Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

To‘qimachilik, kimyo sanoati, minerallar va agrar soha: Ammandagi biznes forumda nimalar muhokama qilindi?



Ulashing :


O‘zbekiston prezidenti va Iordaniya qiroli Ammanda ikki mamlakatning qo‘shma biznes forumida hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlarini belgilab oldi. Ular imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolanganini olqishladi. Bitim 300 turdagi tovarga nisbatan bojxona bojlarini pasaytirishni nazarda tutadi.

Seshanba kuni Ammanda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Iordaniya biznes forumida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning bir qator ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Iordaniya qiroli Abdulla II, Iordaniya Savdo-sanoat palatasi raisi Fathi al-Jag‘bir, ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, turli darajadagi kompaniyalar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Imtiyozli savdo

Prezidentning Ammanga davlat tashrifi doirasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Hujjat 300 turdagi tovarga nisbatan pasaytirilgan bojxona bojlari stavkalarini qo‘llashni nazarda tutadi.

Shavkat Mirziyoyev bitim o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmini sezilarli oshirishga va tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

U biznes-forum doirasida shartnoma va kelishuvlardan iborat salmoqli to‘plam imzolanganini olqishladi.

Iordaniya qiroli imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, savdo hajmini kengaytirish va bozorlarga kirish imkoniyatlarini yaxshilash yo‘lidagi muhim strategik qadam deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu ikki mamlakat xususiy sektori o‘rtasidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Abdulla II ikki davlat o‘rtasidagi mavjud imkoniyatlarni “aniq va amaliy loyihalarga aylantirish” bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi.

U Iordaniyaning raqobatbardosh ustunliklari — strategik jihatdan qulay geografik joylashuvi va erkin savdo to‘g‘risidagi bitimlarning keng tarmog‘ini sanab o‘tib, mamlakatlar o‘rtasidagi integratsiyani yanada chuqurlashtirishga chaqirdi.

Hamkorlik yo‘nalishlari

Prezident qayd etgan birinchi yo‘nalish — to‘qimachilik sanoati. U O‘zbekiston xomashyosi va yarim tayyor mahsulotlari asosida Qizil dengiz bo‘yidagi Aqaba maxsus iqtisodiy zonasida qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni, keyin esa tayyor mahsulotlarni uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda eksport qilishni taklif etdi.

Ikkinchi yo‘nalish — tog‘-kon sanoati. Davlat rahbari iordaniyalik investorlarni Toshkent va Samarqandda tashkil etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklari negizida muhim minerallar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi.

Uchinchi yo‘nalish — farmatsevtika. Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va ilg‘or texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish masalasiga to‘xtaldi. U Tashkent Pharma Park klasterida iordaniyalik hamkorlar uchun zarur sharoitlar yaratilishi va imtiyozlar taqdim etilishini bildirdi.

To‘rtinchi yo‘nalish — kimyo sanoati. Prezident raqobatbardosh mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish istiqbollarini qayd etdi. U oziq-ovqat qo‘shimchalari, maishiy kimyo mahsulotlari va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni olqishladi.

Beshinchi yo‘nalish — qishloq xo‘jaligi. Davlat rahbari qo‘shma agrosanoat klasterlarini tashkil etish, urug‘chilik, bog‘dorchilik va chorvachilikni rivojlantirish ikki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Prezident, shuningdek, turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat borligini ta’kidladi. O‘tgan yili Iordaniya qirolining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida vizasiz rejim joriy etish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi.

Boshqa yo‘nalishlar qatorida charm sanoati, telemeditsina, oziq-ovqat va qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika hamda logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Navbatdagi O‘zbekiston — Iordaniya biznes-forumi kelasi yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

O‘tgan yili Iordaniya qirolining Samarqandga tashrifidan so‘ng Toshkent va Amman o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi, shuningdek, o‘zaro vizasiz rejim joriy etildi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining ilk yig‘ilishlari o‘tkazildi.

Xabarda aytilishicha, so‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi qariyb 9 barobarga oshgan. 2025-yilning o‘zida esa o‘sish 80 foizni tashkil etgan. O‘zbekistonda Iordaniya kapitali ishtirokidagi 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Tashrif doirasida Ammanda “O‘zbekiston — Iordaniya” ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatlar hamkorlik qilib kelayotgan va kelgusida hamkorlik uchun qiziqish uyg‘otishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar, loyihalar va sohalar namoyish etildi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

25 11 2026 / 11:41