkazib berish sharti bilan ular uchun oldindan to‘lov qilish
orqali moliyalashtirish.
·
Mushoraka — loyihalarni
birgalikda moliyalashtirish, sheriklik yoki kompaniyalarning ustav kapitalida
ishtirok etish.
·
Ijara — mol-mulkni
islomiy ijaraga berish, shu jumladan, keyinchalik sotib olish huquqi
bilan.
Regulyator, shuningdek, fuqarolarga bank xizmatlaridan foydalanishdan oldin
tanlangan bankning tegishli litsenziyasi mavjudligini Markaziy bankning rasmiy
sayti orqali tekshirib ko‘rishni tavsiya etdi.
Avvalroq Markaziy bank 23-oktabrdagi qaroriga asosan, Open bank
aksiyadorlik jamiyatiga islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish huquqini
beruvchi 1-I-sonli litsenziya taqdim etgandi.
O‘zbekistonda islomiy banking
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil may oyida muhokamaga qo‘yilgan prezident qarori
loyihasi bilan O‘zbekistonda islom banki va moliyasi infratuzilmasini
yaratish rejalashtirilgan
edi.
Hujjat bilan foiz (ribo)
ko‘rinishidagi mukofotni taqiqlash, foyda va zararlarni loyihada ishtirok
etish ulushiga mutanosib ravishda tadbirkor bilan bo‘lishish, islomiy
moliyalashtirish tamoyillari asosida sug‘urta faoliyati (takaful), lizing
faoliyati (ijara), qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar bo‘yicha faoliyat
(sukuk) va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha
normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish belgilandi.
Tegishli qonun 2025-yil 11-noyabrda
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi, Senat tomonidan 5-fevral
kuni ma’qullangan edi.
2026-yil 25-mart kuni prezidentga
taqdim etilgan taqdimotda O‘zbekistonda 2026-yilda kamida bitta tijorat bankida
“islom darchasi”ni ishga tushirish, 2030-yilgacha esa ikkita to‘laqonli islom
bankini tashkil etish rejalashtirilgani aytilgandi.
Tahlilchilar Karen Srapionov
va Shodlik Nazarov Gazeta’dagi maqolasida sukuk islomiy qimmatli
qog‘ozlari qanday qilib O‘zbekiston iqtisodiyotiga moliyaviy oqimlar manbai
bo‘lishi mumkinligini tushuntirishgandi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
19 11 2026 / 10:12