Jahon banki
O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln
dollarlik moliyalashtirish paketini ma’qulladi. Mablag‘lar 275 mingta ish o‘rni
yaratish, energetika va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek,
mamlakatning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga yo‘naltiriladi.
Jahon banki Ijrochi direktorlar
kengashi O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan
800 mln dollarlik moliyalashtirish paketini ma’qulladi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.
Mablag‘lar yuqoriroq haq
to‘lanadigan ish o‘rinlarini ko‘proq yaratish, xususiy sektorning rolini
kengaytirish, mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini
chuqurlashtirish hamda yanada ekologik toza va inklyuziv o‘sish modeliga
o‘tishga qaratilgan islohotlar uchun yo‘naltiriladi.
Dastur doirasida asosiy e’tibor
hududlardagi xotin-qizlar, fermerlar va tadbirkorlar uchun yangi
imkoniyatlar ochishga qaratiladi. Xususan, 2029−2031-yillarda ko‘zlanayotgan
chora-tadbirlar natijasida 275 mingta qo‘shimcha va sifatliroq ish o‘rni
yaratilishi kutilmoqda.
Jahon bankining ko‘magi hukumatga quyidagi yo‘nalishlarda chora-tadbirlarni
amalga oshirishda yordam beradi:
Xotin-qizlarning iqtisodiy
imkoniyatlari va ijtimoiy himoya. Ijtimoiy sug‘urta qamrovi (jumladan, homiladorlik
va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari)
kengaytiriladi. Munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash mexanizmlari
takomillashtirilib, ijtimoiy ish xodimlarining malakasi oshiriladi.
Xususiy sektor raqobatbardoshligi. Davlat korxonalarini isloh qilish
va adolatli raqobat tizimini mustahkamlash ishlari davom ettiriladi.
Bu xususiy biznesga investitsiya va innovatsiyalarni jalb qilish
uchun kengroq yo‘l ochadi.
Raqamli iqtisodiyot. Shaxsiy ma’lumotlarni himoya
qilgan holda ularni transchegaraviy xavfsiz uzatish qoidalari
takomillashtiriladi. Bu korxonalarga bulutli xizmatlar va xalqaro
platformalardan faolroq foydalanish imkonini beradi. 2028-yilga
borib yana 500 ming foydalanuvchi (shundan 250 ming nafari xotin-qizlar) keng
polosali internet bilan ta’minlanadi.
Energetika xizmatlari. Elektr energiyasi
va tabiiy gaz bozorlarini tartibga soluvchi qoidalar yangilanib, elektr
energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash sohalariga xususiy investitsiyalar
jalb qilinadi. 2028-yilgacha elektr iste’molchilarining 15 foiziga xususiy
operatorlar boshqaruvidagi taqsimlash tarmoqlari orqali xizmat ko‘rsatish
rejalashtirilgan.
Fermer xo‘jaliklari barqarorligi. Dehqon va chorvadorlarni
qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va keskin ob-havo hodisalaridan himoya
qilish maqsadida qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi kengaytiriladi. 2028-yilga kelib fermer va chorvadorlarning 35 foizi sug‘urta bilan
qamrab olinadi.
Savdoni soddalashtirish. Tashqi savdo uchun “yagona
darcha” tizimi mustahkamlanadi, chegara va savdo tartib-taomillari
raqamlashtiriladi. Mazkur choralar O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga
integratsiyalashuvi va Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish
jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Ekologik toza va energiya tejamkor rivojlanish. Binolarning energiya samaradorligi standartlari yangilanadi
va korxonalarga ekologik toza texnologiyalarga sarmoya kiritish uchun
rag‘batlar beriladi. 2028-yilga borib energiya samaradorligini oshirishga 10
mln dollar xususiy investitsiya jalb qilish hamda taqsimlangan qayta
tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 3000 MVtgacha yetkazish ko‘zda
tutilgan.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
27 11 2026 / 9:50