Turkiyaning
Anadolu Group holdingi Migros supermarketlar tarmog‘i ishtirokida O‘zbekistonda
yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda
Anadolu Group raisi Tunjay O‘zilhan 19-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan
biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya Oliy darajadagi
kengashining birinchi yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta
“O‘zbekiston 24” telekanali syujetiga tayanib.
Holding vakilining so‘zlariga
ko‘ra, kompaniya chakana savdo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati
va avtomobilsozlikdagi ishtirokini kengaytirish niyatida.
“Biz erishilgan
natijalar bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Kelgusida chakana savdo, qishloq
xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va avtomobilsozlik sohalarida yangi
loyihalarni ko‘rib chiqyapmiz. Xususan, Migros tarmog‘ining chakana savdo
va agrar sektorda qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish borasidagi
tajribasini O‘zbekistonning ulkan qishloq xo‘jaligi salohiyati bilan
birlashtirmoqchimiz”, — dedi u.
Telekanalga bergan alohida
intervyusida Anadolu Group rahbari holding Migros bilan birgalikda yangi qishloq
xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganayotganini
aniqlashtirdi.
Shu bilan birga, tarmoq
O‘zbekistonda qachon ish boshlashi, qancha do‘kon ochilishi
rejalashtirilgani va qancha investitsiya talab etilishiga aniqlik kiritilmagan.
Migros Turkiyaning eng yirik
chakana savdo tarmoqlaridan biri bo‘lib, Anadolu Group tarkibiga kiradi.
Kompaniyaning moliyaviy hisobotiga ko‘ra, 2026-yil 30-sentabr holatiga
tarmoq 3827 ta savdo obyektini, jumladan, 3804 ta chakana do‘kon
va 23 ta ulgurji obyektni o‘z ichiga olgan. Umumiy savdo maydoni 2,1
million kvadrat metrdan oshgan.
Kompaniya turli
formatlarda, jumladan, Migros supermarketlari, Migros Jet do‘konlari,
Macrocenter premium tarmog‘i va gipermarketlar shaklida faoliyat yuritadi.
Turkiyaning yirik savdo
tarmog‘ini O‘zbekiston bozoriga olib kirish masalasi avval ham muhokama
qilingandi.
29-oktabr kuni prezident
Shavkat Mirziyoyev Anqaraga tashrifi chog‘ida Anadolu Group direktorlar
kengashi raisi Kamilhan Suleyman Yaziji bilan uchrashgandi. Tomonlar
Turkiyaning yirik chakana savdo tarmog‘ining O‘zbekiston bozoriga kirishi,
chorvachilik kompleksini qurish hamda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab
chiqarishni tashkil etish istiqbollarini ko‘rib chiqqandi.
O‘shanda savdo tarmog‘ining
nomi rasman oshkor qilinmagandi. 19-noyabrdagi chiqishida Anadolu Group vakili
kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari qatorida Migros nomini to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga
oldi.
18-noyabr kuni
investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ham Anadolu Group
faxriy raisi Tunjay O‘zilhan bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar
holdingning O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirish, ishlab chiqarish
quvvatlarini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini muhokama qildi.
Tunjay O‘zilhanning so‘zlariga
ko‘ra, Anadolu Group`ning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalarining umumiy
hajmi taxminan 640 million dollarga yetgan. Telekanalga bergan intervyusida
u ushbu mablag‘lar so‘nggi to‘rt yil ichida yo‘naltirilganini qayd etdi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonga
kiritgan investitsiyalarimiz hajmi taxminan 640 million dollarga yetdi.
Xususan, Coca-Cola İçecek doirasida beshta zavod ishlamoqda. Anadolu Isuzu
orqali Samarqanddagi SamAuto korxonasiga sarmoya kiritib, avtomobilsozlikda
muhim qadam tashladik. Anadolu Efes ishtirokida mahalliy ishlab chiqarishni ham
yo‘lga qo‘yganmiz”, — deya ma’lum qildi holding vakili.
U, shuningdek, O‘zbekiston
bilan mudofaa sanoatida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi:
“Biz mudofaa
sanoatida ham mahalliylashtirish, muhandislik salohiyatini rivojlantirish
va texnologiyalar transferi asosida uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga
qo‘yish niyatidamiz. Shubhasiz, bunday hamkorlik ikki mamlakatning sanoat
va texnologik salohiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shadi”.
Mudofaa sanoatining aynan
qaysi yo‘nalishlari ko‘rib chiqilayotgani, loyihalarda qaysi korxonalar
ishtirok etishi mumkinligi va muzokaralar qaysi bosqichda ekaniga
kompaniya vakili aniqlik kiritmadi.
Eslatib o‘tamiz, 16-noyabr
kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri Botir Qudratxo‘jayev Turkiya Qurolli kuchlari
Bosh shtabi boshlig‘i Selchuk Bayraktarog‘uini qabul qilgandi. Tashrif doirasida ikki mamlakat Bosh shtablari
boshliqlarining muzokaralari ham bo‘lib o‘tdi. Tomonlar mudofaa sohasidagi
hamkorlikning bugungi holati, erishilgan natijalar va o‘zaro hamkorlikning
istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Turkiyaning Anadolu Group
holdingi Anadolu Isuzu tuzilmasiga kiruvchi Anadolu Savunma brendi orqali
mudofaa sanoatida allaqachon faoliyat yuritmoqda. Kompaniya zirhli
va zirhsiz taktik avtomobillar, SEYİT 4×4 va 6×6 harbiy
yuk mashinalarini ishlab chiqadi, shuningdek, yengil harbiy avtomobillar
segmentida Janubiy Koreyaning KIA kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi.
2024-yil oktabr oyida Anadolu
Isuzu xorijiy buyurtmachilar uchun harbiy transport va logistika
mashinalarini ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha Turkiyaning
FNSS kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan.
Holding O‘zbekiston
iqtisodiyotining bir nechta yirik tarmoqlarida faoliyat yuritmoqda.
2021-yilda Anadolu Group
tarkibiga kiruvchi Coca-Cola İçecek kompaniyasi Coca-Cola Bottlers
Uzbekistan`dagi 57,1 foiz davlat ulushini 252,28 million dollarga sotib
olgandi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra,
bugungi kunda mamlakatda alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi beshta zavod
faoliyat yuritmoqda.
2025-yil dekabr oyida Anadolu
Isuzu kompaniyasi Samarqand avtomobil zavodidagi (SamAuto) 75,2 foiz davlat
ulushini 80 million dollarga xususiylashtirishni yakunladi.
Xarid qiymatidan tashqari,
investor korxonani rivojlantirishga yana 80 million dollar sarmoya kiritish
majburiyatini olgan. Rejalarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish,
avtobus va elektrobuslar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, quvvatlar
va eksportni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston bozoriga Anadolu
Efes ham kirib keldi. 2026-yil aprel oyida kompaniya Toshkentdagi korxonada
o‘zining asosiy pivo brendlarini shartnoma asosida ishlab chiqarish bo‘yicha
kelishuv tuzilganini ma’lum qildi. Ishlab chiqarish, sotish
va distributsiyani tashkil etish uchun Efes Tashkent shu’ba korxonasi
tashkil etildi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
23 11 2026 / 10:56