Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston va Iordaniya diplomatiyadan iqtisodiyotga o‘tmoqda



Ulashing :


Iordaniya qiroli Abdulla II ning 2025-yildagi O‘zbekistonga ilk davlat tashrifidan so‘ng tomonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi, ishbilarmonlar kengashini tuzdi va imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni tayyorladi. Mirziyoyevning Ammanga tashrifi munosabatlar kun tartibini yanada kengaytirishi mumkin.

O‘zbekiston Iordaniya bilan aloqalarni respublika mustaqillikka erishishidan ancha oldin rivojlantira boshlagan. Ushbu jarayon ishtirokchilaridan biri 1978−1985-yillarda SSSRning Iordaniyadagi elchisi lavozimida ishlagan o‘zbek siyosatchisi Rafiq Nishonov bo‘lgan.

Diplomat 1982-yilda Iordaniya qiroli Husayn bin Talol va uning rafiqasi qirolicha Nurning Sovet Ittifoqiga ilk tashrifini tayyorlash va amalga oshirishda asosiy ishtirokchilardan biri bo‘lgan. Nishonovning faoliyati O‘zbekiston vakillarining Yaqin Sharqdagi sovet siyosatini shakllantirishdagi ishtirokining yorqin namunalaridan biriga aylangan.

Siyosiy muloqot

Oradan qirq yildan ziyod vaqt o‘tgach, O‘zbekiston va Iordaniya endilikda mustaqil ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yil 15-fevralda o‘rnatilgan, biroq uzoq vaqt davomida siyosiy va iqtisodiy aloqalar cheklangan darajada qolgan. 2007-yildan buyon Ammanda O‘zbekistonning faxriy konsulligi faoliyat yuritib kelmoqda.

2019-yilga qadar siyosiy aloqalar asosan xalqaro maydonlardagi uchrashuvlar, telefon muloqotlari va maktub almashinuvlari bilan cheklangandi. Idoralararo siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi raundi 2019-yilda Ammanda bo‘lib o‘tdi. Tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldi, ammo o‘sha paytda tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida muntazam muloqot hali shakllanmagan edi.

Yangi bosqich 2025-yilda boshlandi. Qirol Abdulla II ning 25−26-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi eng muhim voqea bo‘ldi. Bu diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandan buyon Iordaniya monarxining respublikaga ilk tashrifi edi.

Samarqandda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda siyosiy aloqalarni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi masalalari muhokama qilindi. Kimyo va farmatsevtika sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik ishlab chiqarishi, geologiya, energetika, sog‘liqni saqlash va turizm ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yetakchilar qo‘shma bayonot qabul qildi, ikki mamlakat hukumatlari esa 15 ta ikki tomonlama hujjatni imzoladi. Ular orasida investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish, ekstraditsiya, qo‘shma komissiya tuzish hamda viza talablarini bekor qilish to‘g‘risidagi bitimlar bor.

Amaliy natijalardan biri 30 kungacha bo‘lgan muddatga o‘zaro vizasiz rejimning joriy etilishi bo‘ldi. Tomonlar, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirishga kelishib oldi.

2026-yilda siyosiy muloqot tashqi siyosat idoralari darajasida davom etdi. Iyul oyida O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov Toshkentda Iordaniya bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiy bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Unda Samarqand sammiti kelishuvlarining ijrosi, savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish, transport, logistika, ta’lim va turizm masalalari muhokama qilindi. Vazirlar, shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish niyatini tasdiqladi.

Savdo va investitsiyalar

Iqtisodiy aloqalar ko‘lami jihatidan hozircha siyosiy kun tartibidan sezilarli darajada ortda qolmoqda. Biroq so‘nggi yillarda o‘zaro savdo o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. O‘zbekiston statistika ma’lumotlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2017-yildagi 853,2 ming dollardan 2025-yilda 12 mln dollargacha oshdi.

O‘zbekiston eksporti tarkibi ancha torligicha qolmoqda: 2025-yilda yetkazib berilgan mahsulotlarning 94,2 foizi oziq-ovqat tovarlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Asosiy pozitsiyalar — qandolat mahsulotlari, pechene, vafli, quritilgan mevalar va mayiz.

O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchisi Nodirjon Turg‘unov Petra agentligiga bergan intervyusida o‘zbek oziq-ovqat mahsulotlarini Iordaniya bozoriga yetkazib berish rivojlanayotganini alohida ta’kidlagan edi.

Iordaniya esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonga asosan farmatsevtika va kimyo mahsulotlari, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, asbob-uskunalar va mashinalar yetkazib beradi. Tovar nomenklaturasini diversifikatsiya qilish ikki tomonlama iqtisodiy muzokaralarning asosiy masalalaridan biriga aylandi. Respublikada Iordaniya kapitali ishtirokidagi 18 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Tomonlar qo‘shma loyihalar uchun ko‘rib chiqayotgan yo‘nalishlar qatorida farmatsevtika, o‘g‘itlar ishlab chiqarish, kimyo sanoati, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoati mavjud. Xususan, O‘zbekistonning xorijdagi geologiya-qidiruv ishlari operatori bo‘lgan Uzbek Overseas Geology Company MCHJ o‘tgan yilning sentabr oyida O‘zbekiston kompaniyalari Iordaniyadagi istiqbolli uran va nodir metall uchastkalarini o‘rganish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.

Ishbilarmonlik aloqalarini tizimlashtirish maqsadida 2026-yil fevral oyida O‘zbekiston-Iordaniya ishbilarmonlar kengashi tuzildi. Uni ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimni ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari vakillari imzoladi. Kengash biznes-missiyalarni tashkil etish, kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish va qo‘shma investitsiya loyihalarini kuzatib borish maydoniga aylanishi kerak. Farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, energetika, logistika va turizm ustuvor sohalar sifatida qayd etilgan.

Aprel oyida Laziz Kudratov va Iordaniya sanoat, savdo va ta’minot vaziri Yarub Quda raisligida O‘zbekiston-Iordaniya hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar sanoat, geologiya, kimyo tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, logistika va farmatsevtika sohalaridagi loyihalarni muhokama qildi. Transport aloqalarini rivojlantirish, telemeditsina va qo‘shma korxonalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Iqtisodiy muzokaralarning kutilayotgan asosiy natijasi imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘lishi mumkin. Unga 300 ta tovar pozitsiyasi — har bir mamlakatdan 150 tadan mahsulot kiritilishi rejalashtirilgan. Ushbu tovarlar uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratish va bojxona to‘lovlarini pasaytirish ko‘zda tutilgan. Petra ma’lumotlariga ko‘ra, bitim bo‘yicha muzokaralar yakunlangan va uning oy oxirigacha imzolanishi kutilmoqda.

Transport va gumanitar aloqalar

Kelishuvlarning eng aniq natijalaridan biri to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning ochilishi bo‘ldi. 2026-yil 30-iyundan Iordaniyaning Royal Jordanian aviakompaniyasi Amman — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga ikki marta — chorshanba va yakshanba kunlari muntazam reyslarni amalga oshirmoqda.

To‘g‘ridan to‘g‘ri qatnov yo‘lga qo‘yilgunga qadar mamlakatlar o‘rtasidagi safarlar tranzit orqali amalga oshirilar edi. Endilikda ikki davlat kompaniyalari o‘rtasidagi muzokaralar soni ortib borayotganini hisobga olgan holda, yangi yo‘nalishdan nafaqat turistik safarlar, balki ishbilarmonlik aloqalari uchun ham foydalanish mumkin. Vizasiz rejimning joriy etilishi ham o‘zaro safarlarni osonlashtirdi. Har ikki mamlakat fuqarolari uchun boshqa davlat hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lish tartibi belgilangan.

Gumanitar sohada tomonlar ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirmoqda. Talabalar almashinuvi, universitetlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, islom ta’limi va ilmiy tadqiqotlar shular jumlasidandir. Ushbu masalalar Abdulla II ning Samarqandga tashrifi chog‘ida imzolangan hujjatlarda o‘z aksini topgan.

Falastin va mintaqaviy xavfsizlik

Ikki mamlakatning siyosiy kun tartibi faqat ikki tomonlama masalalar bilan cheklanib qolmaydi. Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashuvi va Eronning mintaqadagi bir qator davlatlarga hujumlari fonida 2026-yil 4-mart kuni Shavkat Mirziyoyev va Abdulla II o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida mintaqaviy xavfsizlik alohida muhokama mavzusi bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti Iordaniya rahbariyati va xalqini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi hamda nizolarni siyosiy-diplomatik vositalar orqali hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Iordaniya Falastin-Isroil mojarosini “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etish tarafdori. Toshkent 1967-yilgi chegaralar doirasida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati tuzilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Amman ham xuddi shunday pozitsiyada turib, BMTning tegishli rezolyutsiyalarini izchil amalga oshirish tarafdori hisoblanadi.

G‘azo sektori masalasida tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish, gumanitar yordam yetkazib berilishini ta’minlash va barqarorlikni tiklash tarafdoridir. Ushbu masalalar tashqi siyosat idoralari rahbarlarining muzokaralari chog‘ida ko‘tarilgan va qo‘shma bayonotlarda aks ettirilgan.

Tomonlar BMT va Islom hamkorlik tashkiloti doirasida ham hamkorlik qilmoqda. 2026-yil iyul oyida TIV rahbarlari mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqlagandi.

Muhim yo‘nalishlardan biri — qirol Abdulla II ning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishga qaratilgan xalqaro tashabbusi bo‘lgan “Aqaba jarayoni”dir. 2025-yil avgust oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Shavkat Mirziyoyev ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi uchrashuvlardan birini Samarqandda o‘tkazishni taklif qilgandi.

Noyabr oyi boshida O‘zbekiston rahbari Ostonada “Aqaba jarayoni” doirasidagi Markaziy Osiyo yetakchilari uchrashuvida ishtirok etdi. Tadbir doirasida u Abdulla II bilan ham uchrashuv o‘tkazib, dunyoda yangi tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda ushbu platformaning muhim o‘rnini qayd etdi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

24 11 2026 / 10:25