Vazirlar Mahkamasining 19.11.2026 yildagi 629-son qarori bilan
Hukumatning bir qator qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish
xizmatlari koʻrsatish qoidalarida toʻlovlar bank kartalari yoki elektron toʻlov
tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilandi. Barcha guruh
iste’molchilaridan toʻlovlarni naqd pulda undirish taqiqlanadi, bank
kassalaridagi toʻlovlar bundan mustasno.
Ma’lumotnomalar berish boʻyicha yagona reglamentga real vaqt
rejimida beriladigan 10 ta bepul ma’lumotnoma qoʻshildi. Ular orasida shaxsiy
jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻi, notarial harakatlar va ERI tarixi,
yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari, xorijga chiqish, davlat
ulushiga ega va majburiy auditdan oʻtgan korxonalar haqidagi ma’lumotnomalar
bor.
Tugʻilish, farzandlikka olish, nikoh, nikohdan ajratish yoki
familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirishni qayd etishda FHDYo organi ariza
beruvchining xohishiga koʻra boshqa xizmatlar boʻyicha arizalarni ham birdaniga
yuborishi mumkin. Masalan, poliklinikaga hisobga qoʻyish, yashash joyi boʻyicha
roʻyxatga qoʻyish, bogʻchaga navbatga qoʻyish, ID-karta, xorijga chiqish
pasporti va haydovchilik guvohnomasini almashtirish.
Endi kemalarni va temir yoʻl harakatdagi tarkibini roʻyxatga
olish, yoshlarning IT-sertifikatlar xarajatlarini qoplash, yarim tayyor
zargarlik buyumlarini olib chiqish uchun asillik nazorati inspeksiyasi
xulosasini olish va boshqa xizmatlar uchun Davlat xizmatlari markazlariga
murojaat qilish mumkin. Markaz natijani
kelib tushganidan keyin 10 daqiqa ichida ariza beruvchining elektron pochtasiga
yuboradi.
Arxitektura kengashi
a’zolari loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini “Shaffof qurilish”
tizimida 7 ish kuni ichida kelishishi shart. Muayyan shart bilan kelishish
taqiqlanadi, kengash a’zosi muddatida javob bermasa, hujjat kelishilgan
hisoblanadi.
Respublika va xalqaro musobaqalar yoki olimpiadalarda 1-oʻrinni
olgan muddatli harbiy xizmatchilar kvota doirasida IIV, DXX, Milliy gvardiya va
harbiy oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarisiz qabul qilinadi. Olimpiya va
Osiyo oʻyinlari dasturidagi sport turlari boʻyicha gʻoliblar Jismoniy tarbiya
va sport universitetiga davlat granti asosida imtihonsiz qabul qilinadi.
Hujjat Qonun hgʻujjatlari ma’lumotlari
milliy bazasida e’lon qilingan va 19.11.2026 yildan kuchga kirdi.
I.Ibragivov
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
23 11 2026 / 15:38